Odil sudlovga erishishda xalqaro tajribadan foydalaniladi
Sud hokimiyatining asosiy vazifasi – fuqarolarning huquq va erkinliklarini, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qonunlarni va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni ijro qilish va qo‘llashda qonuniylik hamda adolatni ta’minlashdan iborat. Bu “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”ning 15-maqsadida ham o‘z aksini topgan.
Shulardan kelib chiqib, Prezidentning “Tezkor qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan tergov sudyasi lavozimi joriy etilishi belgilandi. Hujjatga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimi kiritilib, ular sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanksiya berish va majburlov choralarini qo‘llash masalasini hamda ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqadi.
Tergov sudyasi instituti tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, u Fransiya tarixida chuqur ildizga ega bo‘lib, davlat va jamiyat hayotida mustahkam o‘rin tutgan hamda ishni sudga qadar yuritishda tortishuv prinsipining amal qilishini ta’minlaydigan xolis, mustaqil institut sifatida namoyon bo‘lgan.
Bugungi kunda Belgiya, Gretsiya, Iroq, Ispaniya, Gollandiya va Xorvatiya davlatlarida tergov sudyalari lavozimi bor. U Litva, Moldaviya, Estoniya, Latviya, Ukraina, Qozog‘iston, Gruziya va Qirg‘izistonda ham joriy etilgan.
Aytish joizki, amalga oshirilayotgan islohotlar ish bo‘yicha barcha holatlarning sud tomonidan har tomonlama tekshirilib, dalillarga xolisona baho berilishiga, natijada oqlov hukmlarining ko‘payishi va fuqarolarning sudga bo‘lgan ishonchi oshishiga xizmat qiladi.
Orif PARDAYeV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining raisi,
Zarifa AHMEDOVA,
jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining sudyasi.