O‘g‘irligi uchun qamalmagan samarqandlik yigit giyohvandlik vositasini sotgani tufayli 5 yilu 2 oyga “kesildi”

Samarqandlik 1993 yilda tug‘ilgan bu yigitcha 2014 yilda o‘g‘irlik qilgani uchun sudlagan. O‘shanda jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining hukmiga ko‘ra, ish haqining 20 foiz miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 3 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.

Tegishli xulosa chiqarmagan Vahob Olimov (ism, familiyalar shartli) 2018 yil jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining hukmi ko‘ra, 3 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilingan. Bu safar firibgarlik hamda hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish bilan bog‘liq jinoyati uchun.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Past Darg‘om tuman sudining 2019 yil 16 avgust kungi ajrimi bilan o‘talmagan 2 yil 3 oy 10 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi, shu muddatga ish haqining 20 foiz miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilgan.

O‘rgangan ko‘ngilmi yoki bukrini go‘r to‘g‘rilaydimi?! Qanday ta’rif berishga ham ikkilanasan. Negaki, hali jazo muddati tugamagan Vahob yana jinoyatga qo‘l urdi.

To‘g‘ri, u dastlab qo‘lga tushmadi: o‘sha kuni Samarqand shahar “Marmar” dehqon bozori kirish darvozasi oldida Xolmurod Bekmurodovni tanasining turli sohalariga urib, ya’ni zo‘rlik ishlatib, 200 ming so‘mlik qo‘l sumkasini olib qochgan.

Oradan ko‘p o‘tmay o‘zining aybli ijtimoiy xavfli qilmishini davom ettirib, Samarqand shahridagi supermarketlardan birining oldida o‘tkazilgan 1,05 gramm - ozginadan ko‘proq miqdordagi “marixuana” giyohvandlik vositasini sotgan vaqtda qo‘lga olingan.

Bu safar sud Vahob Olimovga hozirgi kunga qadar o‘talmagan axloq tuzatish ishlari jazosiga qisman qo‘shib, uzil-kesil 5 yil 2 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Jazo qattiq tartibli koloniyalarda o‘tashlik belgilandi.

Abduhakim OLTIBOYeV,
jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi sudyasi.