Norboyeva Ozarbayjon Prezidenti bilan uchrashdi
Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Baku shahrida Turkiy tilli mamlakatlar Parlament Assambleyasining yalpi majlisida ishtirok etmoqda. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.
Kecha, 17 dekabr kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva bilan uchrashdi.
Prezident Ilhom Aliyev ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va rivojlanish istiqbollariga to‘xtalib o‘tdi. Prezident Shavkat Mirziyeyovning Baku shahriga amalga oshirgan tashrifi va O‘zbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining sammitida to‘la huquqli a’zo sifatida ishtirokiga urg‘u berdi. Baku shahrida oliy darajada bo‘lib o‘tgan samarali muzokaralarga yuqori baho berilib, ularning amaliy ahamiyati ta’kidlandi. Uchrashuvda Ozarbayjon tomoni erishilgan kelishuvlarni to‘liq tatbiq etishga tayyorligi izhor etildi.
Shuningdek, suhbat davomida ikki mamlakat parlamentlararo hamkorligini yanada rivojlantirish bo‘yicha fikr almashildi.
Prezident Ilhom Aliyev O‘zbekiston delegatsiyasining Turkiy tilli mamlakatlar Parlament Assambleyasi tadbirlarida ishtirok etishini qutlab, bu Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi faoliyatida yana bir muhim voqea ekanini ta’kidlab o‘tdi.
Uchrashuvda Turkiy tilli mamlakatlar Parlament Assambleyasining to‘qqizinchi yalpi majlisi muvaffaqiyatli o‘tishiga va unda muhim masalalar muhokama etilishiga hamda yaxshi natijalarga erishilishiga ishonch bildirildi