NASA ertaga Yerga kelayotgan asteroidga qarshi kosmik apparat uchiradi
Yer va Mars sayyoralari orbitasida turli-tuman hajmdagi asteroidlar kosmik tezlikda harakat qiladi. Gohida asteroidlar o‘z orbitasidan chiqib, boshqa osmon jismlari bilan, jumladan, Oy, Yer, Mars bilan to‘qnashadi yoki ularning yonidan o‘tib ketadi. Sayyoramiz ko‘plab bunday to‘qnashuvlarga uchragan. Bunday to‘qnashuvlardan birida bundan million yillar oldin osmonga ko‘tarilgan chang va to‘zonlardan yerda o‘simliklar tanqisligi paydo bo‘lib, oqibatda barcha dinozavrlar qirilib ketganligi tarixdan ma’lum.
Ko‘pincha ijtimoiy tarmoqlarda Yerga juda katta asteroid yaqinlashmoqda, degan xabarlarni o‘qiymiz. Asteroidlarning sayyoramizga xavf to‘g‘dirayotgani jahon olimlarini tashvishlantirib keladi. O‘z navbatida, olimlar ham bu muammo ustida bosh qotirishmoqda.
Jumladan, Aeronavtika va kosmik fazoni tadqiq qilish milliy boshqarmasi (NASA) 2017 yildan boshlab kosmosdan Yerimiz tomon uchib kelayotgan asteroidlarni u tomon uchirilgan kosmik raketa bilan to‘qnashtirib, uning trayektoriyasini o‘zgartib yuborish masalasini o‘rganib kelayotgan edi. Bu masalada NASA 2019 yil SpaceX bilan shu masala bo‘yicha eksperiment o‘tkazishga kelishib oldi.
Bugun internetda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, ertaga, 22 noyabrda, Tinch okean vaqti bilan soat 22:20 da NASA kosmosga “DART” kosmik apparatini uchirishni mo‘ljallagan va bu apparat o‘z orbitasida uchib kelayotgan asteroid bilan 2022 yilda to‘qnashadi. Olmlar bu urinishni asteroidning harakatini o‘zgartishda samara berishiga ishontirmoqda.
“DART” dvigateli atroflicha sinovdan o‘tkazilib, kosmik apparat to‘qnashadigan ob’yekt ham tanlangan. Bu ob’yekt “Didymos B”, “Didymos A” deb nomlanuvchi bir-birining atrofida aylanib turadigan qo‘shaloq asteroid bo‘lib, birining o‘lchami 160 metr, ikkinchisiniki 780 metr. Bu asteroid Yerga xavf to‘g‘dirmasdan 2022 va 2024 yillarda Yerimizga yaqinlashib o‘tar ekan.
NASA olimlari keyingi 100 yil ichida Yerimizga katta xavf to‘g‘dirishi mumkin bo‘lgan 23 ta ob’yektni o‘rganib chiqishgan va o‘tkazilayotgan eksperiment sayyoramiz uchun bo‘lajak xavflarni bartaraf etishga qaratilgan.
Ortiq PARDAYeV,
SamDU professori.