Narpayda ichkilik oqibatida 34 yoshli ayolning hayotiga zomin bo‘lgan shaxs ushlandi
Joriy yilning 27 noyabr kuni soat 22:00 da Narpay tumani Ko‘k-ota MFY, O‘lmas qishlog‘ida yashovchi fuqaro 33 yoshli Jahonbek D. 7 nafar tanishlari bilan birgalikda Ravot olchin MFYda joylashgan umumiy ovqatlanish joyida o‘tirib, spirtli ichimlik iste’mol qilgan va tanishi, 34 yoshli Gulmira T. bilan o‘rtalarida kelib chiqqan kelishmovchilik oqibatida uni shu atrofdagi bog‘ning ichiga olib borib, tanasining turli qismlariga qo‘li va oyoqlari bilan urib, tepib tan jarohati yetkazgan.
Shundan so‘ng Jahonbek D. tanishi Gulmira T.ga tibbiy yordam ko‘rsatish va uning hayotini saqlab qolish maqsadida “tez yordam” xizmatiga murojaat qilgan. Biroq Gulmira T. olgan tan jarohatlari oqibatida hodisa joyida vafot etgan.
Hodisa joyini ko‘zdan kechirish davomida marhuma Gulmira T.ning egnidagi kiyimlari ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Mazkur holat yuzasidan Narpay tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan fuqaro Jahongir D.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish maqsadida odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyat ishi bo‘yicha Jahongir D. gumon qilinuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinib, protsessual tartibda ushlangan.
IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.