Ko‘p qavatli uylardagi ta’mirlash ishlari nega chala qoldi? Ajratilgan pullar qayerga ketdi?

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan "Samarqand viloyatini obodonlashtirish va farovonligini oshirish jamg‘armasi"ga 50 million dollar miqdorida mablag‘ ajratilgandi. Bu mablag‘ evaziga shaharning Sug‘diyona, Sartepa, Mikrorayon massivlarida ulkan obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Birgina Sug‘diyona maskanidagi 68 ta ko‘p qavatli uyning tom, yerto‘la, ichki muhandislik tarmoqlari mukammal ta’mirlanadi. Ko‘p qavatli uylarga tutash hududlar obodonlashtirilib 11 ta bolalar bog‘chasi, 15 ta sport maydonchasi, 17 ta aholi yig‘inlari uchun ayvon, 3 ta o‘yin maydonchasi va bitta avtoturargoh qurilishi rejalashtirilgandi va bu ishlar joriy yilgi Navro‘z bayramigacha bajarilishi belgilangandi. Xo‘sh, oradan shuncha muddat o‘tdi, belgilangan vazifalarning qanchasi amalga oshirildi? Ushbu savollarga javob izlab, Samarqand shahridagi Sug‘diyona maskani Zulfiya mahallasida bo‘ldik.

Yerto‘ladagi hovuz

- 8-uyni ta’mirlash uchun 248 million so‘m mablag‘ ajratilgan ekan, - deydi uy boshqaruvchisi Sayyora Komilova. - Shirkat boshlig‘i va boshqa mas’ullar uy boshqaruvchilarni chaqirmasdan smeta tuzishgan. 2018 yil oktyabrda ish boshlanishidan oldin bajariladigan ishlar smetasini ko‘rganimizda yerto‘la to‘liq ta’mirlanishi, uyning old va orqa qismi ranglanishi, balkonlarning pastki qismiga tunuka qoplanishi, irrigatsiya arig‘ini to‘g‘rilash, aholi uchun dam olish maskani, bolalar maydonchasi qilinishi belgilangandi. Ammo rejadagi ishlar nomigagina bajarilib, chala qolib ketdi. Yerto‘lada kanalizatsiyani almashtirishdan boshqa hech ish bo‘lgani yo‘q. Uyning yarmidagina issiq va sovuq suv tizimi almashtirildi. Pod’yezlarning ayrimlariga kafel, ayrimlariga plita yotqizilgan. Bu ham aholining e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. Qurilish korxonasi vakillari boshda yangi yil bayramigacha ishlarni yakunlashini aytishgandi, keyin mart oyining oxirigacha to‘liq tugatamiz, deyishdi, ammo iyun oyi ham boshlandiki, hali uy ta’miri tugagani yo‘q. Qurilish korxonasi rahbariga shu masalada telefon qilsak, ikki kun ichida hammasini to‘g‘rilaymiz, deydi lekin qaysi "ikki kun"ligini bilmaymiz.

Yerto‘ladagi yoriq quvurdan chiqayotgan suv uy ostida hovuz hosil qilibdi. Bu yerdagi simlar va kanalizatsiya tarmog‘i quvurlarining pala-partishligi ko‘pchilikda vahima uyg‘otadi, yerto‘ladan esa badbo‘y hid anqiydi.

Shahlo Sobirova 8-uyning 25-xonadonida uch farzandini voyaga yetkazyapti, ammo ular yoz kelishidan ham, qish kelishidan ham birdek aziyat chekishadi.

- Uyimiz birinchi qavatda joylashgan, - deydi Sh.Sobirova. - Shuning uchun yerto‘ladagi suvning namligi va badbuy hididan issiq kunda uyda o‘tirib bo‘lmaydi. Betonlarning ochiq qismidan har xil hasharotlar chiqadi. Ko‘p yildan buyon isitish tizimi yo‘q. Qishda uyni isitish uchun elektr pech qo‘ysak devorlar mog‘orlaydi. Buning ustiga deraza oldidagi suv quvurini ham kovlab, ochiq qoldirishgan. 

Shirkatlar "doiradan tashqarida(mi?)"

Aholi e’tiroziga sabab bo‘layotgan qurilish-ta’mirlash ishlariga shirkat rahbari nima deydi.

- Shirkatimiz 10 ta uyga xizmat ko‘rsatadi, - deydi "Zulfiya stroy-servis" xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati rahbari Abduhamid Musurmonov. - Pod’yezdlarga yotqizilgan kafel va plitalar ham loyihachilar tomonidan smetaga kiritilgan. Uylarni ta’mirlash uchun smetani Samarqand shahar arxitektura bo‘limi va "Me’mor qurilish loyiha" mas’uliyati cheklangan jamiyati tuzgan va har bir uyga 200 million so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgan. Lekin quruvchilar belgilangan ishlarni yuzaki bajarib, almashtiriladigan jihozlarni eng sifati pastini o‘rnatishyapti. 10 ta uyga 5 ta bolalar maydonchasi rejalashtirilgan bo‘lsa-da, bittasi ham qurilmadi, irrigatsiya tizimlari esa chala qolib ketdi. Avval yerto‘lalar quruq saqlangan bo‘lsa, hozir suv to‘planyapti. Kirish eshiklari ham birida yangilanyapti, boshqa uyda eskisi qoldirilyapti, chunki ayrim uylarning eshiklarini almashtirish smetaga kiritilmagan emish. Quruvchiga sifatsiz ta’mirni aytsak "Sen pul berayotganing yo‘qku", deydi. Lekin bu uylarda biz yashaymiz, shirkatimizga a’zo oilalar yashaydi. Bu mablag‘ni davlat biz uchun beryapti.

"Uyimizdan hasharotlar chiqyapti"

Sug‘diyona massivi Tojmahal mahallasi 16-uyni ko‘zdan kechirdik. Quruvchilar uyning ko‘pchilikka ko‘rinadigan 7 ta pod’yezdi va tashqi qism­larini ranglabdi, xolos.

- Pastdagi uchta qavatning kanalizatsiya, issiq, sovuq suv quvurlari almashtirildi, lekin asosiy qo‘shimcha quvurlarni uy egalarining o‘zlari sotib olishdi, - deydi 1-xonadonda yashovchi Alesya Kruchkova. - Ammo 4-5-qavatlar ta’mirlanmadi, kanalizatsiya ham ishlamaydi. Ikkita pod’yezdga bitta o‘rindiq qo‘yilgan, bolalar maydonchasi ham yo‘q. Qurilish ishlarini shirkat rahbari boshchiligida quruvchilar bajarishmoqda, ammo smetada qancha mablag‘ ajratilgan, nima ishlar qilinadi, qaysi korxona ta’mirlaydi, bularni bilmaymiz. 

- 20 yildirki shu uyda yashayman, - deydi Ilmira Rahmonova. - Uyimiz 1978 yilda qurilgan va shu payt­gacha ta’mirlanmagan. Xonadonimizdagi barcha quvurlarni o‘zimiz yangilaganmiz. Hozir sifatsiz ish tufayli yerto‘lada namlik ortgan va uyimizdan chayon va boshqa hasharotlar chiqyapti, bu birinchi marta emas. Uyda o‘tirishga ham xavotirlanib qoldik.

Shundan so‘ng 16 ta ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatuvchi "Mehroj fayz" shirkatiga yo‘l oldik.

Yashovchilarning aytishicha, shirkat rahbari bizdan biroz oldin ichkariga kirgan, ammo biz borganimizda soat 14:40 da hammayoq ochiq, shirkat rahbaridan esa darak yo‘q edi.

Ali Qushchi ko‘chasidagi 3-uy 1968 yilda qurilgan. Uy boshqaruvchisi Nodira Nomozovaning aytishicha, yerto‘la to‘liq ta’mirlangan, kabellar, kanalizatsiya tarmoqlari, suv quvurlari, eshiklar yangilangan, sifatli o‘rindiqlar o‘rnatilgan, barchasi qoniqarli bajarilgan, ammo bolalar maydonchasi yo‘q.

Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasi 26-uyda yashovchi Farangiz Ismoilova ham bolalar maydonchasi yo‘qligi, sifatsiz o‘rindiqlar o‘rnatilganligi va yerto‘ladagi namlik tufayli uyga turli xil hasharotlar o‘rmalab chiqayotganini bildirdi.

Quruvchidan minnatdormiz

Mikrorayon B massividagi 20-uy ta’mirini "Yahyo Fayz baraka" xususiy korxonasi quruvchilari tenderda yutib olgandi. Ta’mir uchun ajratilgan 393 million so‘m mablag‘ hisobidan belgilangan ishlar yakuniga yetdi.

- Besh oyda uyimiz tamomila yangi ko‘rinishga keldi, - deydi 32-xonadonda yashovchi Nodir Tangirov. - Uyning eshiklari to‘liq almashtirildi, pod’yezdlar havas qilgulik darajaga keltirildi, yerto‘la ta’mirlandi, santexnika jihozlari yangilandi, elektr montaj ishlari bajarildi, fasad qismi ranglandi, har bir pod’yezd oldida alohida o‘rindiqlar, irrigatsiya ariqlari o‘rnatildi. Yana quruvchilar shirkat tomonidan bajarilgan ishlar tufayli smetadan ortgan mablag‘ga rejada bo‘lmasa ham 9x6 o‘lchamda ayvon qurib berishdi.    

Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasidagi 12-uy qurilganiga bu yil 50 yil bo‘ldi. Uy nisbatan pastroqda joylashganligi tufayli atrofdagi yomg‘ir suvlari shu uy yerto‘lasiga keladi. Hozirgacha "Otabek D.R." xususiy korxonasi quruvchilari tomonidan yerto‘la, tom to‘liq ta’mirlandi, santexnika jihozlari yangilandi.

- Shirkat bir necha yil avval olgan krediti hisobidan tashqi eshiklarni yangilagan, - deydi korxona rahbari Davron Xalilov. - Hozirgi ta’mirlash ishlari rejalashtirilayotganda shirkat tomonidan taqdim qilingan ishlar rejasiga qarab smeta tuziladi. Ammo smetaga kiritilmagan bo‘lsa-da 2100 kvadrat metr fasad qismiga 26 million so‘m, ayvon uchun ko‘rsatilgan 12 million so‘m o‘rniga 18 million so‘m mablag‘ sarf­ladik. Vaqtida mablag‘ ajratilmaganligi tufayli ishlarimiz biroz muddatga kechikdi. Hozir yana avtoturargoh qurish ishlarini boshladik, lekin bolalar maydonchasi yo‘q.

Shu o‘rinda bir gap. Shahardagi aholi turarjoylarini ta’mirlash uchun davlat tomonidan ancha katta mablag‘ ajratilgandi. Lekin loyihalashdagi e’tiborsizlik va aholi fikridan ham anglashiladiki, ta’mirlash ishlari kimlar uchundir biznesga aylangan. Eng asosiysi, ko‘p qavatli uyda yashovchilar uchun bolalar maydonchasi va avtoturargoh qurilmagan, ishlarni bajarishda muddatga rioya qilinmasligini aytmasa ham bo‘ladi. Tegishli idoralar bu holatni qanday izohlasharkin?

O‘ktam XUDOYBERDIYeV, jurnalist.

Baxtiyor MUSTANOV (foto).