Noyob qobiliyatga ega odamlar
Biz jasoratlarini umumiy manfaatlar yo‘lida yo‘naltiradigan, g‘ayrioddiy jismoniy qobiliyatga ega super qahramonlar va super kuchga ega odamlar haqidagi fantastik janrga havola qilingan filmlarni yaxshi ko‘rib tomosha qilamiz. Biroq real hayotimizda ham noyob iste’dod va qobiliyatga ega odamlar borki, ularni super qahramon demasdan, nima deb atash mumkin?
Vim Xof
“Muz odam” nomi bilan tanilgan nemis sportchisi haddan tashqari sovuq havo haroratiga chiday oladi. Vimning fikricha, bu o‘ziga xos nafas olish texnikasi bilan bog‘liq. Bir necha yil oldin o‘tkazilgan tadqiqotda u noyob nafas olishi va tanasidagi adrenalin darajasi asab tizimining faolligini oshirishi orqali tana haroratini nazorat qila olishini ko‘rsatdi.
Uning eng hayratlanarli yutug‘i, Finlandiyada bo‘lib o‘tgan marafon bo‘ldi, u muzli suvda 1 soat 52 daqiqa turishga muvaffaq bo‘lgan, shuningdek, Everest cho‘qqisiga faqatgina sport shortisi kiygan holda ko‘tarilgan. Boshqalar, masalan, alpinistlar yillar davomida to‘liq jihozlanib, u yerga ko‘tarilish uchun tayyorgarlik ko‘rishadi, Xof esa buni deyarli yalang‘och holda amalga oshirdi.
Mishel Lotito
Fransiyalik tadbirkor Mishel Lotito XX asrda o‘zining deyarli hamma narsani – velosipedlar, televizorlar, temir aravachalar va hokazolarni iste’mol qilish qobiliyati orqali jamoatchilikni hayratga qoldirdi. Hammasi 9 yoshli kichkina Lotito eski televizorni yeb, ota-onasini xijolatga qoldirganida boshlangandi. Biroq uning eng katta hiylasi 1980 yilda butun bir boshli samolyotni ikki yil davomida muvaffaqiyatli yeb tugatgani bo‘ldi.
Bu qanday bo‘lishi mumkin?
Olimlarning fikricha, bu jonsiz narsalarga ishtahani uyg‘otadigan psixologik holat - “Pika” deb nomlanadigan kam uchraydigan kasallik. Aftidan, yo‘g‘on shilimshiq oshqozoni unga tana uchun asoratsiz ovqatlanish imkonini bergan.
Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, hayotida 9 tonna metall iste’mol qilgan Mishel 2007 yilda ovqatlanishi bilan bog‘liq bo‘lmagan tabiiy sabablarga ko‘ra vafot etgan.
Isao Machii
U o‘z qilichi bilan osongina aqlbovar qilmaydigan narsalarni qila oladi. Jang san’ati ustasi sifatida boshqa ustalardan ancha ustun turadigan Isaoning mutlaqo aqlga sig‘maydigan darajada sezgirlik reflekslari bor.
Machii bir necha marta, shu jumladan, soatiga 187 kilometr (!) tezlikda uchib kelayotgan o‘qni qilich bilan yorib kesish bo‘yicha “Ginnesning rekordlar kitobi”ga kiritilgan.
Buni qanday amalga oshirishi unchalik aniq emas, lekin u ko‘rgan narsalarini butunlay boshqa darajada o‘z ta’siriga oladiganga o‘xshaydi. U nima qilmasin, lol qoldiradi, masalan bir necha metrdan o‘ziga qarata zambarakdan uzilgan futbol va beysbol to‘plarini bemalol kesib yoradi.
Din Kornazes
Ko‘pgina sportchi va yuguruvchilar Laktat chegarasiga yetganda to‘xtashlari kerak, ammo Din Karnazesning mushaklari hech qachon charchamaydi. Bu noyob qobiliyat tufayli u kechayu kunduz uxlamasdan va to‘xtamasdan yugura olishi mumkin.
Uning e’tiborga molik yutuqlari qatoriga yugurish yo‘lakchasida to‘xtovsiz 80 soat, (bu 600 kilometrdan ortiq masofaga teng) va 50 kun davomida ketma-ket Amerikaning barcha 50 shtati bo‘ylab yugurib, mamlakat bo‘yicha aqlga sig‘mas marafon uyushtirgani ham kiradi.
Kornazesning shaxsiy rekordi esa kuniga 221 kilometr yugurgani bo‘ldi, albatta tanafussiz! Din hozir muzlatilgan yogurt biznesiga ega va Men’s Health jurnalining muharriri.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.