Nuroboddagi Arab ota maqbarasi

VII asrda Arabistonda yuzaga kelgan islom dini keyingi bir necha asrlarda keng tarqaldi. Tez orada Arab xalifaligi nomini olgan davlat G‘arbda Marokashdan, Sharqda Hindistongacha cho‘zilib, Shimoliy Afrika va Pereney yarim orolini qamrab oldi.

Ilm-fan taraqqiyoti bilan qurollangan ushbu saltanat o‘zi bilan birga mavjud qurilish usullari, shuningdek, Sosoniylar va Vizantiya imperiyalaridan ilhomlangan va Rim me’morchiligining ta’siri ostida shakllangan yangi me’morchilik turini yoyilishiga xizmat qildi. Qurilish va bezashning ushbu yangi usuli asrlar davomida rivojlanib bordi. Bu bizgacha saqlanib qolgan yodgorliklar va qabrlar misolida, islom me’morchiligining ko‘plab elementlari va xususiyatlarini tahlil qilish imkonini beradi.

Islom obidalari ichida keng tarqalganlaridan biri maqbaralardir. Ularni kuzatar ekanmiz, o‘rta asr maqbaralariga nisbatan yagona qoida yoki yo‘l-yo‘riq yo‘qligini ko‘ramiz. Xalifalikning ulkan hududidagi turli mintaqalarda turli davrlarda maqbaralarning turli xil me’moriy yechimlari mavjud edi. O‘rta Osiyoda deyarli barcha davrlarga xos islom obidalari mavjud. Bu esa o‘rta asrlardagi Islom maqbaralari evolyusiyasini kuzatish imkonini beradi.

Xo‘sh, o‘rta asr Islomiy maqbara va yodgorliklar me’morchiligining qanday asosiy elementlar ajratib turadi? Sir emaski, maqbaralar me’morchiligi uzoq rivojlanish yo‘lini bosib o‘tgan. Islomning birinchi asrlarida maqbaralar keng tarqalmagan, ular dinda chuqur ildiz otmagan. Islomning ilk davrlarida payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) va u kishining do‘stlari, shuningdek muhim arboblar uchungina  maqbaralar qurilgan.

O‘rta Osiyoda islomgacha bo‘lgan davrda ko‘mish udumlari din bilan bog‘liq bo‘lib, hududda keng tarqalgan dinlardan zardushtiylik va buddaviylikda maqbaralar bo‘lmagan. Biroq keyinchalik xalifalik hududiga kiritilgan hududlarda, masalan Suriyada nasroniylik martiriumlari, O‘rta Osiyodagi ko‘chmanchi turkiy xalqlarda maqbaraning primitiv ko‘rinishiga o‘xshash inshootlar, qo‘rg‘onlar mavjud edi. Islomning ilk davrlarida maqbaralar kam uchrasa-da, yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan “maqbara”lardan ilhomlangan musulmonlar ham “mozor” yoki “mashhad” deb ataluvchi dastlabki islom maqbaralarini qurishni boshlashgan. Bu jarayon vaqtlar o‘tishi bilan takomillashib, maqbaralar Islom jamiyati va me’morchiligining muhim qismiga aylanadi. Ayniqsa, O‘rta Osiyoda maqbaralar masjiddan keyin eng mashhur bino turiga aylanadi.

Dastlab maqbaraning ikki turi yuzaga keladi. Birinchisi qabr minorasi bo‘lib, bunga misol tariqasida Erondagi XI asrda qurilgan va hozirgacha saqlanib qolgan Kabus minorasini (Gunbadi Kobus) keltirish mumkin. Bunday qabr minoralari shu yerga dafn qilingan deb hisoblangan shaxs qabrini ajralib turishiga imkon bergan.

Ikkinchi turdagi maqbaralar olamga qiyos qilingan, kvadrat shaklidagi gumbazli maqbaralardir. Somoniylar maqbarasi bunday inshootlarning ilk namumasi. Bunday tuzilishdagi binolar dizaynining asosiy elementlari sifatida tuynuklar, arkalar, portallar va burchak ustunlarini ko‘rsatish mumkin. Mazkur elementlardan tashqari tashqi me’moriy bezaklar ham mazkur davr maqbaralariga xosdir.

Somoniylar maqbarasi bilan deyarli bir vaqtda buynyod etilgan, ammo mahobatli kirish portaliga ega bo‘lgan ilk islom davri maqbarasi bu Arab otadir. Arab ota maqbarasi Nurobod tumanidagi Tim qishlog‘ida joylashgan bo‘lib, O‘rta Osiyodagi ilk islom obidalaridan. Mazkur gumbazli maqbara somoniylar saltanati davrida qurilgan va islom me’morchiligining uchta muhim xususiyatini o‘zida mujassam etgan dastlabki obidalardan sanaladi. Ya’ni maqbara ham muqarnas, ham mehrob va peshtoq mavjud bo‘lgan ilk islom obidalaridan. Arab ota maqbarasida mehrob bunyod etilganidan keyin shu davrdan boshlab maqbaralarda mehroblar bunyod etish keng tarqala boshlaydi. Maqbaradagi islom me’morchiligining asosiy qismiga aylangan peshtoq eng qadimgi namunalardandir. Peshtoq XI-XII asrlarda saljuqiylarning ko‘p gumbazli maqbaralarida taraqqiy etgan.

Maqbara Zarafshon tog‘larining chekka Tim qishlog‘i hududida, Buxorodan keladigan yo‘lning janubida joylashgan. O‘lchami 8 metrga 8,7 metr bo‘lib, g‘ishtdan qurilgan kvadrat shaklidagi binoning peshtoqidagi yozuvlar qisman saqlanib qolgan. Yozuvning yo‘qolgan qismi bu yerga dafn qilingan marhumning ijtimoiy mavqei, tug‘ilgan sanasi va o‘limi haqida ma’lumot bergan bo‘lardi ehtimol. Kvadrat shaklidagi binoning o‘zida maqbarani o‘rab turgan burchak ustunlari mavjud. Eshikdan maqbaraga kirib borar ekansiz, tepasida gipsdan bir-biriga uyg‘un qilib ishlangan yulduz naqshlari bilan bezatilgan ikkita ustun ustidagi qirrali ark mavjud. Ark tepasida gipsdan geometrik naqshlar bilan bezatilgan uchta bo‘shliq bor. Maqbaraga kirish eshigi qarshisida inshootning mehrobi joylashgan.

Maqbara dastlab hududda qidiruv ishlarini olib borgan professor X.M.Abdullayev boshchiligidagi geologik guruhi tomonidan qayd etiladi. Shundan so‘ng 1958-yilda hududni geografik o‘rganish bilan shug‘ullanayotgan professor N.Lenov binoni suratga olib, Samarqand muzeyi va Samarqand arxeologik ekspeditsiyasiga xabar beradi.

Bino portalidagi yozuvni dastlab professor M.Masson o‘qib, binoning qurilgan sanasini hijriy 367-yil, ya’ni milodiy 977-978 yillarni aniqlagach, ilmiy doiralar orasida maqbaraga qiziqish yanada ortadi. Shundan so‘ng 1960 yil mart oyida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi San’atshunoslik instituti Timga kichik ekspeditsiya guruhini yuboradi. Uning tarkibiga G.Pugachenkovadan tashqari arxitektor P.Zohidov va O‘zbekiston Madaniy yodgorliklarni muhofaza qilish qo‘mitasi fotografi E.Yuditskiy kiritilgan edi. Tim maqbarasi va uning yonida joylashgan masjidning o‘lchovlari, eskizlari va fotosuratlari, shuningdek, Ostona bobo maqbarasi joylashgan hududdagi me’moriy inshootlar ekspertizadan o‘tkaziladi. Qo‘shimcha strukturaviy-stratigrafik ma’lumotlar olish maqsadida 1961-yilda San’atshunoslik instituti xodimi B.Turg‘unov maqbaraning shimoliy-sharqiy burchagida shuruf qazadi bu esa uning poydevor tuzilishini aniqlashda yordam bergan. Olingan ma’lumotlarga ko‘ra 3 metr chuqurlikda poydevor ostida 60 santimetr qalinlikda tuproq yotqizilgan. Poydevor balandligi 2,4 metr bo‘lib, devorlari g‘isht bilan qoplangan.

Aholi maqbarani Arab ota mozori deb ataydi. Biroq bu yerga kim dafn etilganligini bilishmaydi, u bilan bog‘liq afsonalar mavjud emas. Maqbara aholi tomonidan hurmat qilinadi, ziyorat qilinadi, lekin aholi ongida maqbara bilan bog‘liq hech qanday shaxs kulti shakllanmagan. Afsuski, portalda bitilgan yozuvning saqlanib qolgan qismida dafn etilgan shaxs haqida ma’lumot mavjud emas.

G.Pugachenkovaning fikricha, O‘rta Osiyo hududiga islom dini kirib kelgan davrdagi ko‘zga ko‘ringan arab bosqinchilaridan biri qabri ustiga qurilganligi uchun Arab ota deb ataladi degan noaniq g‘oyani ilgari suradi. Maqbara peshtoqida saqlanib qolgan yozuvlarga ko‘ra u Nuh ibn Mansur nomidan hijriy 367-yilning rabbi ul avval oyida, ya’ni 977-yil oktyabr-noyabr oylarida bunyod qilingan.

Maqbara bir xonadan iborat, kirish portal va gumbazga egadir. Uning asosiy fasadi shimolga qaragan. Binoning burchaklari sakkiz burchakli ustunlar bilan mustahkamlangan, biroq janubi-g‘arbiy qismi saqlanib qolmagan. Kvadrat shaklidagi xona devorlarining to‘rtburchaklari, uning ustida o‘tish yelkanlari bo‘lgan sakkizburchak va yuqorida sharsimon-konusli shift bilan tugaydi. G‘ovaklarning yaruslari o‘zgacha, devorlarning o‘qlarida uch bo‘lakdan iborat bo‘shliqlar mavjud bo‘lib, burchaklarida ikki qavatli tuzilmalar bor. Ichki devorlari ganch bilan ishlangan, ustiga qo‘sh g‘ishtdan ishlangan o‘ymakorlik namunasi saqlangan.

Maqbaraning tashqi bezaklari bezakli g‘isht va ganch o‘ymakorligi uyg‘unligi asosida yaratilgan. Yo‘qotishlarga qaramasdan kirish portalidagi bezaklar yaxshi saqlangan. Maqbara qurilishi uchun 23-23,5x23-23,5x4 santimetr o‘lchamdagi to‘rtburchakli pishgan g‘isht ishlatilgan. Bino qiyalikda joylashgan va shuning uchun uning poydevorining g‘arbiy tomoniga katta tosh yotqizilgan. Maqbaraning ichki qismi 5,6x5,6 metrni tashkil etadi.

Xulosa qilib aytganda, Arab ota maqbarasi O‘rta Osiyo va umuman Islom me’morchiligini rivojlanishida muhim bosqich hisoblanadi. Maqbara peshtoqdan foydalanishning eng qadimgi namunasi hamdir. Ushbu me’moriy xususiyat Saljuqiylar davridan Temuriylargacha bo‘lgan keyingi Islomiy inshootlarning o‘ziga xos xususiyatiga aylanib, ulug‘vor, monumental kirish joyiga aylandi.

Maqbarada muqarnasning eng qadimgi namunalaridan biri – bir qancha chuqurchalar yoki stalaktitga o‘xshash dekorativ bezak mavjud. Dastlab kvadrat xonadan gumbazga o‘tish uchun strukturaviy element sifatida ishlatilgan muqarnas keyinchalik ko‘plab Islom binolarida sof dekorativ elementga aylandi. Makka tomonni ko‘rsatib turuvchi devordagi yarim doira shaklidagi mehrob ham islom me’morchiligidagi ilk namunalardan biridir. Binoning qurilishi yuqori darajadagi texnik mahorat bilan olib borilgan. U pishtgan g‘ishtdan qurilgan va g‘isht hamda gipsda ishlangan murakkab dekorativ naqshlar bilan bezatilgan.

Ta’kidlab o‘tilganidek, maqbara nima uchun Arab ota deb atalishi xususida aniq to‘xtam mavjud emas. Fikrimizcha bu yerga mintaqada Islomni mustahkamlashda muhim rol o‘ynagan, ehtimol yuqori martabali amaldor yoki avliyo dafn etilgan bo‘lishi mumkin.

Ayni vaqtda qadimgi karvon yo‘llari yaqinidagi tepalikda qad rostlagan maqbara Islomning O‘rta Osiyoga tarqalishining moddiy manbasi hamdir. Bu X asrda hududda yangicha dafn marosimlarining paydo bo‘lishi, oddiy qabrlardan tortib muhim shaxslar uchun qurilgan murakkab me’moriy yechimlarga ega bo‘lgan maqbaralargacha bo‘lgan dafn amaliyotidagi o‘zgarishlarni ham aks ettiradi.

Va nihoyat maqbaraning ming yildan ortiq vaqt davomida saqlanib kelishi bir tomondan mahalliy me’moriy an’analarning uzluksizligidan dalolat bersa, ikkinchi tomondan hududdagi islomgacha bo‘lgan qurilish uslubining yangi Islomiy shakllar bilan aralashuvidan dalolat beradi. Yana bir masala. Maqbara markazdan uzoqda joylashganligi uning asl qiyofasini saqlab qolishga yordam bergan. Aynan mana shu jihat uni qadimiy buyumlar savdosi avj olgan XIX-XX asrlar chegarasidagi talon-torojdan saqlab qolgan. Bu esa maqbarani O‘rta Osiyoning o‘ziga xos me’moriy uslubining shakllanishi va rivojlanishini o‘rganish uchun qimmatli manbaga aylantirdi.

Mahmudxon YuNUSOV,

“Ipak yo‘li” xalqaro tadqiqot instituti bo‘lim mudiri.