Nima uchun bozorda narxlar hamon o‘sishda davom etmoqda?
Bu faqat tabiiy iqtisodiy omillar bilan bog‘liqmi yoki buning sun’iy sabablari ham bormi? Toshkent davlat yuridik universiteti «Biznes huquqi» kafedrasi mudiri, Kobe universitetining (Yaponiya) huquq fakulteti doktoranti Husan Rajabov muammoga aniqlik kiritadi.
Bayramlar arafasida, muborak Ramazon oyida, shuningdek, pandemiya sharoitida mamlakatimizda tovarlar narxining ko‘tarilishi odatiy holga aylandi. Mutaxassislar narxlarning ko‘tarilishini turli xil iqtisodiy omillar, masalan, talabning oshishi, inflyasiya, ishlab chiqarish va importning qisqarishi va boshqalar bilan izohlashmoqda. Ammo narxlar ko‘tarilishining sababi har doim ham tabiiy iqtisodiy omillarga bog‘liq emas.
Ma’lumki, bozordagi raqobatchilar soni qancha ko‘p bo‘lsa, narx bo‘yicha raqobat shunchalik shiddatli bo‘ladi. Shuning uchun iste’molchi uchun raqobatning ijobiy natijasi — bu arzonroq narxlar. Amaliyotda, bozorda bir nechta raqobatchilarning mavjudligi doim ham arzonroq narxlarni anglatmaydi.
Raqobatlashishdan ko‘ra kelishish osonroq
Istisno bo‘lgan ozchilikdan tashqari, aksariyat tadbirkorlar uchun raqobat — bu noqulay jarayon. Raqobat muhitida o‘zining bozordagi mavqeini saqlab qolish va mustahkamlash uchun tadbirkor doimiy ravishda o‘z ustida ishlashga — tovar tannarxini pasaytirish yo‘llarini izlash, nou-xau va marketingni joriy etish va reklama qilishga majbur bo‘ladi. Qo‘pol qilib aytganda, tadbirkor uchun raqobat — bu ortiqcha xarajatlar, yo‘qotilgan foyda, bosh og‘rig‘i va mashaqqatli mehnat. Shuning uchun amaliyotda aksariyat tadbirkorlar raqobatdan ko‘ra hamkorlik (kelishib ishlash)ni afzal ko‘radi.
Har qanday tadbirkorning asosiy maqsadi daromadni ko‘paytirishdir va buning uchun esa u iloji boricha tovarini qimmatroq narxda sotishi kerak. Ammo tadbirkor uchun mahsulot narxini bir tomonlama ko‘tarish xavfli, chunki iste’molchi mahsulotni arzonroq narxda taklif etayotgan raqobatchilari tomoniga o‘tib ketishi va natijada tadbirkor o‘z mijozlarini yo‘qotishi mumkin.
Ammo buning ham yo‘li bor — narxni ko‘tarish masalasida raqobatchilar bilan kelishish mumkin. Chunki narxlarning ko‘tarilishi hamma uchun birdek manfaatlidir. Bundan tashqari, raqobatchilar bir vaqtning o‘zida narxni oshirishi natijasida mijozlarni yo‘qotish xavfi minimal darajada bo‘ladi. Chunki raqobatchilar o‘rtasidagi oldingi narx farqi saqlanib qolinadi. Shu bilan birga, narx oshishidan ular oladigan foyda endi ancha yuqori bo‘ladi. Demak, tadbirkorlar o‘zaro kelishib ishlaganda, ularning daromadlari raqobat muhitiga qaraganda yuqori va barqarorroq bo‘ladi.
Adabiyotda raqobatdan bosh tortib, raqobatchilar tomonidan narxlarni o‘zaro kelishgan holda belgilash, oshirish va muvofiqlashtirish bo‘yicha kelishuvlar kartel kelishuvi (til biriktirish) deb nomlanadi. Raqobatchilarning narxlarni belgilashdagi bunday hamkorligi ularga «yashirin» monopoliya kabi harakatlanish imkonini beradi. Chunki monopoliya istalgan vaqtda narxlarni ko‘tarishi hamda sun’iy tanqislikni keltirib chiqarish maqsadida ishlab chiqarish hajmini qisqartirishga qodir. Tashqaridan qaraganda, iste’molchi uchun bozorda bir nechta raqobatchi tadbirkorlar faoliyat ko‘rsatayotgandek va ular o‘rtasida raqobat mavjud bo‘lib ko‘rinadi. Ammo aslida bu shunchaki raqobat illyuziyasi bo‘lishi mumkin.
Kartellar raqobat sohasidagi xavfli huquqbuzarlik hisoblanadi, hatto monopoliyadan ham yomonroq. Chunki monopolist ochiq harakat qiladi, kartellar esa yashirincha.
Kartellar — bu bozor iqtisodiyotining ishlash prinsiplarini buzuvchi, bozordagi munofiqlik (ikkiyuzlamachilik), iste’molchilarga qarshi jinoyatdir. Bundan tashqari, kartellar davlat tomonidan monopoliyalarni kamaytirish va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar foydalaridan iste’molchilarni mahrum qilishi ham mumkin.
Misol uchun, yaqinda mamlakatimizda o‘simlik yog‘i narxini pasaytirish maqsadida o‘simlik yog‘i importida QQSning nol qiymatga tenglashtirilishi o‘simlik va paxta yog‘i narxini pasaytirmaganligining sabablaridan biri, kartel kelishuvi, ya’ni ishlab chiqaruvchilar tomonidan sun’iy ravishda narxlarni oshirgani tufayli bo‘lgani aniqlandi.
Shuningdek, avtomobil sanoati sohasida ham ishlab chiqaruvchilar narx bo‘yicha kartel kelishuvlarini sodir etish xavfi mavjudligi uchun, O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqaruvchilar sonining ko‘payishi avtomobil narxlarining pasayishiga olib keladi deb to‘liq ishonch bilan aytolmaymiz.
Bundan tashqari, yaqinda aviatashuv xizmati bozoriga xususiy aviakompaniyaning kirib kelishi natijasida ushbu sohaning monopoliyadan chiqarilishi iste’molchilar uchun kutilayotgan narxlarning pasayishiga olib kelmasligi mumkin. Chunki milliy va xususiy kompaniyalar o‘rtasida raqobatchi chetga surib, narxlarni kelishgan holda belgilash ehtimoli yo‘q emas.
Kartellarga qarshi qonunchilik va ularni amalga oshirish
Kartel kelishuvlari ko‘plab mamlakatlarda qonun bilan taqiqlangan, ba’zi mamlakatlarda buning uchun jinoiy javobgarlik ham mavjud. O‘zbekistonning «Raqobat to‘g‘risida"gi Qonuni (11-modda) xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning raqobatni cheklaydigan kelishilgan harakatlari va bitimlarini taqiqlaydi va bizda kartel kelishuvlarini tuzganlik uchun faqat ma’muriy javobgarlik belgilangan (MJtKning 178-moddasi).
Amaliy tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, kartellar mavjud bo‘lgan bozorlarda narxlar kartel bo‘lmagan bozorlarga qaraganda 10−15 foizga yuqoriroq bo‘ladi. Kartellar ko‘proq oligopolistik bozorlarda (2 dan 5 gacha raqobatchilar bo‘lgan bozorlarda) uchraydi. Chunki tadbirkorlar sonining kamligi kartellar tuzishni va ularni ushlab turishni osonlashtiradi.
Kartel kelishuvlari davlat xaridlari bo‘yicha tenderlarda ham keng tarqalgan bo‘lib, unda ishtirokchilar narxlarni oshirish bo‘yicha kelishishlari yoki g‘oliblar navbatini belgilashlari mumkin. Bu esa davlat byudjetiga «salmoqli» zarar yetkazadi. Tadqiqotlarga ko‘ra, tenderlardagi kartellar natijasida tender savdolari davlatga 20−30 foizga qimmatga tushadi.
Kartel kelishuvlarini fosh etish juda murakkab bo‘lib, uni isbotlash undan ham qiyin. Chunki kartellar yashirincha, aksar hollarda og‘zaki shaklda (telefon, yozishmalar orqali, yig‘ilishlarda va tadbirlarda) tuziladi. Kartellar odatda yozma bitim shaklida tuzilmaydi. Sababi, kartel fosh etilsa, bu ularga qarshi kuchli dalil bo‘lib hizmat qilishi mumkin. Shuning uchun amaliyotda kartel kelishuvlarini isbotlash juda qiyin.
Raqobat bo‘yicha qonunchilik monopoliyaga qarshi organidan raqobatchilar o‘rtasida tuzilgan kelishuv faktini tasdiqlovchi bevosita dalillarni taqdim etishni talab qiladi. Kartellarning og‘zaki va maxfiy tuzilishini hisobga olinsa, raqobatchilar o‘rtasidagi kelishuv mavjudligini isbotlash va bevosita dalillarni topish juda qiyin, ba’zida hatto imkonsiz hisoblanadi.
O‘zbekiston bozorlarida kartellar mavjudmi?
Mamlakat bozorlaridagi kartellar soni to‘g‘risida ma’lumot yo‘q. Ammo hech kim bizda kartellar yo‘qligini istisno eta olmaydi. Monopoliyaga qarshi qo‘mitaning statistik ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda kartel kelishuvlari deyarli fosh etilmagan. Taqqoslash uchun ko‘shni davlatlarda: Rossiyada 2019 yilda kartellar bo‘yicha 424 ta ish qo‘zg‘atilgan, ulardan 372 tasi tender savdolariga tegishli. Qozog‘istonda 2018 yilda — 56 ta kartel kelishuvlari bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan.
Kartel kelishuvlari hatto bozor iqtisodiyotida rivojlangan mamlakatlar uchun ham bosh og‘rig‘i hisoblanadi. Chunki bugungi kunda kartellarning yangi turi — raqamli qartellar (digital cartels) paydo bo‘lishni boshladi.
Nima uchun O‘zbekistonda kartellar fosh etilmayapti, muammo nimada?
Buning bir nechta sabablari bor:
- Monopoliyaga qarshi organning kelishuvni aniqlash va isbotlash uchun qo‘shimcha vakolatlarga ega emasligi. Xalqaro amaliyotda bevosita va bilvosita dalillarni aniqlash uchun monopoliyaga qarshi organlarga qo‘shimcha ravishda surishtiruv vakolatlari (IT-kriminalistika, kutilmagan tekshiruvlar, norasmiy kuzatuv, so‘roq va hokazo) berilgan bo‘lib, bu borada huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan yaqindan hamkorlik qilishadi. Biroq O‘zbekistonning monopoliyaga qarshi organlari bu kabi vakolatlarga hali ega emas.
- Kartel kelishuvlari uchun belgilangan ma’muriy jarima miqdori juda past: maksimal jarima miqdori bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 10 baravarini, ya’ni 2 million 450 ming so‘mni tashkil etadi. Tasavvur qiling, kartel kelishuvlari yordamida insofsiz tadbirkorlar noqonuniy ravishda millionlab va milliardlab daromad olishadi, fosh etilgan taqdirda esa jarimaning maksimal miqdori 2,5 millionga ham yetmaydi. Bundan tashqari, bizda kartel kelishuvlari uchun yuridik shaxslarning javobgarligi yo‘q, jarimalar faqat ularning mansabdor shaxslariga qo‘llaniladi. Ko‘pgina mamlakatlarda kartel kelishuvlari uchun yuridik shaxsning o‘zi ham javobgarlikka tortiladi va jarima miqdori kompaniyaning kartel davri uchun yillik pul aylanmasi (yoki foydasi)ning 5−10 foizini tashkil qiladi. Shuning uchun jarimalar yuz millionlab dollarni tashkil etgan keyslar juda ko‘p. Ba’zi mamlakatlarda esa, masalan, AQSh, Germaniya, Yaponiyada hatto jinoiy javobgarlik (ozodlikdan mahrum qilishgacha) ham ko‘zda tutilgan.
Shuni ta’kidlash lozimki, xalqaro amaliyotda kartellarni oshkor qilishning eng samarali mexanizmi — bu javobgarlikdan ozod qilish (jazoni yumshatish) dasturi (leniency program) hisoblanadi.
Mazkur dasturning ishlash mexanizmi juda oddiy: masalan, monopoliyaga qarshi organ narxlarning shubhali sinxron o‘sishini tekshirishni boshlaydi, keyin kartel ishtirokchilaridan biri, fosh etilishdan qo‘rqib monopoliyaga qarshi organga ixtiyoriy ravishda murojaat qilib, aybini tan oladi va kerakli dalillarni taqdim etadi.
Aybini tan olgani va kartelni oshkor qilishda hamkorlik qilgani uchun ushbu kartel a’zosi jazodan ozod qilinadi, qolgan ishtirokchilar esa to‘liq javobgarlikka tortiladi.
Mazkur dasturni O‘zbekistonda amalga oshirishning huquqiy asoslari 2012 yilda «Raqobat to‘g‘risida"gi Qonunda belgilangan edi (27-moddaning 3-qismi). Biroq amalda qo‘llanishining hali guvohi bo‘lganimizcha yo‘q. Monopoliyaga qarshi organning veb-saytida hatto «Kartel haqida xabar bering» nomli maxsus bo‘lim mavjud. Ammo hozirgacha kartel a’zolaridan birortasi o‘zaro narxni oshirganligi haqida xabar bermagan. Ushbu dasturning bizda ishlamayotganligining sababi — kartel ishtirokchilarining monopoliyaga qarshi organga murojaat qilishlari uchun rag‘batning (stimul) yetishmasligida.
Chunki kartel ishtirokchilari antimonopoliya organi kelishuv mavjudligini isbot qilishga kuchi yetmasligiga ishonadi va hatto fosh etilgan taqdirda ham jarima arzimagan miqdorni tashkil etadi.
Tahlil va yechimlar
Mamlakatdagi kartellarni aniqlash holatini yaxshilash uchun muammoning ikkita muqobil yechimini ko‘rib chiqishni taklif qilaman:
Yechim 1. Monopoliyaga qarshi organga kartel kelishuvini aniqlash va isbotlash uchun qo‘shimcha vakolatlar berish. Biroq hozirgi vaqtda ushbu taklifni amalga oshirish qiyin bo‘lishi va quyidagi to‘siqlarga duch kelishi mumkin:
a) monopoliyaga qarshi organ vakolatlarini kuchaytirish amaldagi tadbirkorlar uchun qulay sharoitlarni yaratish siyosatiga zid deb ko‘rilishi mumkin (aslida kartellar bilan kurashda faqat insofsiz tadbirkorlar mo‘ljalga olinsada);
b) monopoliyaga qarshi organ xodimlari tomonidan vakolatlarni suiiste’mol qilish xavotir mavjudligi (bu havotir istisno qilinmaydi va asosli);
s) kartel kelishuvlari biznes yuritishning keng tarqalgan vositasi sifatida qo‘llab kelgan biznes elitaning qarshiligi.
Yechim 2. Agar biz ushbu bosqichda monopoliyaga qarshi organ vakolatlarini kuchaytirish hali maqsadga muvofiq emas deb topilsa, unda isbot qilish yukini kartel kelishuvlarini tuzishda gumon qilinayotgan tadbirkorlarga yuklashni taklif qilaman.
Amaldagi qonunchilikka binoan, hozirda kartel kelishuvi faktini isbotlash va dalillarni yig‘ish yuki tegishli vakolatlarga ega bo‘lmagan monopoliyaga qarshi organga yuklatilgan. Taklifga ko‘ra, bozorda narxlarning sinxron o‘sishi kuzatilsa, endilikda monopoliyaga qarshi organ tadbirkorlar tomonidan shubhali narx oshishi kartel kelishuvi natijasi emasligini isbotlashini va narx oshishi uchun asosli individual iqtisodiy sabablarni ko‘rsatishini talab qilishi mumkin bo‘ladi. Agar monopoliyaga qarshi organ yoki sud tadbirkorlar tomonidan keltirilgan iqtisodiy sabablarni asossiz deb topsa, unda narxlarning oshishi kartel kelishuvi deb tan olinishi mumkin.
Albatta, agar narxlarning sinxron tarzda oshishi kartel natijasida yuzaga kelmasa, unda tadbirkor narx oshishini asoslashda qiynalishmaydi. Shu bilan birga, ta’kidlash kerakki, agar narxlarning sinxron oshishi – bu bozorning barcha ishtirokchilariga teng ta’sir ko‘rsatadigan va tadbirkorning xohish-irodasiga bog‘liq bo‘lmagan tashqi omillarning natijasi bo‘lsa (soliqlarning o‘sishi, tovar narxlarining ko‘tarilishi va boshqalar), unda narxlarning bunday sinxron oshishi kartel kelishuvi deb hisoblanmaydi.
Bundan tashqari, kartel kelishuvlari uchun per se qoidasini qo‘llashni taklif qilaman. Bu kartel kelishuvi sodir etilishining o‘zi uni noqonuniy deb tan olish uchun yetarli asos bo‘lishi kerakligini anglatadi. Ya’ni, sud kartel harakatlari natijasida raqobatga yetkazilgan zarar mavjudligini isbotlashni talab qilmasligi kerak.
Masalan, narxlar bir oy keyin ko‘tarilishi to‘g‘risida tadbirkorlar oldindan kelishib olishadi. Ammo monopoliyaga qarshi organ ushbu kartel kelishuvini tezkorlik bilan narx amalda oshishidan oldinroq fosh etadi. Bunday holda kelishilgan narxlar hali amaliyotga tatbiq etilmagani va iste’molchilarga zarar yetkazishga ulgurmaganiga qaramay, kartel kelishuvi faktining o‘zi javobgarlikka tortish uchun yetarli asos bo‘lishi kerak.
Rivojlanayotgan mamlakatlarning tajribasi shuni ko‘rsatadiki, kartellar ko‘pincha oziq-ovqat (shu jumladan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari), sog‘liqni saqlash, transport, ta’lim, qurilish materiallari va yoqilg‘i bozorlarida ko‘p uchraydi. Masalan, kartellarni aniqlash bo‘yicha xalqaro amaliyot sement kartellari deyarli barcha mamlakatlarda mavjudligini ko‘rsatadi. Kartellar, shuningdek, o‘quv qurollarining davlat xaridlarida va sog‘liqni saqlashning xususiy sektorida ham keng tarqalgani kuzatilgan. Bundan tashqari, savdo uyushmalari tadbirkorlar o‘rtasida narxlarni kelishib olish va muvofiqlashtirish uchun qulay joylardan biri hisoblanadi. Shuningdek, kartel kelishuvlar ko‘pincha pandemiya va inqiroz sharoitida tuzilishi ham kuzatilgan.
Xulosa o‘rnida, bozorda kartel kelishuvlari xavfi bor ekan, mamlakatda bozor iqtisodiyotini shakllantirish uchun monopoliyalar sonini kamaytirish va iste’molchilar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha islohotlar yetarli samara bermasligiga e’tiborni qaratmoqchiman. Ushbu maqolada kartel kelishuvlarining faqat ba’zi jihatlari va turlari muhokama qilindi. Bundan tashqari, kelishuvlarning boshqa turlari, masalan, sukunatli kelishuv (tacit collusion), vertikal kelishuvlar, signal kartellari (price signaling) va boshqalar ham mavjud.
Bundan tashqari, kartel kelishuvlari shuningdek, moliya bozorlarida ham uchraydi. Shuning uchun kartellarga qarshi kurashish uchun maxsus huquqiy yondashuv zarur. Yuqoridagilardan kelib chiqib, mahalliy xususiyatlarni va O‘zbekiston bozorlaridagi kartel kelishuvlarini fosh qilishning muqobil yondashuvlarini hisobga olgan holda kartellarga qarshi kurash bo‘yicha alohida milliy konsepsiyani ishlab chiqishni taklif qilaman.