Nobel mukofotini olishdan bosh tortgan kishilar
Ular o‘z rad etishlarini qanday izohlagan?
Nobel mukofoti qanday paydo bo‘ldi?
Badavlat odamlar har doim olim va yozuvchilar yutuqlaridan zavqlanib kelgan, shuning uchun kashfiyotlarni rag‘batlantirish maqsadida ularning dunyo taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi uchun mukofotlar berishga qaror qilingan. Alfred Nobel (dinamit ixtirochisi) shunday badavlat odamlarning biri edi. U insoniyat taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan daholar uchun jamg‘arma tashkil etish to‘g‘risida vasiyatnoma yozdi. Shunga ko‘ra 1900 yilning 29 iyunida 31 million kron miqdorida Nobel jamg‘armasi tashkil etildi. Mukofot har yili fizika, kimyo, fiziologiya, tibbiyot, adabiyot, shuningdek, tinchlikparvarlik sohasidagi yutuqlar uchun beriladi.
Xalqaro nufuzga ega va munosib moliyaviy yordam ko‘rsatadigan mukofotni olishdan bosh tortgan daholar bor. Bu odamlar kimlar va nega ular o‘zlariga berilgan bu “iltifot”ni rad etishdi?
Lev Tolstoy – “Pullar faqat baxtsizlik keltirishi mumkin”
Buyuk yozuvchi mukofot tashkil etilgan birinchi yildayoq nomzod bo‘lishi mumkin edi. Biroq 1901 yilda Shvetsiya akademiyasining kotibi Karl Virsen Tolstoyning qarashlari va uning “ibtidoiy turmush tarzini” tanqid qilib, uning nomzodini “kesib” tashladi. Tan berish kerak, bu borada ko‘plab boshqa fikrda bo‘lgan shvedlar topildi: yozuvchilar ilmiy jamoatchiligi shov-shuv ko‘tardi, shundan so‘ng Lev Nikolayevich 1902-1905 yillarda ketma-ket 4 marta mukofot nomzodi bo‘ldi.
Bundan tashqari, buyuk rus yozuvchisi Tinchlik uchun Nobel mukofotiga uch marta nomzod etilgan. Mukofot atrofidagi bu shov-shuvlarning barchasi Tolstoyga yoqmadi. 1906 yilning kuzidagi navbatdagi taqdimot arafasida u fin yozuvchisi Yarnefel orqali shvedlarga o‘ziga berilishi mumkin bo‘lgan mukofotdan voz kechishini yetkazishini so‘radi. Tolstoy fikrini nazarga olgan qo‘mita o‘sha yili 150 000 shved kronasini italiyalik adabiyotshunos Karduchchiga berdi. Lev Nikolayevich esa bu haqda “pullar faqat baxtsizlik keltirishi mumkin” deb yozgan edi.
Gerxard Domagk – Gitler ruxsat bermadi
1935 yilda Nobel qo‘mitasi natsizmning jinoiy obro‘siga zarba berib, Tinchlik mukofotini Germaniyadagi natsistlar rejimini ochiq tanqid qilgan Karl fon Osetskiyga berdi. Bunga javoban Germaniya rahbariyati o‘z olimlari va ijodkorlariga Nobel mukofotini olishni rasman taqiqlab qo‘ydi. Totalitar mashinaga qarshi chiqish qiyin edi, shuning uchun o‘sha davrdagi nemis laureatlari mukofotlardan voz kechishga majbur bo‘lishdi.
Ayniqsa, 1939 yilda xavfli parazitlarga qarshi kurashda yordam beradigan prontozil preparatining antibakterial xususiyatlari bo‘yicha o‘z davrida inqilobiy tadqiqotlar olib borgan nemis bakteriologi, fiziologiya va tibbiyot bo‘yicha laureat Gerxard Domagk jiddiy jabr ko‘rdi. Natsistlar tuzumi bosimi ostida u mukofotdan voz kechishga va hatto bir hafta hibsda o‘tirishga majbur bo‘ldi. Gerxard o‘zining munosib mukofotini Ikkinchi jahon urushidan keyin oldi, biroq da’vo muddati tugaganligi sabab belgilangan pul unga tegmadi.
Le Dik Txo – g‘alaba qaror topmaguncha
1960 yillarning oxiri va 1970 yil boshlarida sayyoradagi eng xavfli nuqta Vetnam urushida (kamida 1 milliondan ortiq odam halok bo‘lgan) sovuq urushning ikkala bloki ham - AQSh Janubiy Vetnamni, SSSR va Xitoy esa Shimolni qo‘llab-quvvatlab ichkariladi. 1968 yilda Qo‘shma Shtatlar prezidenti vazifasini bajarishga kirishgan Richard Nikson amerikalik askarlarni qaytarib, urushni tugatishga qaror qildi. Amerikaliklar muzokaralar stoliga o‘tirishga qaror qilishdi va 1973 yilda Parijda sulh shartnomasi imzolandi. Aynan shu bitim AQShning Vetnam urushidagi ishtirokiga chek qo‘ydi.
O‘sha yili AQSh davlat kotibi Kissinjer va vetnamlik diplomat Le Dik Xo “Mojaroni hal qilishda birgalikdagi harakati uchun” Tinchlik uchun Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi. Dik tez orada Parijda imzolangan shartnoma urushga xotima bermaganini aytib, mukofotdan voz kechdi. Chunki Janubiy Vetnamning amerikaparast rejimi hali ham shimolliklarga qarshi kurash olib borardi. Oxir-oqibat 1975 yilda Vetnam Respublikachi kuchlari g‘alaba qozondi. Vatanidagi tinchlik Le Dik Xo uchun Nobel mukofotidan ham muhimroq bo‘lib chiqdi.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.