Navoiy viloyati sudlari tomonidan 61 nafar mahkum qamoqdan ozod etildi
Kechirimlilik – yuksak fazilat. Inson zoti shunday yaralgan – ba’zan shaytonning qutqusiga uchadi, ba’zan to‘g‘ri yo‘ldan toyadi. Beayb – faqat parvardigor. Insonki, adashibdi, yo‘lini boshqa tomonga buribdi, ammo bir kun kelib uning xato ekanligini anglabdimi, uni kechirish, to‘g‘ri yo‘lga qaytishiga ko‘mak berish insonga xos bo‘lmog‘i lozim.
Shu bois adashib jinoyat yo‘liga kirgan va sodir etgan qilmishidan chin dildan pushaymon bo‘lgan insonlarga yana bir bor imkon berish, ularni to‘g‘ri yo‘lga, oilasi bag‘riga qaytarish davlatimiz oldida turgan muhim masalalardan biriga aylandi. Zero, adashganlar ham shu mamlakat fuqarolaridir.
Mustaqillik bayramini nishonlash arafasida xalqimizga xos mehr-oqibat, ezgulik, xayr-saxovat kabi olijanob fazilatlarning yorqin ifodasi sifatida jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyati sudlari tomonidan jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin dildan pushaymon bo‘lgan va qatiy tuzalish yo‘liga o‘tgan mahkumlarga nisbatan insonparvarlik prinsipiga asosan jazolarni ijro etish idoralari tomonidan jami 321 nafar shaxsga nisbatan kiritilgan taqdimnomalar sudda ko‘rilib, qanoatlantirilgan.
Jumladan, 91 nafar mahkumga nisbatan tayinlangan jazolar yengilrog‘iga almashtirilgan.
Ko‘rilgan ishlar bo‘yicha mahkum ozodlikdan mahrum qilish jazo turi uchun o‘rnatilgan tartib-qoida talablarini bajargan va mehnatga halol munosabatda bo‘lgan 61 nafar mahkum qamoqdan ozod etilib, oilasi bag‘riga qaytarilgan.
Shuningdek, ijobiy tavsifga ega hamda sud tayinlagan ozodlikdan mahrum qilish jazosini belgilangan qismini o‘tagan
169 nafar mahkumlar yengillashtirilgan saqlash sharoitiga o‘tkazilgan.
Uchqun SAMANDAROV,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyati sudi katta mutaxassisi.