Tergov faoliyatiga e’tirozlar ko‘p yoki sintetik narkotiklar reklamasi nega keng tarqalmoqda?
Samarqanddagi mahallalarning 173 tasida jinoyatchilik barqaror. Shu bois mazkur mahallalar "sariq" toifaga kiritilgan. 254 tasida esa jinoyatchilik va huquqbuzarlik bilan bog‘liq ko‘rsatkich oshgani uchun "qizil" toifada qolyapti. 673 ta mahalla esa "yashil" toifaga o‘tkazilgan.
Bu haqda xalq deputatlari viloyat Kengashining yigirma to‘rtinchi sessiyasida viloyat IIB boshlig‘i Sh.Rahmonov o‘z hisobotida aytib o‘tdi. Muhokamalar chog‘ida deputatlar ichki ishlar idoralari faoliyatida asosiy e’tiroz tergov ishlari bilan bog‘liq bo‘layotganini qayd etdi. O‘z navbatida, Sh.Rahmonov bu gapda jon borligini tan oldi. Viloyat IIB tergov boshqarmasi mutasaddilariga tegishli chora ko‘rilgan.
Ta’kidash lozimki, viloyat prokuraturasining telegram kanalida ayni shu masaladagi axborot e’lon qilingan edi. Axborotga ko‘ra, birgina o‘tgan yilda sudlar tomonidan 482 nafar sudlanuvchining qilmishlari yoki umumiy jinoyat ishlaridan 13,1 foizining qilmishi qayta kvalifikatsiya qilingan. Bu holatlarni keskin kamaytirish uchun tergovchilar malakasini oshirish tizimini qayta ko‘rib chiqib, yangicha yondashuvlar asosida tashkil etish yuzasidan mas’ul shaxslarga topshiriqlar berilgan.
- Yashirib nima qildik, shu paytgacha narkotik moddalar, o‘q otar qurol, odam savdosi kabi tizim xodimlarining tashabbusi bilan ochilishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarga statistik ko‘rsatkichlar oshib ketmasligi uchun jiddiy e’tibor qaratilmagan, - dedi Sh.Rahmonov. – Ammo bugun talab va sharoit mutlaqo o‘zgardi.
Deputatlar ayni kunlarda Samarqand shahrida sintetik narkotiklar reklamasi keng tarqalib borayotgani, bu holat turli og‘ir oqibatlarga olib kelishini bildirdi. Ushbu yo‘nalishda ichki ishlar idoralari hamda tegishli tashkilotlar, keng jamoatchilik e’tibor qaratilishi zarur bo‘lgan vazifalar belgilab olindi. Shuningdek, yo‘llarda tezlikni cheklovchi qurilmalarni amaldagi tartib asosida o‘rnatish bo‘yicha maxsus ishchi guruhi tashkil qilinadigan bo‘ldi.