Nurobod tumani hokimi boshquduqliklar muammosini tingladi. Qishloqdagi qaysi masala hal etiladi?

Boshquduq joylashuvi jihatdan noqulay hududda bo‘lib, bu mahallaning trasport xizmati, infratuzilma va boshqa sohalarda rivojlanishiga to‘siq bo‘lib kelmoqda.

Xabaringiz bor, Prezident administratsiyasi aholi muammolarini o‘rganish va ularni hal etish maqsadida eng olis, chekka, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi past bo‘lgan, tog‘li hamda chegara hududlariga yanada chuqurroq kirib borishlari zarurligi haqida viloyat, tuman (shahar) sektorlari rahbarlariga topshiriq bergan edi.

Topshiriq ijrosini ta’minlash, xususan, boshquduqliklarni qiynab kelayotgan muammolarni o‘rganish maqsadida tuman hokimi hududda sayyor qabul o‘tkazdi.

- Aholi soni yil sayin ko‘payib bormoqda, - deydi Uljon Qalqonov. - Biroq hamon o‘sha bir zamonlarda qo‘yilgan transformatordan foydalanib kelyapmiz. Tuman elektr tarmoqlariga borsangiz dasturga kiritishni o‘ylab ko‘rishdan nariga o‘tmaydi. Shu masalada amaliy yordam bersangiz.

Muammo aniq, ammo uni hal etishga mas’ul korxonada bunga moliyaviy imkoniyat yo‘q. Davlatimiz rahbari aytganidek, xalq ertaga emas, bugun baxtli yashashi kerak. Shu bois bu borada tuman hokimligi zaxira mablag‘lari hisobidan mablag‘ ajratilishi belgilandi.

- Qishlog‘imizda sizot suvlari yaqin joylashgan, - deydi G‘ulom Ortiqov. – Zax tufayli dehqonchilik qilolmayotganimiz o‘z yo‘liga, ammo imorat va inshootlarimiz ham nurab boryapti.

O‘rganish natijasiga ko‘ra, haqiqatda qishloq hududidagi zax va sizot suvlarni pasaytirishga mo‘ljallangan zovur loyqa bosib, to‘lib qolganligi aniqlandi. Bugunning o‘zida zovurni qazishni boshlash va yakuni bo‘yicha shaxsan tuman hokimiga axborot berish to‘g‘risida tegishli mas’ullarga topshiriq berildi.

Shuningdek, Boshquduq qishlog‘iga kirish avtomobil yo‘lini 2020 yilda ta’mirlash, buning uchun barcha zarur choralarni ko‘rish belgilab olindi.

Sayyor qabul davomida 15 nafardan ortiq fuqarolarning 20 ga yaqin murojaatlari tinglandi. Ko‘tarilgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli tashkilotlar rahbarlariga topshiriqlar berilib, aniq chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Nurobod tuman hokimligi axborot xizmati.