Nurobod: o‘rmonchilikda yer muammo emas, qoramolchilikda-chi?

Nurobod tumaniga tashkil etilgan press-turda jurnalistlar dastlab o‘rmon xo‘jaligi faoliyati bilan tanishdi. 

Bundan yetmish yillar avval Kattaqo‘rg‘on suv omboriga yaqin hududda tuproqni eroziyasidan saqlash maqsadida ekilgan pista daraxtlari bugun hudud aholisi uchun ish va daromad manbaiga aylangan. 

O‘rmon xo‘jaligimizda yuzga yaqin aholi ish bilan band, “Temir daftar”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan oilalar va yoshlarni ish bilan taminlashga ko‘proq e’tibor qaratyapmiz, - deydi Nurobod tumani Saroyqo‘rg‘on o‘rmon xo‘jaligi rahbari Ne’mat Hamrayev. – 10 gektargacha ijaraga yer berib, daromad olishlariga sharoit yaratilyapti. 300 gektar yerga yong‘oq ko‘chatlari ekib, mehnat qilib, daromad olish istagini bildirgan yoshlarga ijaraga berdik. Asalarichilik, chorvachilik va parrandachilik bilan shug‘ullanayotgan tadbirkor yoshlarga ma’lum muddatga yer ajratib beryapmiz.

O‘rmon xo‘jaligida ko‘chat yetishtirish ham yo‘lga qo‘yilgan. Bu yerda qurg‘oqchil hududlarga moslashgan qayrag‘och, tut, sharq archasi, dub va dorivor o‘simlik lavanda ko‘chatlari yetishtirilyapti.    

Jurnalistlar tumanda tashkil etilgan “Nurobod oltin asr chorvasi” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ham bo‘ldi. 2 gektarda tashkil qilingan ushbu chorva majmuasida 300 ga yaqin naslli qoramol boqilyapti. 

- Berilgan imtiyozdan unumli foydalanib, naslli qoramolchilikni yo‘lga qo‘ydik, - deydi MChJ rahbari Obidjon Rajabov. – Har bir qoramol uchun 2 milliondan subsidiya, “Mikrokreditbank”dan 400 ming yevro kredit olib, Vengriyadan 160 ta naslli qoramol olib keldik. Hozirda 130 ta sog‘in sigirdan har kuni 2-2,5 tonnadan ko‘proq sut olamiz. 

Tumanda chorva sonini oshirish, mahsuldorlik sifatini yaxshilash, aholining go‘sht mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratilgan. Ammo chorvachilikda uning ozuqa bazasini yaratish asosiy o‘rin tutadi. Tadbirkor bugun ayni shu muammoga duch kelayotganini ta’kidladi.  

- Chorva ozuqa bilan mahsuldorligi oshadi, ayniqsa, naslli qoramol ozuqani ko‘p talab qiladi, - deydi Obidjon Rajabov. – Hozir 25 gektar suvli yerimiz mavjud. Ammo bu bilan chorvaga yetarli miqdorda ozuqa tayyorlay olmaymiz. Shu jabhada biroz qiyinchilik bo‘lyapti.

O‘tgan yili keltirilgan naslli sigirlardan bu yil 120 ta buzoq olingan. Bu quvonarli, albatta. Ammo chorvada son emas, sifat muhim ahamiyatga ega.

Sulaymon Mardiyev.