Namoyishchilar Trampdan Gonkongni Pekin nazoratidan xalos etishini so‘ramoqda
Gonkongdagi norozilik namoyishi ishtirokchilari shaharni qutqarishni iltimos qilib, AQSh Prezidenti Donald Trampga murojaat bilan chiqdi. Bu haqida Reuters xabar bermoqda.
Namoyishchilar “Ozodlik uchun kurashing, Gonkongni qo‘llang”, “Pekinga qarshilik ko‘rsating, Gonkongni ozod qiling” kabi iddao bilan chiqishgan.
“AQSh Xitoy bilan iqtisodiy urush olib borayotgan bir vaqtda Xitoy tarafdori bo‘lgan guruhlar Gonkongda inson huquqlarini buzmoqda, ya’ni kuch ishlatar tizimlar xodimlarining bizga shafqatsizlik qilishi uchun sharoit yaratmoqda”, - deb intervyu beradi namoyishchilardan biri.
Eslatib o‘tamiz, Gonkongdagi norozilik namoyishlari ikki oy ilgari boshlangandi. Namoyishlar hudud ma’muriyati tomonidan ekstraditsiya tug‘risidagi qonunga o‘zgartirish kiritish loyihasi rejalashtirilgandan so‘ng yuzaga keldi. Mazkur qonun jinoyatda gumon qilinayotgan shaxslarni Xitoyga topshirishni nazarda tutadi. Namoyishchilarning bosimi ostida Gonkong hukumati rejani amalga oshirishni bekor qildi. Shunga qaramasdan, namoyishlar to‘xtamadi. Namoyishchilar huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlarining haddan tashqari qo‘pol munosabatda bo‘lishlari ustidan mustaqil tergov qilinishi va Gonkong ma’muriyati boshlig‘i Kerri Lamning iste’foga chiqarilishini talab qilishmoqda.