Nurobodda “Oila va xotin-qizlar" maskani ish boshladi
Shu yil xotin-qizlarga psixologik, huquqiy, tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida har bir hududda “Oila va xotin-qizlar” maskanlari faoliyatini boshlashi belgilangandi.
Shu kunlarda viloyatning barcha tumanlarning oila va xotin-qizlar bo‘limlari qoshida shunday markazlar tashkil etilmoqda.
Nuroboddagi “Oila va xotin-qizlar” maskanining ochilish marosimi tumandagi hamkor tashkilotlar vakillari hamda mahalla xotin-qizlar faollarini mazkur maskan bilan tanishtirish, fikr almashishdan boshlandi.
-“Ayollar daftari”dagi xotin-qizlar bilan ish olib borish, notinch oilalar bilan ishlashda har doim turli soha mutaxassislariga ehtiyoj sezganmiz, - deydi Nurobod tumani hokimining o‘rinbosari, tuman oila va xotin-qizlar bo‘limi rahbari Iroda Haqqulova. - Mahalladagi xotin-qizlar faoli bu masalalarda o‘z hududidagi umumta’lim maktablari psixologlari xizmatidan foydalanishgan. Qolaversa, nizoli oilalar bilan ishlash, yosh nikohlanuvchilarni yangi metodologiya asosida hayotga tayyorlash uchun kompleks xizmatlarni ko‘rsatishda ham ushbu markaz muhim ahamiyatga ega. Ayni paytda ushbu xizmatlarni ko‘rsatish uchun markazda alohida xonalar tashkil etilgan.
Shuningdek, ushbu maskanlarda sog‘liqni saqlash, FHDYo, "Oqila ayollar" harakati a’zolari bilan hamkorlikda “Yosh oilalarda mas’uliyatli ota-onalikni rivojlantirish dasturi innovatsion tadqiqot loyihasi” amalga oshirilib, farzand ko‘rishda mustaqil va ongli ravishda qaror qabul qilish uchun oilaning ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlarini inobatga olishga qaratilgan “Mas’uliyatli ota-onalik” loyihasi amaliyotga joriy etiladi.
- O‘zim tumandagi 61-umumta’lim maktabida psixolog vazifasida ishlayman, - deydi Feruza Innazarova. – Ushbu maskan ochilishi bilan jamoatchilik asosida ish olib borishga taklif etishdi. Keldim. To‘g‘ri, maktabda asosan bolalar bilan ishlasam-da, ammo bola ruhiyatidagi muammo ko‘pincha oilasidagi nizo, kelishmovchiliklarga borib taqaladi. Shuning uchun ularning oilasiga borib, ota-onalari bilan ham ishlashimga to‘g‘ri kelgan. Bir necha o‘quvchilarimni shu tariqa ruhiy tushkunlik, qator salbiy holatlardan saqlab qolinishiga erishganman. Ushbu maskanda ham oila a’zolari bilan ishlashimga to‘g‘ri keladi va bu faoliyat men uchun yangilik emas.
Hozircha maskanlardagi mutaxassislar jamoatchilik asosida faoliyat yuritadi. Keyinchalik ularga haq to‘lash masalasi ko‘rib chiqiladi hamda ular maxsus seminar-trening va o‘quvlarda qatnashib, o‘z malakasini oshirishi ko‘zda tutilgan.
Gulruh MO‘MINOVA.