Nogironligi bo‘lgan o‘qituvchidan undirilgan ortiqcha pullar qaytariladi
Toyloq tumani adliya bo‘limi tuman xalq ta’limi bo‘limiga nisbatan sudga da’vo arizasi bilan murojaat qildi. Buning sababi nima edi?
Aniqlanishicha, Fayziobod mahallasida yashovchi fuqaro A.Q. tumandagi 42-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida 2015 yildan buyon ishlab keladi. Tegishli tibbiy ma’lumotga ko‘ra, unga nogironlik belgilangan. Amaldagi Soliq kodeksiga asosan esa bolalikdan nogironligi bo‘lgan, shuningdek I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar soliq solishdan qisman ozod etilishi belgilangan. Xalq ta’limi bo‘limi tomonidan esa fuqaroning ish haqidan ortiqcha daromad solig‘i ushlab qolingan. Huquqlari buzilgan o‘qituvchi adliya bo‘limiga murojaat qildi.
Adliya bo‘limi tomonidan holatga aniqlik kiritilib, fuqaroning ish haqidan 2022 yil 12 oyi hamda 2023 yilning yanvar oyida jami bo‘lib 6 122 047 so‘m miqdorida daromad solig‘i ushlangani ma’lum bo‘ldi. Ortiqcha undirilgan ushbu pullarni qaytarish yuzasidan adliya bo‘limi fuqarolik ishlari bo‘yicha Toyloq tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritdi. Sud jarayonida mazkur holat o‘z tasdig‘ini topib, da’vo talabini qanoatlantirish to‘g‘risida xulosaga kelindi va sud fuqaro A.Q. foydasiga 4 548 147 so‘m undirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Samarqand viloyati adliya boshqarmasi.