Nega bu yil grippga chalinganlar ko‘p?

– Ko‘cha-ko‘yda, jamoat transporti hamda idoralarda og‘iz-burniga niqob taqqan kishilarni tez-tez uchratadigan bo‘lib qoldik. Bu aholi o‘rtasida "gripp"ning tez tarqalayotganidan darak bermaydimi? Nima uchun ob-havo unchalik sovuq bo‘lmasa-da, grippga chalinganlar soni ko‘p?

Salom Hakimov,

Samarqand shahri.

– Darhaqiqat, qishning turlicha, goh issiq, goh sovuq kelishi tufayli gripp, ya’ni o‘tkir respirator virusi infeksiyasi (O‘RVI) kasalligiga chalingan bemorlar soni o‘tgan yilga qaraganda biroz ko‘proq. Shuning uchun shamollagan bemorlar tibbiyot muassasalariga tez-tez murojaat qilishmoqda.

Shifoxonamizda o‘tgan yili davomida 1200 nafarga yaqin bemor davolangan bo‘lsa, joriy yil yanvar oyining shu davrigacha qariyb 25-30 nafarga yetdi. Bizda O‘RVI bilan og‘riganlar uchun 30 ta o‘rin ajratilgan.

Gripp – o‘tkir va tez yuqadigan kasallik bo‘lib, uni juda mayda, ko‘zga ko‘rinmaydigan viruslar keltirib chiqaradi. Ularning A, V, S turlari bilan og‘rigan bemorlar atrofdagi sog‘lom kishilar uchun ham xavf tug‘diradi. Xastalik havo-tomchi yo‘li bilan o‘tadi. Bemor yo‘talganda, aksirganda, gaplashganda so‘lak tomchilari havoda uch soat saqlanib turadi va bu havodan nafas olgan kishilarga ham yuqishi mumkin. Viruslar qonga tushib, butun organizmni zaharlaydi.

O‘RVI bilan 60 yoshdan oshganlar, immuniteti past bo‘lgan shaxs­lar hamda yosh bolalar juda tez xastalanadi. O‘z vaqtida shifokorga murojaat qilinmasa, kasallik og‘ir asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Gripp epidemiyasi avj olgan paytlarda ta’lim-tarbiya muassasalarida murabbiy va tarbiyalanuvchilar, o‘qituvchi va o‘quvchilar doka niqob taqib olishlari shart. Ushbu kasallik bilan xastalangan xodimlarning o‘quv va tarbiya muassasalarida ishlashlari vaqtincha taqiqlanadi.

Lola TURSUNQULOVA,

viloyat yuqumli kasalliklar

klinik shifoxonasi shifokori.