O‘g‘irlangan bola bilan chiqindixonada yashayotgan xasta ayol qo‘mitadan yordam so‘radi
O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasini kutilmagan holatlar, vaziyatlar makoni deyish mumkin. Bu yerga turfa taqdirga ega, turli o‘y-niyatdagi insonlar, asosan, ayollar najot izlab kelishadi. Balki shu tufaylidir, bu yerda kutilmagan hodisalarga tez-tez duch kelinadi.
Yaqinda qo‘mita xodimi Feruza Oripova bir voqea haqida hikoya qilib berdi.
“Tonggi soat 7 lar atrofida ishga shoshib turgandim, birdan telefonim jiringladi. Psixolog Shoira Isoqova ekan, xavotir bilan so‘z boshladi:
— Feruza, uzr sizni bezovta qildim, ishga shoshayotgandirsiz? Menga ham hozir tanishlarim qo‘ng‘iroq qilib, “Shoira opa, biz yashayotgan uy yaqinidagi chiqindixonada bir ayol 1-2 yoshlar atrofidagi bola bilan yashayapti. Bola tinimsiz yig‘laydi, ona esa “Qashqadaryolikman, davolanishim kerak, bolani detdomga topshiraman” deydi. Nima qilsak ekan shu bo‘yicha?” deb so‘rashyapti. Shuning uchun darrov sizga telefon qildim.
— Shoira opa, o‘shalarga ayting, bizning 1146 raqamli “Ishonch telefoni”mizga chiqib, voqea haqida batafsil ma’lumot berishsin. Ona-bola hali ham chiqindixonada bo‘lsa, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasiga zudlik bilan yuborishsin, — dedim men Shoira opaga va xayolimdan “Qaysidir qiynalgan ayol Toshkentga kelib, davolanmoqchi bo‘lsa, imkon topolmadimikin yoki o‘zi asl maqsadi bolasini mehribonlik uyiga topshirishmikin? Unday bo‘lsa, nega shuncha vaqtdan buyon chiqindixonada yashab yurgan ekan-a?” degan fikrlar o‘tdi.
O‘sha kuni soat 10:00 lar atrofida qo‘mitada davom etayotgan qabul payti jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Ozoda Islomovaning qabuliga o‘zini “qashqadaryolikman”, deya tanishtirgan ayol qo‘lida kichkina bola bilan kirib keldi. Suhbat jarayonida ayolning o‘zini tutishi, bolaga nisbatan o‘ta sovuqqon ekanligi va yoshi kattaligi, bolani avvaliga o‘z farzandim deb tanishtirib, keyin esa birovning bolasi deyishi, savollarga uzuq-yuluq javoblar berishi Ozodaxonda shubha uyg‘otadi. U vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Qashqadaryo viloyatiga qo‘ng‘iroq qilib, ayol haqida ma’lumot so‘raydi.
Ma’lum bo‘lishicha, bu ayol aslida ruhiy kasal bo‘lib, haqiqatan ham bola uniki emas ekan. Ayol singlisining farzandini o‘g‘irlab kelgan bo‘lib, bechora ota-ona 2 kundan buyon bolasini qidirayotgan, hatto uni topish uchun viloyat ichki ishlar boshqarmasi ham “oyoqqa turgan” ekan. Bolakayning onasi esa xavotir va qo‘rquvdan ahvoli yomonlashgani ma’lum bo‘ldi.
Shu kuni Qashqadaryo viloyati xotin-qizlar qo‘mitasi raisi tezkor chora ko‘rib, ayol va bola uchun mashina yubordi. Bolakay onasining qo‘liga sog‘-omon topshirildi. Xasta ayol esa davolanish uchun shifoxonaga yotqizildi”.
Chindan ham, loqaydlik insoniyatni jaholatga yetaklaydi, hushyorlik esa tinchlik va xotirjamlikka sabab bo‘ladi. Agar ayolni o‘sha chiqindixonada ko‘rganlar xabar bermaganida, ularni ancha vaqt boqishmaganida, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasiga kuzatib yuborishmaganida, qandaydir salbiy voqea sodir bo‘lishi mumkin edi. Psixolog Shoira Isoqova, qo‘mita xodimlari Feruza Oripova hamda Ozoda Islomovaning vaziyatni to‘g‘ri baholab, o‘z vazifasiga mas’uliyat bilan yondashgani bois balki, yuz berishi muqarrar bo‘lgan bir fojianing oldi olinib, hammasi yaxshilik bilan yakunlandi.
"Hammamiz hamisha ana shunday hushyor bo‘laylik", deyilgan O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi matbuot xizmati xabarida.