Nurobodning ilk saylovi «Navro‘z»da o‘tdi

Nurobod tumanida 37 mahalla fuqarolar yig‘ini bo‘lib, ayni kunlarda bu mahallalarga rais saylash jarayoni boshlandi. Kecha fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi "Navro‘z" mahallasida namunaviy tarzda tashkil etildi va faollik bilan o‘tkazildi.

Avvalo, mahalla fuqarolar yig‘ini raisligiga munosib nomzodlar ro‘yxati shakllantirilishida shu hudud aholisining fikri inobatga olindi. Shuningdek, saylov huquqiga ega bo‘lgan fuqarolardan 12 foizdan kam bo‘lmagan miqdorda vakillar saylandi.

Saylov jarayoni tushuntirish-targ‘ibot ishlari bilan boshlandi. Saylovga kelgan fuqarolarga “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida”gi qonun mazmun-mohiyati, unga ko‘ra saylov qonunchiligiga kiritilgan yangiliklar bo‘yicha batafsil tushunchalar berildi.

Mahalla fuqarolar yig‘ini raisligiga shu hududda istiqomat qiluvchi ikki kishining nomzodi ko‘rsatildi. Mahalla fuqarolar yig‘ini raisligiga ko‘rsatilgan ikki nomzod – Asqar Qurbonov va Baxtigul Rasulovaga berilgan ovozlar sanoq komissiyasi tomonidan sanab chiqildi. Saylovda ishtirok etgan 182 nafar vakilning 165 nafari B.Rasulovani yoqlab ovoz berdi va u uch yil muddatga mahalla fuqarolar yig‘ini raisi lavozimiga saylandi.

Nurali BOYNAZAROV.