Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Nusrat Rahmatning muxbirlik faoliyatidagi ilk xatosi Moskvada ham muhokama etilganmi?

«Zarafshon» tahririyati qoshida tashkil etilgan «Mahorat maktabi» tinglovchilari uchun O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Nusrat Rahmat mahorat darsi o‘tdi. Nusrat Rahmat nafaqat viloyat, balki respublikaga taniqli jurnalist, adib. «Zarafshon»  («Lenin yo‘li») gazetasi hamda respublika gazetalarida faoliyat ko‘rsatgan. Adibning “Olis-olis so‘qmoqlar”, “Dasht”, “Zamondosh o‘ylari”, “ Seleksiya mo‘’jizasi”, “So‘qmoqlar va saboqlar” singari yigirmadan ko‘proq hikoya va ocherklardan iborat kitob va kitobchalari nashr etilgan. “Men muxbirman”, “Men redaksiyadanman”, “Eng ashaddiy kallakesar“, “Asqad Muxtor dedilar” singari kitoblari muxlislar e’tiborida.

80 yoshda bo‘lishiga qaramay, turli mavzularda qalam tebratib, ijtimoiy tarmoqlarda faol, internetda o‘z sahifasi, ya’ni blogiga ega bo‘lgan jurnalist mahorat maktabi tinglovchilariga o‘z faoliyati haqida gapirib berdi.

- Muxbirlik mashaqqatli kasb, bu sohada ishlash uchun qiziqish, ishtiyoq bo‘lmasa iloji yo‘q, - deydi ustoz jurnalist. – Bugungi muxbir davr bilan hamnafas bo‘lishi, internetdagi eng so‘nggi yangiliklarni kuzatib borishi shart va zarur. Shu yoshda bo‘lishimga qaramay, haliyam blogimda jamiyatdagi o‘zgarishlarga nisbatan fikr bildirib turishga harakat qilaman, busiz yasholmayman.

Nusrat Rahmat shuningdek, jurnalistikaga qadam qo‘ygan ilk yillari bilan ham o‘rtoqlashdi. «Sohadagi ilk xatom hamon yodimda, - deydi u kishi. – O‘shanda «Zarafshon», sobiq «Lenin yo‘li» gazetasida ishlardim. Mushtariylardan kelgan har bir xatga e’tibor qaratilardi. Jizzax hududidan bir olim o‘sha tomondagi tog‘li hududda maugli bola bor ekanligi, u ham bolaligidan yo‘qolib qolib, uni bo‘rilar katta qilganini, bolakay bo‘rilar bilan g‘orda kun kechirganini yozib yuboribdi. Muallif ham geografiya fanlari nomzodi bo‘lgani uchun bu gaplarga ishonib, maqolani gazetaga tayyorlab berdim. Odamlarning qiziqishi ortdi. Rus tilida chiqadigan gazeta ham bu maqolani tarjima qilib berdi. Xullas, ushbu shov-shuvli axborotning daragi Moskvagacha borib yetdi va olimlar o‘sha hududga tashrif buyurishi rejalashtirildi. Ammo Moskvadagi akademik olimlardan biri «u tomonlarda qishda 20 daraja sovuq bo‘ladiku, bu harorat bilan bola g‘orda tirik qolishi mumkin emas», degan fikrni aytadi. Shundan so‘ng bu masala jiddiy o‘rganilgach, u bola aqli zaif bo‘lgani uchun qarindoshlari shunday  gap tarqatishgani ma’lum bo‘lgan. Xullas, bu xabar gazetaga chiqib ketishida o‘zimni aybdor sanaganman. Rus tilida nashr etiladigan gazeta muharrirlariga esa chora ko‘rilgan.

Ko‘ryapsizmi, muxbirning ham xatosi shifokorniki singari qimmatga tushishi mumkin. Shuning uchun ustoz o‘gitini olish bu sohada suv va havoday lozim.