Nega shifokorlar oq xalat kiyadi?

Aslida harbiylar kiyimi ham, tibbiyot xodimlarining oq xalati ham soha xodimlarining ko‘zimiz uchun tanish bo‘lib qolgan ish kiyimlaridir. Shifokorlar,  hamshiralar va hatto sanitarlar – klinika yoki shifoxonaning barcha xodimlari ko‘pincha oq kiyimda bo‘lishadi. Lekin har doim ham shunday bo‘lgan emas.

 Xo‘sh, nima uchun butun dunyo bo‘ylab tibbiyot xodimlarining 75 foizi oq xalat kiyadi?

Dastlab oq xalatlar haqida XIX asrning ikkinchi yarmida gapirila boshlandi. Bundan oldin shifokorlarning standart formasi agar bu jiddiy jarrohlik amaliyoti bo‘lsa, bor-yo‘g‘i fartuk va qo‘lqopdan iborat edi. Qadim zamonlarda shifokorlar maxsus kiyimsiz ham bir ko‘rishda o‘z davrining qahramonlari sifatida tanilgan.

Birinchi bo‘lib oq xalatlardan foydalanish zarurligi haqida inglizlar gapirishdi. Ingliz shifokori Jozef Lister oq xalatning antiseptik xususiyatlari haqida butun bir nazariyani ishlab chiqdi va bu mavzu bo‘yicha ilmiy tortishuvlarni boshladi. Biroz vaqt o‘tgach, bu ilmiy tortishuvlarga hayotning o‘zi “aralashib”, o‘tgan asrning boshlarida, ya’ni 1918 yilda millionga yaqin odamning hayotida zomin bo‘lgan ispan grippi epidemiyasi davrida oq xalatlar ommaviy ravishda joriy etila boshlandi.

Bundan tashqari, o‘tgan asrda oq xalatlar orqali jarrohlar bajargan operatsiyasida kiyimidagi qonning bor-yo‘qligiga qarab ularning professionalligi baholangan. Bizning davrimizda oq xalat hayotning barcha sohalarida poklik va mikroblardan xolilikni talab qiladigan kuchli pozitsiyani egallaydi.

Yaqinda shifokorlar kiyimi haqidagi bahslar qaytadan boshlanib, Angliyada oq xalatlardan voz kechishga qaror qilindi. Biroq bemorlarning xalatsiz shifokorlarga ehtiyotkorlik, ishonchsizlik va hatto qo‘rquv bilan bo‘lgan munosabati tufayli bu tajriba muvaffaqiyatsizlikka uchradi.

Lekin nima uchun xalatlarning rangi qaymoqrang, limonrang yoki och ko‘k rangda emas, aynan oq rangda bo‘lishi kerak? Bu savolga ranglar fani - kolorimetriya ozmi-ko‘pmi tushunarliroq javob beradi. Masalan, u yoki bu rangni ko‘rganingizda kayfiyatingiz o‘zgarishi va bu ranglar sizda har xil his-tuyg‘ularni uyg‘otishini payqagan bo‘lsangiz kerak.

Kolorimetriyaga ko‘ra, oq rang odamga biror ishga bor kuchini sarflab  ishlashiga,  ochiqlikka, to‘liq fikrlashga, birlikka, pokizalik va halollikka moyillik tug‘diradi. Ya’ni, oq xalat kiygan odamlar bemorlarga foydali ta’sir ko‘rsata oladi, ularning alohida ishonchiga sazovor bo‘ladi.

Bundan tashqari, Buyuk Britaniya olimlari oq xalat tibbiyot xodimlarining o‘z ishiga konsentratsiyasi (e’tibori)ni oshirishini isbotlashdi. Shuningdek, oq xalat kiyib u kamroq xato qiladi, bu shifokor faoliyatida juda muhimdir.

Shunday qilib, rasmiy qabul qilingan uniforma shifokorga o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashishiga, bajarayotgan ishiga diqqatini yaxshiroq qaratishiga, kamroq xatolarga yo‘l qo‘yishiga yordam berar ekan – bu esa inson hayotini saqlab qolish demakdir.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.