Nakazava Keyichiro: "Yaponiya va Samarqandni bog‘lovchi charter reyslar yo‘lga qo‘yilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi"
Bugun Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi vitse-prezidenti Nakazava Keyichiro boshchiligidagi delegatsiya Samarqandga keldi.
Samarqand temir yo‘l vokzalida mehmonlarni viloyat hokimining o‘rinbosari O.Mirzabekov kutib oldi.
Dastlab mehmonlar Samarqand xalqaro aeroporti faoliyati bilan tanishdi va delegatsiya a’zolari ishtirokida tashkil etilgan davra suhbatida turizm aloqalarini rivojlantirish borasida fikr almashildi.
- Samarqand tarixiy shahar, uning betakror majmua va obidalari, tarixiy maskanlari hech kimni be’tibor qoldirmaydi, - dedi Nakazava Keyichiro. - Yaponiyada Samarqandni ko‘rish istagida bo‘lganlar ko‘p. Hamkorlikda Samarqand va Yaponiyani bog‘lovchi charter reyslar tashkil qilinsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Shundan so‘ng yaponiyalik mehmonlar Xo‘ja Doniyor maqbara-majmuasi, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasida bo‘ldi. "Afrosiyob" muzeyidagi noyob tarixiy ashyolar delegatsiya a’zolarida katta taassurot qoldirdi.
Tashrif davomida mehmonlarning Samarqand shahridagi Amir Temur maqbarasi, "Registon" ansambli, Bibixonim majmuasi va boshqa diqqatga sazovor joylarni tomosha qilishi rejalashtirilgan.