Nigeriyada politsiya va harbiylar o‘g‘irlangan maktab o‘quvchilarini qidirmoqda

Nigeriya harbiylari bir necha kundan buyon o‘rta maktabga qilingan qurolli hujumdan keyin bedarak yo‘qolgan 400 nafarga yaqin o‘quvchini qidirmoqda. Hodisa juma kuni mamlakat shimolidagi Katsina shtatidagi Kankara shahrida sodir bo‘ldi.

Ma’lum bo‘lishicha, mototsikllarda bir guruh bosqinchi o‘q uzib, maktab binosiga bostirib kirishgan. Politsiya bo‘linmalari jinoyatchilarni ta’qib qilgan. Natijada 200 o‘quvchini qutqarishga muvaffaq bo‘lishgan. Ba’zi o‘quvchilar qochib qutulishgan. Bolalarni qutqarish operatsiyasiga harbiy kuchlar ham qo‘shildi.

Voyaga yetmaganlarni Nigeriyaning shimoli-g‘arbiy qismida faoliyat olib boruvchi to‘dalar pul evaziga o‘g‘irlab ketgan, deb taxmin qilinmoqda. Hukumat o‘quvchilarni tezroq ozod qilish uchun barcha choralarni ishga solishga va’da bermoqda.

2014 yil aprel oyida "Boko Haram" radikal islomiy guruhi a’zolari Borno shtati shimoli-sharqidagi Chibok shahridagi maktab yotoqxonasidan 276 nafar qizni o‘g‘irlab ketishdi. 100 ga yaqin qiz hali ham bedarak yo‘qolgan hisoblanadi.