O‘g‘irlangan chelak, otishmasiz urush va odamxo‘r hukmdor: Insoniyat tarixidagi g‘alati urushlar
Insoniyat tarixi bu - urushlar tarixidir. Shveysariyalik Jan-Jak Babel miloddan avvalgi 3500 yildan boshlab butun tarixda bo‘lib o‘tgan urushlarni hisoblab chiqdi va shu davr davomida insoniyat atigi 292 yil tinch-totuv yashab kelganini aniqladi. Bu urushlarda halok bo‘lganlar sonini hisoblash qiyin. Ushbu maqolada biz arzimas sabablarga ko‘ra boshlangan eng g‘alati to‘qnashuvlarni tanladik.
“O‘g‘irlangan chelak” mojarosi
Bu urush 1325 yilda Apennin yarim orolida raqobat bir asrdan ko‘proq vaqt davom etib kelgan Italiyaning Boloniya va Modena o‘rtasidagi shaharlari o‘rtasida boshlangan. 1325 yilning kuzida u yerda yana bir to‘qnashuv sodir bo‘lib, Modenaning bir necha askarlari tunda Boloniya qudug‘idagi eman chelakni o‘g‘irlab ketishdi. Ertasiga ertalab ular chelakni masxara qilib, vatandoshlariga tantanali ravishda namoyish etishdi.
Boloniya aholisi uchun bu o‘g‘irlik sabrning so‘nggi tomchisi bo‘ldi. Shahar hokimiyati qo‘shnilardan “yetkazilgan zarar”ni joyiga qaytarib qo‘yishni talab qildi. Modena kengashi esa bu talabni e’tiborsiz qoldirdi.
Shunda boloniyaliklar yigirma minglik qo‘shin yig‘ib, Modenaga hujumga o‘tdilar. To‘qnashuv natijasida jang maydonida har ikki tomondan 2 mingdan ortiq kishi halok bo‘ldi.
Bugungi kunda o‘g‘irlangan chelakning “nusxa”si Modena sobori qo‘ng‘iroqxonasida osiliq turadi.
Gollandiya va Silli orollari o‘rtasidagi urush
Angliyadan 45 kilometr janubi-g‘arbda joylashgan 55 ta kichik Silli orollari Britaniya tojining bir qismidir. 1641 yilda Britaniyada parlament va qirollik tarafdorlari o‘rtasida fuqarolar urushi boshlandi.
Qirollik tarafdorlari mag‘lubiyatga uchradi, lekin ularning floti Silli orollarida mustahkam o‘rnashib olishga muvaffaq bo‘ldi. 1651 yilda parlamentariylarni qo‘llab-quvvatlagan Gollandiya bu qirollik qoldiqlariga qarshi urush e’lon qildi. Isyonchilar tez orada Londonga taslim bo‘lishgan bo‘lsa-da, Gollandiya va Silli orollari o‘rtasida rasmiy tinchlik 1986 yilgacha o‘rnatilmasdan qoldi.
Ajablanarlisi, 335 yil davomida urushayotgan tomonlar bir-biriga qarata bitta ham o‘q uzgani yo‘q. Lekin rasmiy ravishda, bu yillar davomida ular o‘rtasida urush harakatlari olib borilgan.
Futbol urushi
1969 yilda bir-biriga qo‘shni, tarixan raqib bo‘lgan Lotin Amerikasining ikki davlatlari o‘rtasida jiddiy mojaro yuz berdi. O‘sha yili bo‘lib o‘tayotgan futbol bo‘yicha Jahon chempionatining saralash bosqichida Salvador va Gonduras jamoalari to‘qnash kelishdi. 3 ta o‘yindan so‘ng muxlislar orasida janjal boshlandi.
Gonduras jamoasi hal qiluvchi uchinchi o‘yinda mag‘lub bo‘lgach, mamlakatda salvadorliklarning ta’qibi avjiga chiqdi. Shunda Salvador o‘z vatandoshlarini himoya qilishga qaror qilib, qo‘shin kiritdi.
6 kun davom etgan urushdagi yo‘qotishlar tinch aholini hisobga olgan holda 5 mingdan ortiq kishini tashkil etdi. Qarama-qarshilik BMT bosimi ostida har ikki tomon uchun hech qanday natijasiz tugadi.
Amerika-Uganda urushi
1975 yilda Sharqiy Afrikadagi davlat to‘ntarishidan so‘ng Ugandani hokimiyat boshiga kelgan jirkanch ofitser Idi Amin boshqargan. Bu shaxs hech kimni mensimaydigan, kannibalizmni yaxshi ko‘radigan va jahon terrorizmini qo‘llab-quvvatlaydigan zolim edi. Qo‘shni davlatlar, Yevropa, SSSR va ayniqsa, AQSh uning bu harakatini ma’qullamadi. Buni bilgan Idi Amin Vashingtonga urush e’lon qildi.
Shunday bo‘lsa-da, diktator ertasi kuniyoq konferensiya chaqirtirib, urush Ugandaning so‘zsiz g‘alabasi bilan yakunlanganini e’lon qildi. Oq uy afrikalikning bu axmoqona “chiqish”ini shunchaki e’tiborsiz qoldirdi.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.