Mutolaa: So‘nggi chora (hajviya)
Ilhom Zoyir
Hoshim aka bu safar darvoza zulfinini qattiqroq shaqirlatgan edi, ichkaridan ayol kishining “Huv-v, hozir” degan ovozi eshitildi.
- Kelin, Qulsoatni buyoqqa chaqiring!
- Voy, uyda yo‘q edilar-a… - Qulsoat ovoz egasini tanib, xotiniga “o‘zing bir nima deb jo‘natib yubor” ma’nosida im qoqib, ichkari uyga kirib ketdi.
Malika biroz kalovlandi va yana gapini takrorladi. - Birpas bo‘luvdi, qayoqqadir chiqib ketdilar…
Hoshim akaning zardasi qaynadi.
- Hozirgina u bilan ketma-ket keldim-ku! Uyalmasdan “Erim uyda yo‘q” deysiz-a, kelin! Chaqiring buyoqqa!
- Yo‘q odamni yo‘q deyman-da! Ishonmasangiz, ana uyga kirib qarab ko‘ring…
- Yana qochiribmiz-da, - dedi Hoshim aka ostona hatlab ichkarilarkan. So‘ng Malikaga zardasini to‘kdi. - Bu nechanchi bor kelishim?
- Sanaganim yo‘q, - dedi Malika pinagini buzmay.
- Sanog‘iyam yo‘q-da! Qachon kelsam, uyda yo‘q. Sizlarga qarz berib muttaham bo‘ldimmi? Ikki yildan beri rangimni sarg‘aytirdinglar-ku! “Tijorat qilamiz, qarz berib turing, foizi bilan qaytaramiz”, demaganmidinglar? Menga foizlaring kerak emas, o‘zimnikini beringlar, men roziman, kelin!..
- Beradilar, Hoshim tog‘a, qochib ketayotganlari yo‘q-ku. O‘zlari ham har kuni “Hoshim tog‘adan uyat bo‘ldi-da”, deya istihola qiladilar. Shu qarzlarni uzaman deb, kallai sahar ketib, yarim kechasi kirib keladilar.
- Qarz berganlarning ko‘ziga ko‘rinmay, deydi-da.
- Nega unaqa deysiz?
- Hay, bo‘ldi. Endi gap bunday… Men bitta odam olib kelganman. - Hoshim aka darvozadan tashqarida qo‘l qovushtirib turgan qoramag‘iz kishiga im qoqdi. - Bektursun aka, kiring buyoqqa!
Bektursun deganlari lo‘killab kirib keldi va Malikaning salomiga bosh qimirlatib, ovozsiz alik oldi. Hoshim aka esa maqsadga ko‘chdi.
- Bektursun aka - mitonchalik. Kenja qizlarini yaqinda kuyovga berganlar. Shu qizning “ko‘rdi”siga bitta javon qidirib yurgan ekanlar…
Malika “yalt” etib mehmonga qaragan edi, mehmon boshini sal egib:
- Shundoq, yanga, - dedi.
- Bizani hovli magazinmi? - dedi Malika o‘zidan katta kishi uni “yanga” deganiga g‘ashi kelib. So‘ng etagiga yopishib olgan o‘g‘ilchasini bir siltab tashladi. - Ko‘p g‘inshima, tek tur!
Vaziyat borgan sari noziklashib borardi.
- Kelin, - dedi Hoshim aka istihola bilan, - meniyam oldimda to‘y-ma’rakam bor. Sizlar esa qarzni qaytarmayapsizlar…
- Nima qil deysiz?!
- Uylaringdagi javonni ana shu akamga sotamiz. Siz qo‘rqmang, bu ishimiz Qulsoatga ham ma’qul tushadi. O‘zim unga tushuntirib qo‘yaman, haymi… Ichida biror narsasi bo‘lsa, bo‘shatib oling.
Qarzini so‘rab keluvchilarning har kungi tashrifidan bezor bo‘lgan Malika uchun endi baribir edi.
- Latta-puttadan boshqa nima ham bo‘lardi! - dedi qo‘l siltab.
- Unda, javonning kalitini bering-chi!
- Kalitini ukangiz olib ketganlar.
- Ey, qayerga olib ketadi?
- Men qayerdan bilay, hamma kalitlar u kishining cho‘ntagida yuradi.
- Bo‘ldi, bo‘ldi, nervnichit qilmang! Unda, akam hozir javonni olib ketaversinlar. Dav-daska qilib, katta moshina olib kelganlar, axir. Yana ovora bo‘lib yurmasinlar. Erta-pertaga javonning ichidagi lash-lushlaringizni olib kelib beradi.
- Men bir nima deyapmanmi? Olib ketsalar, olib ketaversinlar! Ichidagi narsalarni ham o‘sha kishiga baxshida qildik!
- Piching qilmang, kelin! Men bo‘ladigan gapni gapiryapman.
- Men ham to‘g‘risini aytyapman… Ana, kiringlar, javon kerak bo‘lsa, olib ketaveringlar, qarshiligim yo‘q…
Hoshim aka, Bektursun aka va yana ikki kishi javonni uydan hovliga olib chiqib, savdosini Malikaning ko‘z o‘ngida pishitishdi.
- Kelin, qarzlaringning yarmidan qutuldinglar, - dedi Hoshim aka xaridor bergan pulni cho‘ntagiga solarkan. - Qulsoat ham bu ishimizni ma’qullaydi, ana ko‘rasiz…
Javonni ko‘plashib mashinaga ortishdi. Bektursun aka bukchaygan gavdasini tiklab, belini silagan bo‘ldi.
- Asl yog‘ochdan yasalganmi deyman, - dedi u Hoshim akaga qarab. - Og‘irligini qarang…
- Men sizga yomon molni olib beramanmi, Bektursun aka. Bu javon hali nabirayu chevaralaringizga xizmat qiladi.
Mashina o‘rnidan qo‘zg‘alarkan, Hoshim aka qilgan ishidan mamnun qiyofada Malikaga tayinlagan bo‘ldi:
- Qulsoatga ayting, kelin, qarzning qolganini ham tezlashtirsin!
Bu gap molidan ajralgan Malikaga ko‘plik qilgan edi.
- Hoshim tog‘a! Endi qarzning qolganini javonni sotib olgan jo‘rayizdan olasiz, xaymi!..
- Nimaga u kishidan olarkanman endi?
- Negaki, javon, javonning ichiga yashirinib olgan Qulsoat akam ham sotilib ketdilar. Bizlar esa tamoman qarzlardan qutildik. Hi-hi-hi…
Darvoza taraqlab yopildi. Hoshim akaning esa tomog‘iga bir nima tiqilgandek yo‘tala boshladi.