Qalbaki hujjatlar tayyorlash bilan shug‘ullanib kelgan shaxs qo‘lga olindi
O‘zbekiston Respublikasi IIV O‘XB Andijon viloyati bo‘yicha bo‘limiga Andijon shahrida yashovchi O. ismli shaxs o‘zining yashash xonadonida qonunga xilof ravishda haydovchilik guvohnomalari, ishonchnomalar va boshqa transport vositalarini boshqarish bilan bog‘liq bo‘lgan hujjatlarni kompyuter va rangli printer yordamida qalbakilashtirish orqali tayyorlab kelayotganligi to‘g‘risida xabar kelib tushadi.
Tezkor ma’lumotga asosan olib borilgan surishtiruv harakatlari davomida O. ismli fuqaro Andijon shahrida yashovchi, muqaddam 4 marotaba Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan sudlangan U.O bo‘lib chiqdi.
Ushbu fuqaroning noqonuniy harakatlariga barham berish maqsadida Andijon shahri bo‘yicha IIOFMB huzuridagi tergov bo‘limi bilan hamkorlikda shu yilning 27 oktyabr kuni U.O.ning xonadoni tekshirilganida, 1 dona “ACER” rusumli noutbuk, 1 dona “CANON” rusumli printer, 1 dona “EPSON” rusumli rangli printer, 8 ta qalbaki ishonchnoma blankalari, 9 nafar fuqaroning pasport nusxalari, 3 ta avtomashinalarni texnik qayd etish guvohnomalari, 1 ta transport vositasining oynalarini qoraytirish uchun ruhsatnoma blankasi, hujjatlarni qalbakilashtirishda foydalaniladigan kanselyariya buyumlari hamda 16 gegabayt xotiraga ega bo‘lgan 1 dona qora rangli fleshka borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olindi.
Noutbuk va fleshka tekshirilganida unda ko‘plab haydovchilik guvohnomalari, ishonchnomalar va boshqa rasmiy hujjatlar skayner qilinib tayyorlab kelinayotganligi aniqlandi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Andijon shahri bo‘yicha IIOFMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.