Nevarangizga qachon kitob olib bergansiz?

Oftob tig‘ida yerga ketmon urayotgan o‘g‘liga achinib, undan salqin tushguncha ishini to‘xtatishni  so‘ragan ota gapiga quloq solmay, ishni davom ettirgan o‘g‘liga saboq bo‘lishi uchun, uyga kirib ikki yoshli nevarasini ko‘tarib chiqibdi.

- Bu nima qilganingiz? – o‘g‘il ketmonni tashlab otasi yoniga yuguribdi. – Bolani oftob uradiku.

- Seni oftob urmaydimi? Har qanday ota bolasi uchun qayg‘urishini tushungandirsan, - degan ekan ota.

Farzandi taqdirini o‘ylagan keksalar, albatta, nevaralari qanday voyaga yetishiga jiddiy  e’tibor berishlari kerak. Nega? Chunki nevaralar ulg‘aygach, ularning zimmasiga  ota-onaga g‘amxo‘rlik qilish vazifasi tushadi. Maktabdan kelgan nevara bilan shug‘ullanish yoshi ulug‘larimizning asosiy vazifasi bo‘lsa, ular bosh bo‘lgan oilaning va hech ikkilanmay aytish mumkinki, xalqning, yurtning kelajagi farovon bo‘ladi.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatganki, kishi bilishi mumkin bo‘lgan narsaning faqat 5 foizini o‘rganish, qolgan 95 foizini o‘qish orqali olarkan. Afsuski, mutolaaning bunday katta kuchga ega ekanini bizda ko‘pchilik anglab yetmaydi. Kitobga bog‘lanib qolish ko‘nikmasi qancha erta shakllansa, samarasi ham shuncha tez ko‘zga tashlanadi. Shuning uchun bolalarni bog‘cha yoshidan kitobga qiziqtirish vazifasi qo‘yilgan. Ularni maktabgacha ta’lim muassasalariga to‘liq qamrab olish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani shundan.

Farzandi taqdirini o‘ylagan keksalarimizning nevaralariga e’tibor qaratishi lozimligi sababi shundaki, yillar o‘tgach, ular nevaraga suyanishadi. Agar u yoshligida yaxshi bilim olgan va o‘ziga ma’qul hunarni egallagan bo‘lsa, bu vazifani bajarish qiyin bo‘lmaydi, aks holda muammo girdobiga tushishi aniq. Har qanday mushkulotning yechimi bilimda.

Bilim olish uchun esa bolada kitobga mehr uyg‘otish talab etiladi. Bu ishni bobo va momolar o‘z zimmasiga olishlari va bu xayrli ishni har kuni takrorlash lozim bo‘ladi. Bola maktabdan qaytib, kiyimini almashtirib, ovqatlanib olganidan so‘ng, bobo yoki momo uni yoniga o‘tqazib, bugun o‘qituvchisi unga nimani o‘rgatgani haqida so‘rashi kerak. Bola qanday javob qaytarmasin, uni ruhan rag‘batlantirish, u endi ulg‘ayib qolgani, darsni yaxshi o‘zlashtirsa, aqlli bola bo‘lishi haqida doimiy takrorlashni kanda qilmasligi kerak.

O‘qituvchi o‘tgan darsni bola bilan, iloji boricha, tushuntirib berishni bolaning o‘ziga qo‘yib berib, go‘yo uning o‘zi tushuntirayotgandek tasavvur uyg‘otib, u bilan kamida yarim soat shug‘ullanish bolani komil inson bo‘lib yetishishi yo‘lida qo‘yilgan boshlang‘ich qadamdir. Har kuni takrorlanadigan bu mashg‘ulot bolaning qiynab qo‘ymasligi uchun, uni albatta yoshiga mos  ertak o‘qib berish bilan yakunlash lozim. Bola bilan har kuni o‘tkaziladigan bu xayrli ish unga o‘qituvchisi o‘tadigan darslarni diqqat bilan o‘zlashtirish ko‘nikmasini shakllantiradi. Chunki maktabdan kelganda undan darsda nimani o‘rganganini so‘raydigan kishi kutayotganini biladi.

Bolani kitobga jalb qilishning yaxshi usulidan biri kutubxona. Otaxonu onaxonlar maktabda o‘qiydigan nevaralarini haftada bir bor mazkur bilim maskaniga olib borishni odat qilsalar, kelgusida nevarada kutubxonaga borish ko‘nikmasi paydo bo‘ladi va bu ezgu amal bir umr uni tark etmaydi. Bu yerda xohlagan kitobni topish mumkin va undan foydalanish uchun mablag‘ talab etilmaydi.

Bolaning kitob do‘koniga borishi ham uning mutolaaga bo‘lgan qiziqishi oshishiga sabab bo‘ladi. Hech bo‘lmaganda, oyida bir bor bolani kitob do‘koniga olib borib, unga yoshiga mos kitobni tanlashga imkoniyat yaratib berilsa, besh yil o‘tib, u oltmishta kitob terilgan javon sohibiga aylanadi.

Boshlang‘ich sinfda o‘qiydigan ayrim bolalarning ota-onalari bilan farzandlari uchun darsda berilgan uy vazifasini bajarishga yaratib  bergan yoki yaratib berishlari zarur bo‘lgan  sharoitlar haqida suhbatlashsangiz, ulardan bu borada maqtovga arzigulik gap eshitmaysiz. Chunki aksariyat oilada uy bir necha xonadan iborat bo‘lsa-da, bola uchun alohida xona ajratib berilmagan.

Har bir ota-ona bolam uchun yashayapman, topganim bolalarimniki, deydi. Amalda esa ayrimlar aytganining teskarisini qilishmoqda. U bugun yaxshi ovqatlanishi, yaxshi kiyinishi, yaxshi ta’lim olishi lozim. Ta’lim faqat uning maktabga borib-kelishi bilan tugamaydi, u darsdan so‘ng to‘garaklarga qatnashi, qo‘shimcha saboq olishi talab etiladi. Lekin aksariyat ota-ona farzand tug‘ilishi bilan darhol uning yaxshi o‘sishi uchun pul sarflashni emas, ertasi uchun pul jamg‘arishni o‘ylaydi. To‘y tashvishi bilan yashay boshlaydi. Xayol osmonining bir chekkasida erta bir kun xalqning oldidan o‘tish kerak degan fikr cho‘g‘i shu’la sochib turadi. Xalqning oldidan o‘tish esa, ko‘pincha o‘zini, bolalarini yeyishdan-kiyishdan tejash hisobidan amalga oshadi.

Xurshid Nurullayev,

«Nuroniy» jamg‘armasi Samarqand shahar bo‘limi raisi.