Uchinchi shaxs aralashmaganda edi… Yoki muammoli oilalarda olib borilgan o‘rganishlar hisoboti

Viloyatdagi 900 mingga yaqin oilalarning 236 mingtasi namunali sanaladi. Bu kammi yo ko‘p? Markaz tomonidan 4,5 mingga yaqin ajrim yoqasida turgan oilalarning bu holga kelib qolish sabablari o‘rganilib, tahlil qilindi. «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi viloyat boshqarmasi qoshida viloyat prokuraturasi hamkorligida tashkil etilgan «Ishonch-madad» markaziga shu paytga qadar 60 ga yaqin murojaat tushgan bo‘lib, ularning 30 foizi ijobiy hal etilgan, qolganlari tegishli tashkilotlarga yo‘naltirilgan.

Bu ma’lumotlar «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi viloyat boshqarmasi tomonidan, markazning yangi binosida o‘tkazilgan brifingda qayd etildi. Tadbirda o‘tgan yil davomida amalga oshirilgan ishlar, tadqiqot natijalari, joriy yilgi rejalar xususida so‘z bordi. Unda markaz bilan hamkorlikda faoliyat olib borayotgan tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

- Oilaviy ajralishlarning oldini olish maqsadida bir necha bosqichli so‘rovnomalar olib borildi, - deydi «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Zebiniso Shodiyeva. – Ajralish arafasidagi hamda sud orqali ajrashib ketgan oilalarning bunga yetaklovchi omillari chuqur o‘rganildi. Xususan, 762 ta ajrim yoqasida turgan oilalardagi muammolar tahlili quyidagi xulosalarni berdi.  Ya’ni alohida yashash imkoniyati mavjud bo‘lganda 188 ta oilani, ish bilan ta’minlanganda 154 ta, oilaviy munosabatlarga uchinchi shaxslar aralashuvining oldi olinsa 182 ta, turmush o‘rtog‘i ichkilikdan voz kechsa 109 ta, oilaning iqtisodiy ahvoli yaxshilansa 156 ta, mahalla faollarining yordami bilan 61 ta oilani asrab qolish mumkin bo‘lardi. O‘rganishlarimiz natijalari tegishli idoralarga berilib, buning asosida ish olib borilishi belgilandi. Hamkor tashkilotlar bilan olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida 564 ta oila yarashtirildi.

Anjumanda hamkor tashkilotlarga markazning faxriy yorliqlari topshirildi. 

Gulruh MO‘MINOVA.