Ohangaronda Navro‘z ohanglari yangradi

Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari assotsiatsiyasi, Yozuvchilar uyushmasi, Toshkent viloyati hokimligi tashabbusi bilan Ohangaron tumanida «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil» dasturi doirasida tadbir bo‘lib o‘tdi.

Taniqli yozuvchi va shoirlar, teatr va kino arboblari, estrada yulduzlari, folklor san’ati vakillari hamda samarqandlik bir guruh ijodkorlar dastlab Zangiota yodgorlik majmuasini ziyorat qilishdi.

Ohangaronning so‘lim bog‘i bag‘rida tashkil etilgan «Har kuning bo‘lsin Navro‘z!» madaniy-ma’naviy tadbiri yig‘ilganlarda chinakam bayramona kayfiyat uyg‘otdi. Bu yerda ko‘chma hayvonot bog‘i, hunarmandchilik ko‘rgazmalari, kurash va ko‘pkari musobaqalari, «Ibratli oila», «Ibrali mahalla», «Mohir baxshi», «Mohir laparchi» ko‘rik-tanlovlari tashkil etildi.

- Navro‘z yasharish bayrami, deganlaricha bor, - deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Saida Rametova. - Har yili Navro‘zda yosharganday bo‘laman va bolaligimda Samarqand shahrida o‘tadigan ko‘klam sayillari ko‘z oldimga keladi. Bugun ham shunday bo‘ldi. Qarang, Navro‘z shukuhi insonlar qalbiga qanday fusunkor tuyg‘ularni olib kirdi. Oddiy qishloq odamlari bilan bir dasturxon atrofida o‘tirib, dildan suhbatlashdik, quvonchiga sherik bo‘ldik.

Oydin tayyorladi.