Nobel mukofoti sohibiga universitetning “Faxriy professori” unvoni berildi

Shu yilning 5 noyabr kuni Isroil texnologiya universiteti materialshunoslik va muhandislik kafedrasi professori, Nobel mukofoti sohibi Dan Shextman Samarqandga tashrif buyurdi.

Martabali mehmon Samarqand temiryo‘l vokzalida viloyat hokimligi hamda SamDU rahbariyati tomonidan samimiy kutib olindi.

 Universitet faollar zalida professor-o‘qituvchilar, talabalar, doktorant va ilmiy xodimlar ishtirokida Dan Shextman bilan uchrashuv tashkil etildi.

Dastlab, kimyo fani yirik namoyandasi Dan Shextmanning hayoti, ilmiy izlanishlari, innovatsion kashfiyotlari, fan olamida erishgan yutuqlari xususida so‘z yuritildi.

- Samarqandga ilk bor tashrifimdan benihoya mamnunman, - dedi mehmon. – Ushbu taklif uchun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga, o‘zbek xalqiga  minnatdorligimni bildiraman. Kecha Toshkentdagi kimyo-texnologiya institutida uchrashuv o‘tkazdim. O‘zbekistonliklardan foydali takliflar olyapman. Aytishim mumkinki, O‘zbekiston har tomonlama rivojlanish yo‘lida dadil bormoqda. O‘zbek yoshlarining ijodkor va tirishqoqligi, intiluvchanligiga guvoh bo‘lyapman. Bular kelajakda albatta, o‘z mevasini beradi. Yoshlarga ingliz tilini o‘rganishni maslahat berardim. Bu til dunyo eshiklarini yanada kengroq ochadi.

Uchrashuv yakunida Nobel mukofoti sohibi Dan Shextmanga SamDU prorektori Ahmadjon Soliyev universitetning “Faxriy professori” unvonini topshirdi. Mehmon va uning oila a’zolariga milliy liboslar hadya qilindi.

Dilmurod DO‘STMURODOV.