Tergovchi kundaligidan: Ko‘zoynak yoki mash’um jinoyat tafsilotlari

Zamonaviy qahvaxona. Xo‘randalar unchalik ko‘p emas. Shuhrat Komilani yetaklab qahvaxonaga kirib kelganida soat 10 lar chamasi edi. Ular erta-indin to‘y qilishmoqchi, Komila qalbiga tugib kelgan so‘nggi so‘roqlariga ham aniqlik kiritmoqchi.

- Shuhrat aka, - nozlandi u. - To‘ydan keyin dam olishga ketsak, firmangizning ishi to‘xtab qolmaydimi?

- Be-ye! - sir boy bermadi Shuhrat. - O‘rinbosarlar eplashaveradi. Hozir aytganimdek, “Chashma” restoranini bitkazyapmiz. Nasib bo‘lsa, restorandagi birinchi to‘y bizniki bo‘ladi.

Shuhrat o‘z kechmishini Komilaga bildirmagan edi. Omadni qarangki, Ra’noxon ham Shuhrat haqida eshitgan uzuq-yuluq gaplarni unga aytmagan ekan. Xayriyat, Ra’noxon ham Rossiyaga, erining yoniga jo‘nab ketdi. Endi u Komila uchun firma  xo‘jayini sifatida qolaveradi. Ikkovlon qahvaxonada kechgacha o‘tirishdi. Aroqning so‘nggi xili-yu, pivo aralashiga ichilaverdi. Komila ham kayfning zo‘ridan aljirab qoldi.

Shuhrat yana Mehrioyning uyiga yo‘l oldi. Uy bekasi qovog‘ini osiltirsa-da, ularni kutib oldi. Eshikka Ra’noxonning uch farzandi ham chopib kelishdi. Ular Shuhratdan begonasirashmadi, aksincha, muloyim tabassum bilan tikilib turishdi. Mehrioy “mehmon”larning kayfi ancha baland ekanligini sezib, nevaralariga jahl qildi:

- Senlarga maymun o‘ynatyaptimi, kirib yotinglar.

Bu orada Komila uy bekasining yotoqxonasiga kirib, divanga uzala tushdi. Shuhrat ichkariga kirishga urinayotgan edi, Mehrioy uning qo‘lidan ushladi: 

- Biz endi ko‘chada qoldikmi?

Komila mast bo‘lsa-da, hammasini anglab turardi. Mehrioyning kinoyasini eshitarkan, ko‘ngliga og‘ir oldi. Demak, Shuhrat bu ayol bilan ham don olishib yurarkan-da. U jahl bilan o‘rnidan turdiyu, Shuhratning “hoy-hoy”iga qaramasdan eshikni ochganicha, o‘zini tun qo‘yniga urdi.

Shuhrat Komilaga “uylanaman” degan va’dalari yolg‘on ekanligini o‘zi bilardi. Shu sababli uning ketishidan unchalik xafa bo‘lmadi. Aksincha, alamini Mehrioydan oladigan bo‘ldi.

- Ra’no qanjig‘ingiz qachon keladi? - o‘shqirdi xonani buzgudek baqirib.

- Qanjiq?! Kelinim senga qanjiq bo‘ldimi? Erining oldida ishlab yuribdi.

- U haromi mendan qarzdorligini bilasizmi?

- Qanaqasiga qarzdor?

- Shunaqasiga! Sizga aytmaganmidi? Katta o‘g‘limni it tishladi, deb mendan 230 ming so‘m pul olgan edi.

- Yo‘q, - dedi Mehrioy keskin ohangda. - Shu yerda vaqti nega so‘ramading?

- Erimga aytdim, Rossiyadan pul jo‘natadi, deb yaltoqlangandi-ku!

Xonadagi shovqindan bolalarning oromi buzildi. Ular birin-ketin o‘rinlaridan turib, buvisiga yaqinlashishdi. Mehrioy Shuhratning yuzidagi vajohatni ko‘rib, bolalar qo‘rqmasin, degan maqsadda ularni tashqariga chiqarib yubordi. O‘zi ichki xonaga kirib, ko‘ylaklarini yechdi-da, egniga gulobi xalatini tashladi va hali xona yo‘lagida turgan Shuhratning qarshisiga kelganicha devorga suyandi. U o‘z turishi bilan Shuhratning hirsini qo‘zg‘atishga urinar ekan, so‘zi bilan ham uni o‘ziga jalb etishni o‘yladi.

- Xo‘sh, Ra’noxon sendan qarzdor ekan. Unga berganingni men uzayapman-ku, haqqini olyapsan.

- Hali qarzni uzayapman deng, - Shuhrat g‘azabini tiliga chiqardi. - Men bu pullarni peshona terim bilan topgandim. Uylanishimga kerak bo‘ladi, deb yig‘ib qo‘ygandim!

- Xafa bo‘lma, jonginam, - Mehrioy uni yupatishga urindi. - Pul bo‘lsa topilar.

Shuhrat ayolning erkalashidan biroz eridi shekilli, egnidagi sarg‘ish futbolkasini yechib, ko‘rpacha ustiga tashladi. Lekin hali g‘azabini yig‘ib olmagan edi. Shuhratning yechinganini ko‘rib, Mehrioy uni to‘shakda o‘ziga keltiraman, degan o‘y bilan ichkariga kirdi. Shuhrat oshxonaga borib u yerdan o‘tkir pichoqni chap yoniga yashirib xonaga kirdi. Bag‘riga jazmani yaqinlashishini intizorlik bilan kutayotgan Mehrioy Shuhratning qo‘lidagi pichoqni ko‘rib, qo‘rqinchdan baqirib yubordi.

- Nima qilmoqchisan?

Shuhratning g‘azabli ovozi yangradi:

- Sen manjalaqining jazosi shu!

U ayolning ko‘krak qafasiga bir necha bor pichoq sanchdi. Mehrining nafasi qo‘rqinchdan ichiga tushib, gapira olmadi. So‘nggi o‘tinchini ham aytolmasdan jon berdi. Shuhrat jinoyat izini yashirish uchun Mehrioyning ikki qo‘ltig‘idan ko‘tarib, yuvinish xonasiga olib o‘tdi va jonsiz tananing bosh qismini beton devorga suyab qo‘ydi. Qo‘llaridagi qon izlarini yuvdi, qonga bo‘yalgan ko‘k rangli jinsisini yechib, divan orqasiga tashladi.

Sholcha va ko‘rpachadagi qon dog‘larini yuvdi. Bu orada tashqari eshik taqillab qoldi, Mehrioyning uch nevarasi kechki sayrdan qaytgan edi.

- Buvinglar to‘yga ketdi, - dedi Shuhrat o‘zini yo‘qotmagan holda va bolalarni ichki xonaga olib o‘tdi. 

So‘ng bolalardan ikki kichigini uyga qamab, ustidan qulflab, kattasini ko‘chaga olib chiqdi. Pastdagi do‘konchadan 200 gramm aroq sotib olib ichdi. O‘zini mehrli ko‘rsatish maqsadida bolani narigi do‘konga yetakladi. Uni muzqaymoq bilan siyladi. Shuhrat uyga qaytib, zinalardan ko‘tarilar ekan, hamon xayolida qotillikni qanday yo‘qotish yo‘llarini izlardi.

- Nima qilsam ekan, - u o‘ziga-o‘zi pichirlardi. - Hozir noma’lum tomonga qochib ketsammi? Bolalar meni tanishadi-ku! Ertaga aytib qo‘yishsa-ya! Eng to‘g‘ri yo‘l - bolalarning uchalasini ham gumdon qilish. Biror guvoh qolmaydi. Qanday qilib yo‘qotish mumkin?

Shuhratning xayoliga razil ishlar keldi va dadillik bilan yuqoriga ko‘tarildi. Bolalar hali uxlashmagan ekan. Akasini ularning yoniga kiritdi-yu, o‘rtanchisining qo‘lidan ushlab, ikkinchi xonaga olib o‘tdi va hech ikkilanmasdan, uni yechintirib, karavotga yuztuban yotqizdi. Bola jonholatda tipirchilardi. Shuhrat uning boshini pastga bosdi. Go‘dak nafasi qaytib, jon berdi. 

Vahshiy bu bilan kifoyalanmadi, kenja go‘dakni boshqa xonaga ko‘tarib o‘tdi. Bu safar go‘dakni qiynab o‘ldirishning boshqa yo‘lini qo‘lladi. Oshxonadan keltirgan qizil dastali pichoq bilan uning qorin qismiga bir necha bor urdi. Bu qiynoq va azob yetmaganidek, qo‘liga tushgan rezinali sim bilan uni bo‘g‘di.

Endi bolalarning to‘ng‘ichiga navbat yetdi. Xayriyat, u uxlab qolgan ekan. Qonsiragan Shuhratga ham uyqu zo‘rlik qildi. Bolaning yoniga cho‘zilib, ko‘zi uyquga ketdi.

27 avgustning mudhish sahari. Erta tong, soat 4.00 lar chamasi. Shuhrat hali uyquda yotgan bolani divan ustiga oldindan keltirib qo‘ygan oq sim bilan bo‘ynidan qattiq siqdi. Bola jon berdi. Shuhrat uni sudrab, narigi xonaga o‘tkazdi va ustiga ko‘rpacha tashlab qo‘ydi.

Endi so‘nggi niyat juftakni rostlab qolish edi. Bu paytda soat 7:00 ga yaqinlashgandi. U eshik tomon yaqinlashar ekan, nimadir esidan chiqqandek yana orqasiga qaytdi. Endi unda qonli qo‘llari bilan murdalarning kiyim-boshlari, qimmatbaho buyumlarini o‘marib ketish niyati tug‘ilgandi.

* * *

Qotil kiyim javonining ichidan qora rangli sport shimi va yashil rangli futbolkani olib, ustiga kiydi. Shifonerda bog‘langan bo‘g‘chani shoshilmasdan bog‘ichlarini yechdi. Unda ikki bog‘lam 200 so‘mlik hamda aralash holdagi 500 va 1000 so‘mliklar yotardi. Erinmasdan sanadi: 125 ming so‘m. Shuhrat cho‘ntagini qappaytirar ekan, eshikni qulfladi va pastga tushib, “Damas”ga o‘tirganicha Siyob bozori tomon yo‘l oldi.

Qotil bozordagi oshxonalardan biriga o‘zini urdi. Odatiga ko‘ra 200 gramni harom tomog‘iga tashlab olar ekan, joniga bir oz orom kirganday bo‘ldi. Lag‘monni paqqos tushirib, qayerga borishini bilmasdan, kun bo‘yi sanqidi. Odatiy ishi - xumori kelganda biror do‘kon yoki oshxonaga kirib, aroq ichdi. Bugungi ziyofat unga beminnat, cho‘ntak to‘la aqcha. Kayfini suraverib Shuhrat kech bo‘lganini ham bilmay qolibdi. Qayerga borib tunasin? Qishloqqa qaytib ketsinmi? To‘g‘risi, anchadan beri Pulimug‘obga borgan emas. “Chashma” restorani qurilishidan ketib qolganidan beri amakisi Qo‘ldoshning oldida yuzi yo‘q. Nimasidan tashvish qiladi? Cho‘ntagida Mehrioyning kaliti bor-ku! U hech ikkilanmasdan “Damas”ga o‘tirdi. Bu paytda vaqt kechki o‘ndan oshgan edi.

Shuhrat cho‘ntagida kaliti bo‘lsa-da, uyga qo‘rqinch iskanjasida qadamini bosdi. U biror kishi ko‘rib qolishidan cho‘chigan emas, aksincha, uyning turli burchaklarida yotgan murdalarning ruhi uning bo‘yniga sirtmoq soladigandek edi. Qotil o‘sha kecha murdalar yonida uxladi. Uxladi emas, tonggacha alahsirab chiqdi. O‘rnidan turib yuvinish xonasiga bordi. Dahshat! Qonga bo‘yalgan Mehrioy unga sovuq tikilib turibdi. Xonalardagi norasidalar qanday yuztuban yotqizgan bo‘lsa, shundayligicha toshdek qotgan.

Shuhratning faqat bir narsadan ko‘ngli taskin topdi. Bugun 28 avgust. Qotilligini ikki kundan beri hech kim sezgani yo‘q, biror kimsa bezovta qilib, eshikni ham qoqqani yo‘q. U tong saharda o‘rnidan qo‘zg‘alar ekan, yana shoshilmasdan uyda tintuv o‘tkazdi.

Bu safar qo‘liga ayollarning kiyimlari tushdi. Shifonerni ochib, u yerdan ayollarning ko‘ylaklari, yubkalar, etik, jemfer, kofta-yubka, oq jun ro‘mol, hali kiyimga aylanmagan qimmatbaho materiallarni oldi, divan ustidagi kulrang gulli choyshabga o‘rab, ularni Siyob bozoridagi eski narsalarni sotib o‘tiradigan ayollarga arzon-garovga sotib, kechgacha maishat qildi.

Murdalar evaziga to‘plangan choychaqa ham tugab borardi. Shu sababli Shuhrat xumori tutib, yana murdalar xonasiga yo‘l oldi. Hali uning mo‘ljaliga ko‘ra, Mehrioyning to‘plagan bisoti qo‘lga olinmagan edi. Tush vaqtida xonaga yetib keldi-yu, to‘g‘ri marhumaning shifoner ustidagi vazalarini kovlay boshladi. Uni ag‘darganida ichidan bir dona katta qizil toshli uzuk, bir juft qubba shaklli, atrofi oq toshli sirg‘a, bitta ingichka tilla zanjir tushdi. Shuhrat xazina topgan tentakday esankirab qoldi. Maydalab sotib yesam, bir necha kun pichog‘im moy ustida bo‘ladi. U ana shunday xayol bilan uzukni qo‘liga oldi, qolganlarini divandagi yostiq ostiga yashirdi. Shuhrat ikkilanmasdan tanishi, kiyimlarni xarid qilgan ayol tomon shoshildi. Xayriyat, ayol lash-lushini yig‘ishtirib ketib qolmagan ekan. U uzukka pulni naqd sanab berdi. Shundan keyin qotil o‘zini har kungidan ko‘proq tetik sezdi, cho‘ntagi ko‘targani uchun shaharning eng shov-shuvli restoraniga borib o‘tirdi. Qarasa, vaqt ham allamahal bo‘lgan, u bu tunni ham marhumlar yonida o‘tkazishga qaror qildi.

29 avgust. Tong mahali. Shuhrat xonalarga kirib, murdalarga nazar soldi. Toshdek qotib yotishibdi. Ammo ulardan qandaydir yoqimsiz hid kela boshlabdi. Endi bu yerga kelishning iloji yo‘q. Shuhratning qat’iy qarori shu bo‘ldi. U yostiq ostida qoldirgan tilla zanjir va bir juft sirg‘ani cho‘ntagiga soldi-da, yana Siyob bozori tomon ravona bo‘ldi. Yana o‘sha ayolga murojaat qildi. Tilla zanjirni pulladi. Shuhratning cho‘ntagi ancha qappayib, ko‘ngli eski bir tanishini tusab qoldi. Mardikorlikda ishlab yurganida Halim aka degan kishi bilan suhbati to‘g‘ri kelib qolgan edi. Bir-yarim uyiga borib tunagan kechalari ham bo‘lgan. Kunni bozor atrofidagi qahvahonalarda kech qildi-yu, so‘ngra yelim xaltachaga u-bu narsa xarid qilib, Halim akanikiga jo‘nadi. Kiyinishi-yu qo‘lidagi bozorligini ko‘rib, Halim aka Shuhrat moddiy ahvoli ancha yaxshilanib qolganini sezdi. Unga ko‘rpacha solar ekan, hazilomuz gap tashladi.

- Bu deyman, Shuhratjon, ishlaringiz ancha rivojlanib qolgan ko‘rinadi.

- So‘ramang, - dedi mehmon sir boy bermaslikka urinib. - Biroz Toshkentda ishladim, keyin Qozog‘istonga bordim. Har holda nasibamni topib keldim.

- Yashang, - dedi Halim aka. - Yigit degani shunday bo‘lishi kerak-da.

Uy bekasi choy qildi, Shuhrat keltirgan masalliqdan osh damladi. Ular allamahalgacha otamlashdilar. Halim aka erta tongda mardikorlikka chiqishga tayyorgarlik ko‘rayotgan edi, Shuhratning mardligi toshib ketdi.

- Akaxon, bugungi xarajat bizdan, - u yonidan bir dasta pul chiqarib, dasturxon ustiga qo‘ydi. - Har kuni ishga boraverib, charchagansiz. Bugun birga dam olaylik. Ertaga qishloqqa tushaman, keyin yana "qozoq"qa qaytib ketish niyatim bor.

Halim aka mehmonning taklifiga rozi bo‘ldi. Xotiniga ovqat buyurdi. Shunday qilib, Shuhrat 30-31 avgustni tanishining uyida, ziyofat dasturxonida o‘tkazdi. Hali pul manbai - cho‘ntagida bir juft sirg‘asi turibdi. 1 sentyabr kuni ertalab Shuhrat tanishi bilan xayrlashdi. Har ikkalasi ham o‘z yo‘liga ketishdi. Shuhrat yana yo‘lni Siyob bozoriga soldi. Sirg‘ani zargarlik do‘koniga ko‘rsatdi. Ular narxini past aytishdi. Yana uning joniga o‘sha ayol oro kirdi. Shuhrat sirg‘aning pulini ham kechgacha tugatdi. Cho‘ntagida bir chaqa ham qolmadi. Xayriyat, bozordagi somsaxonada qishloqdoshlaridan biri ishlar ekan. Unga yalindi:

- Ergashvoy, mardikorning kuni qursin. Har kun ham omading chopavermas ekan. Puldan qarashib tur. Soch-soqolimni olay, ertaga bozorga kirganimda tashlab o‘tarman.

Ergash nomini tutgan yigitga sinchiklab tikildi. Qishloqda o‘g‘ri deb dong taratgan Shuhrat. U bilan adi-badi aytishib o‘tirish-ning foydasi yo‘q. Ergash cho‘ntagidagi borini chiqarib, uzatib yubordi. Aldamagan ekan, u to‘g‘ri sartaroshxonaga kirdi. Soch-soqolini oldirib bo‘lgach, sartaroshga iltimos qildi.

- Mening shu tuguncham, - eski ish kiyimlari solingan yelim xaltachani ko‘rsatdi, - bozorni aylanib kelgunimcha yoningizda tursa.

Sartarosh yo‘q demadi. Lekin Shuhrat shu ketganicha qaytib kelmadi. Balki u qilmishini aniqlovchi tezkor tergov guruhning izidan tushganini sezib qolgandir? Chunki o‘sha kuni tergovchilar Siyob bozorida bo‘lishdi. Qotilning navbatdagi qadami sartaroshxonaga yetgani ma’lum bo‘ldi. Sartarosh ichki ishlar xodimlariga u qoldirib ketgan yelim xaltachani ko‘rsatdi. Qotilning qochar yo‘li qisqa bo‘ldi. Ertasi kuni qo‘lga olinib, panjara orqasiga tashlandi. To‘rt kun egasiz yotgan to‘rt marhumning xonadonida qolgan qo‘l izlari Shuhratning qonli qo‘llariga aynan mos tushdi.

Sud hamisha ko‘ziga qora ko‘zoynak taqishni odat qilgan Shuhrat Olloyorovning qilmishiga yarasha uzoq muddatli qamoq jazosini berdi. Ammo eng achinarlisi, uch yosh, norasida go‘daklarning umri xazon bo‘ldi, ularni tarbiyalagan buvining ham umri qonli qo‘llardan yanchildi. Farzandlarini tashlab Rossiya ko‘chalarida tirikchilik va rizq ilinjida yurgan ota-onaning bag‘ri ezildi, turmushi parchalandi, ro‘zg‘ori buzildi.

Voqea sodir bo‘lganidan buyon ancha kunlar o‘tsa-da, hamon bir o‘y tinchlik bermaydi: Shuhrat singari hayotga qora ko‘zoynak orqali boquvchilar boshqa yo‘qmikan?! Bunday kimsalardan Allohning o‘zi saqlasin.

Ismatilla Yo‘ldoshev.