“Oila” markazi direktori yangi lavozimga tayinlandi
Dilorom Toshmuhamedova 2019 yil o‘tgan saylovlarda xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputatligiga, so‘ng Senat a’zoligiga saylandi.
D.Toshmuhamedova 2020 yilning yanvar oyida Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lavozimiga tasdiqlandi.
O‘zbekiston Konstitutsiyasining 88-moddasiga ko‘ra, Qonunchilik palatasi deputatlari hamda Senatning doimiy asosda ishlovchi a’zolari o‘z vakolatlari davrida ilmiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishlari mumkin emas.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 14 fevraldagi qaroriga muvofiq senator Dilorom Gafurdjanovna Tashmuhamedova boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan Hukumat huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi direktori lavozimidan ozod qilindi. Bu haqda “Oila” markazining matbuot xizmati xabar berdi.
Dilorom Toshmuhamedova O‘zbekiston Respublikasi Parlamenti Qonunchilik palatasining I va II chaqirig‘i (2008-2015 yillar) Spikeri lavozimida faoliyat yuritgan.