Samarqand viloyatida 25 yanvardan 5 fevralga qadar oilalarni mustahkamlash o‘n kunligi bo‘lib o‘tmoqda
“Farovon oila - jamiyat rivojining asosi” shiori ostida o‘tkazilayotgan dekadada oilalar mustahkamligini ta’minlash bo‘yicha qator tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Past Darg‘om tumanida o‘tkazilgan tadbirda "Oila" ilmiy-amaliy markazi Samarqand viloyati bo‘limi vakillari, faollar, xotin-qizlar bilan ishlaydigan mutaxassislar ishtirok etdi.
- Oilalardagi ajrimlarning oldini olishda endilikda shunchaki tadbirlar emas, balki aniq yo‘naltirilgan suhbatlarga ko‘proq urg‘u qaratayapmiz, - deydi "Oila" ilmiy-amaliy markazi Samarqand viloyati bo‘limi rahbari Zebuniso Shodiyeva. - O‘rganishlarimizga ko‘ra, ajralishlarning 70 foizi yosh oilalarda yuz bermoqda. Buning asosiy sababi esa ularning oilaga tayyor emasligida.
Tadbir ishtirokchisi - SamDU psixologiya fakulteti o‘qituvchisi, psixolog Abira Bahromova oilalardagi ajralishlarning psixologik jihatlariga urg‘u berib, “Oilaga tayyormisiz?”, degan savolga aksar yoshlarning javobi yo‘qligi muammoning asl sababi ekanligini ta’kidladi.