«Mahalla raisi saylovi - 2019»: Vakillar har bir hudud aholisi sonidan kelib chiqib shakllantiriladi
Paxtachi tuman adliya bo‘limi tashabbusi bilan tumandagi Bog‘oloni mahalla fuqarolar yig‘inida mahalla raisi (oqsoqoli) saylovini tashkil etish bo‘yicha seminar o‘tkazildi.
Unda «Bu yilgi saylov o‘tgan yillardagidan nimasi bilan farq qiladi?», «Avval kuzatilgan xato-kamchiliklar qay tariqa bartaraf etiladi?», «Vakillar qaysi mezonlar asosida shakllantiriladi?» kabi savollarga javob izlandi.
- Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi yurtimiz hayotidagi muhim ijtimoiy-siyosiy jarayon sanaladi, - deydi tuman adliya bo‘limi boshlig‘i E.Davronov. - Unda fuqarolar o‘z xohish-irodasini erkin ifoda etadi.
Oldingi amaliyotda mahalla raisi fuqarolar yig‘ini tomonidan emas, balki fuqarolar vakillarining yig‘ilishi tomonidan saylanardi. Bunda saylovchilar nomidan atigi 50-80 nafar vakil ovoz berardi. Endilikda saylovlarda bevosita fuqarolarning o‘zlari ko‘proq ishtirok etishini ta’minlash maqsadida hovlilar, uylar, ko‘chalardan fuqarolar vakilligining minimal normasi belgilandi. Bu endi vakillar har bir hudud aholisining sonidan kelib chiqib shakllantiriladi, degani. Bunda vakillarning soni saylovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolar umumiy sonining kamida o‘n ikki foizini tashkil etishi kerak. Deylik, bunday holatda mahallada yashovchi o‘rtacha 3 ming nafar saylovchi nomidan 360 nafar vakilning saylovda ishtirok etishi ta’minlanadi.
Sulaymon Mardiyev.