Nurobodda 22 nafar rais birinchi marta saylandi

Barcha joylarda bo‘lgani kabi Nurobod tumanida ham fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi uyushqoqlik bilan o‘tmoqda.

Bu jarayonlar haqida bizga tuman ko‘maklashuv komissiya raisi Sobir Suyarov quyidagilarni ma’lum qildi: «Tumanimizda shu kungacha 37 mahallaning 30 tasida saylov jarayoni o‘tkazildi. Raislarning 4 nafari xotin-qizlar bo‘lsa, 22 nafari birinchi marta mahalla raisligini boshladi».

Saylangan raislarning asosiy qismini 45 yoshdan 55 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etadi. Bu bejiz emas. Chunki bugun mahalla oqsoqollari doimiy aholi muammolariga yechim izlashi, ularning taklif, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashi va ko‘mak berishi kerak. Buning uchun, albatta, jismoniy kuch talab etiladi.        

– Mahalla xalq vijdoni deganidek, haqiqatda ish ko‘zini biladigan, xalqni o‘zi ortidan ergashtira oladigan nomzodni saylash adolat mezonidir, – deydi Amir Temur mahallasida yashovchi faxriy o‘qituvchi P.Mustafoyev. – Mahallamiz raisi uchun bo‘lib o‘tgan saylovda Hikoyat Hazratova vakillar tomonidan eng ko‘p ovoz to‘plab keyingi uch yilga rais bo‘lib saylangani ham bejiz emas. Chunki u amaldagi raislikdagi bir yarim yillik faoliyati davomida oilaviy ajrimlar, kam ta’minlangan oilalar sonining keskin kamayishiga erishdi. Uy bog‘chalar ochishda bosh bo‘ldi, mahalladagi ishsiz aholiga, ayniqsa, xotin-qizlarni ish bilan band bo‘lishiga doim intilib kelmoqda. Shu sabab biz vakillar ishonch bildirib rais sifatida sayladik. Kelgusida bu kabi ishlarni davom ettirishiga ishonamiz.      

Sanjar Turdiyev.