Nyu-Yorkdan navbatdagi charter reys bilan 233 yo‘lovchi olib kelindi
Nyu-Yorkdan «Uzbekistan Airways» aviakompaniyasi samolyotida navbatdagi charter reys bilan 233 nafar yo‘lovchi Toshkentga olib kelindi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.
Samolyot bortida AQSh va Kanadada vaqtincha va doimiy yashayotgan 214 nafar O‘zbekiston fuqarosi (shundan 10 nafari yosh bolalar), AQShning Toshkentdagi elchixonasining 14 nafar diplomati va ularning oila a’zolari, shuningdek Toshkent shahridagi xalqaro maktablarga ishlash uchun taklif etilgan 5 nafar o‘qituvchi bor.
Barcha yo‘lovchilar aviachiptalarni sotib olish va ro‘yxatdan o‘tkazish paytida ular talabiga binoan maxsus ajratilgan joylar va mehmonxonalarda 10 kunlik karantinda qolish qoidalariga rioya qilishlari zarurligi to‘g‘risida ogohlantirildi.
Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi diplomatlarimiz ma’lumotiga ko‘ra, iyun-avgust oylarida Amerika qit’asidan 1 ming 414 nafar O‘zbekiston fuqarosi, shuningdek, 45 nafar chet davlat fuqarosi mamlakatimizga olib kelingan.