Myanma harbiy ma’muriyati 19 ta davlat elchixonalaridan 100 nafar diplomatni chaqirib oldi
Myanmaning BMTdagi vakili Jo Mo Tun Nyu-York bosh qarorgohi minbaridan yangi davlat hukumati bilan aloqani uzishini aytdi va barcha xalqlar hamda dunyo rahbarlarini Myanmada hukumatni harbiy tarzda egallab olinishiga qarshi chiqishga da’vat etdi. Bunga javoban Myanma harbiy hukumati 19 ta davlatdagi mamlakat elchixonalaridan 100 nafar diplomatni chaqirib oldi, deya xabar berdi «Iravadi» yangiliklar portali.
Hujjatga muvofiq, Myanma AQSh, Buyuk Britaniya, Avstriya, Italiya, Braziliya, Fransiya, Norvegiya, Belgiya, Serbiya, Xitoy, Yaponiya, Hindiston, Singapur, Tailand, Gonkong, Indoneziya, Kamboja, Janubiy Koreya va Filippindagi maslahatchi-elchilari va elchixona kotiblarini chaqirib olmoqda.
Shu bilan birga, hozirda Myanmaning Neypidagi Tashqi ishlar vazirligida ishlayotgan 50 nafarga yaqin diplomatlari chaqirib olingan hamkasblari o‘rniga mamlakatlarga yuboriladi, deyiladi xabarda.
Myanmaning BMTdagi elchisi Jo Mo Tun davlatga xiyonat qilganlikda ayblanib, allaqachon harbiylar tomonidan o‘z lavozimidan ozod qilingan. Diplomatlarning katta miqdorda chaqirilishi Jo Mo Tungning BMTdagi nutqidan so‘ng, chet elda ishlayotgan ko‘plab Myanma diplomatlari mamlakatda bir oydan beri bo‘lib o‘tayotgan fuqarolik bo‘ysunmaslik kampaniyasiga qo‘shilishga moyilligi va yangi hukumatga ishlashni to‘xtatganligi bilan bog‘liq, deb yozadi portal.