“Ochiq muloqot”ga savol yo‘llagan Arziqulov 15 sutkaga qamaldi

Joriy yilning 10 fevral kuni viloyat teleradiokompaniyasining “Ochiq muloqot” ko‘rsatuvida Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi Muzaffar Hoshimov, sektor hamda korxona va tashkilot rahbarlari ishtirok etib, aholidan tushgan murojaatlarga javob qaytargan edi.

 Xo‘sh, qariyb bir oy muddat davomida nechta fuqaroning murojaatiga yechim topildi?

– “Ochiq muloqot” ko‘rsatuviga Kattaqo‘rg‘on shahri aholisidan 73 murojaat kelib tushgandi, – deydi shahar hokimi Muzaffar Hoshimov. – Shundan 48 tasi ijobiy yechim topdi, 7 ta savol egasiga tushuntirish berildi va 4 murojaat muallifining manzili va telefon raqamini  aniqlashning imkoni bo‘lmadi. 1 ta murojaat egasi Kattaqo‘rg‘on tumanidan bo‘lgani bois masalani tuman hokimligiga yo‘naltirdik. Ayni paytda qolgan 13 murojaat bo‘yicha  mas’ul mutaxassislar shug‘ullanmoqda.

Hokimning so‘zlaridan so‘ng ayrim murojaatchilar bilan telefon orqali bog‘landik.

–  Namunali   uylardan  birida   yashayman, – deydi Sarmozor mahallasida yashovchi  Ilhom Karimov. – Uyimizning  atrofi  chiqindilar  bilan  to‘lib ketadi. Shu bois ko‘rsatuv orqali tuman mutasaddilaridan shu muammoni hal qilib berishlarini so‘ragandim. Murojaat qilib, to‘g‘ri qilgan ekanman. Uch kun o‘tmasdan uyimizning atrofi chiqindilardan tozalandi va maxsus chiqindi quti o‘rnatildi.

Yana bir murojaat egasi Zomin mahallasida istiqomat qiluvchi I guruh nogironi Shuhrat Hayitov.

– Imkoniyatim cheklangani bois hokimdan ikkita muammoni hal qilib berishini iltimos qilgandim, – dedi Sh.Hayitov. – Ya’ni, 2 nafar o‘g‘limning sunnat to‘yini o‘tkazib, uy-joyimizni ta’mirlab berish bo‘yicha. Mutasaddilar ko‘rsatuvdan so‘ng biznikiga kelishdi va farzandlarimning to‘yini Navro‘z bayramigacha o‘tkazib berishni va’da qildi. Biroq uyim hozircha ta’mirga muhtoj emasligini aytishdi.

Kattaqo‘rg‘on shahrining Do‘stlik mahallasida yashovchi Jamshid Arziqulov alimentdan qarzi borligi, o‘zi ishsizligi, agar ishga joylashadigan bo‘lsa, qarzlarini to‘lashini aytib, murojaat qilgan edi. Shahar hokimligi uning murojaatini yerda qoldirmadi va shahar obodonlashtirish boshqarmasiga ishga qo‘ydi. Ammo...

– Men Jamshid Arziqulovning keyingi rafiqasiman, – deydi X.Haydarova. – Turmush o‘rtog‘im ishga kirib, “Maosh olsam aliment pulini, albatta, to‘layman”, deb turganida uni qarzdorligi bois o‘n besh sutkaga qamab qo‘yishdi. Qamoqdan olib chiqishim uchun 456 ming so‘m to‘lashim kerak ekan. Shuncha pulimiz bo‘lganida, birinchi navbatda alimentni to‘lardik-da. Ishsizman, yosh bolalarim bilan qiynalib o‘tiribmiz...

Kattaqo‘rg‘on shahri mutasaddilari aholidan yo‘llangan murojaatlarning yechimini topishga harakat qilgan. Ammo ayrim tashkilot rahbarlarining e’tiborsizligi oqibatida ba’zi murojaatlar bo‘yicha aholida hali hanuz e’tirozlar bor.

Abdujabbor PO‘LATOV.