Noqonuniy ravishda turar-joy imoratlari qurilib, fuqarolarga aldab sotib yuborilganligi aniqlandi
Nukus tumanida yerdan noqonuniy foydalanganlik holati aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
Prokuratura organlari tomonidan yer maydonlaridan noqonuniy foydalanish va egallab olishning oldini olish bo‘yicha nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Jumaladan, Nukus tumani hokimining qarori bilan “D.limon” MChJga issiqxona qurish va limon mahsulotlari yetishtirish uchun jami 22,4 gektar yer maydoni ajratilgan.
Biroq jamiyat mansabdor shaxslari tomonidan ajratilgan yer maydonida noqonuniy ravishda turar-joy imoratlari qurilib, fuqarolarga aldab sotib yuborilganligi aniqlangan.
O‘z navbatida, tuman yer resurslari va davlat kadastri va qurilish bo‘limi mansabdor shaxslari ajratilgan ekin yer maydonlaridan maqsadli foydalanilishini nazorat qilmaganliklari oqibatida davlat manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazilishiga sabab bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan 2020 yil 11 fevralda Nukus tumani prokuraturasi tomonidan JKning 168 va 208-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.