Narpaylik 30 yoshli yigit sovuqdan halok bo‘lgan

Illyustrativ foto

Joriy yilning 6 dekabr kuni bedarak yo‘qolgani uchun qidiruvga berilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Xo‘jayli tumani Sarishingul ovul fuqarolar yig‘ini hududida yashagan, 1991 yilda tug‘ilgan N.R.ning tashqi ko‘rinishidan jarohatsiz jasadi Kulab ovul fuqarolar yig‘ini hududidan topilgan, deya xabar berdi «Postda.uz».

O‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, u «tananing umumiy sovqotishi»dan halok bo‘lganligi aniqlangan.

Xuddi shunday holat Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida ham yuz berdi. Shu yil 17 dekabrdagi ma’lumotga ko‘ra, Farovon Yo‘ldoshobod mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan «Agrosanoat» MChJga tegishli dala maydonidan Osiyo millatiga mansub, 30-35 yoshlardagi noma’lum erkak kishining tashqi ko‘rinishidan jarohatsiz jasadi topilgan. O‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, u «tananing umumiy sovqotishi»dan o‘lganligi aniqlangan.

Ko‘rilgan choralar natijasida jasadning shaxsi aniqlangan. U Narpay tumanida yashagan, 1990 yilda tug‘ilgan N.V. ekanligi ma’lum bo‘lgan.

Ayni paytda har ikki holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.