Olimlar jismoniy mashqdan ko‘ra inson sog‘lig‘iga nima yaxshi ta’sir qilishini aniqladi

Oddiy mehr yoki har qanday xayriya faoliyati jismoniy sog‘liqni yaxshilashga yordam berar ekan. Ilm-fan volontyorlik (ko‘ngillilar) va vaqti-vaqti bilan qilingan xayriya ishlari farovonlik va uzoq umr ko‘rishda yordam berishida tobora ko‘proq dalillarni topmoqda. Masalan, ba’zi tadqiqotlar ko‘ngillilik erta o‘lim xavfini 24 foizga kamaytirishini ko‘rsatdi – bu har kuni olti yoki undan ortiq porsiya meva va sabzavot iste’mol qilish bilan barobar.

Bundan tashqari, bu odamlarda qondagi shakar miqdori oshishi yoki yurak xastaligiga olib keladigan yallig‘lanish xavfi past bo‘ladi.

Kanadadagi o‘rta maktab o‘quvchilari ikki guruhga bo‘linib, bir qismi ikki oy davomida kichik sinf o‘quvchilariga yordam berish uchun yuborilgan, boshqalari esa o‘z navbatini kutish uchun qoldirilgan. Belgilangan vaqt o‘tgach, ikki guruh o‘rtasidagi tafovut ularning qon tahlilida aniq ko‘rinib turardi. Ko‘ngillilarda xolesterin miqdori va qondagi interleykin-6 kabi yallig‘lanish ko‘rsatkichlari past bo‘lgan, bu nafaqat yurak-qon tomir kasalliklarining oldini oladi, balki virusli infeksiyalarga qarshi kurashishda ham yordam beradi.

Ta’kidlanishicha, qon testi orqali nafaqat ko‘ngillilar faoliyati natijalarini, balki xayrixohlikning tasodifiy harakatlarini ham ko‘rish mumkin. Kaliforniyadagi bir tadqiqotda begona odamlar uchun kahva sotib olish kabi oddiy, xayrli ishlarni bajarishi topshirilgan ishtirokchilar genlarida yallig‘lanish bilan bog‘liq leykotsitlar faolligi pastroq bo‘lgan.

Boshqa bir tajribada ko‘ngillilar ehson qilishi paytida qo‘llari yengil toki bilan urilib tekshirildi. MRT ehson qilayotganlarning miyasi og‘riqqa chidamliroq bo‘lishini ko‘rsatdi. O‘zingizga emas, boshqalarga pul sarflash yaxshi uxlashga va qon bosimini pasayishiga olib kelishi mumkin.

Amerikalik neyrobiolog Tristen Inagaki mehr-oqibat va fidoyilik jismoniy salomatlikka ijobiy ta’sir ko‘rsatishiga amin ekanini ta’kidlaydi. “Biz o‘zaro bog‘liq bo‘lganimizda sog‘lig‘imiz yaxshilanadi, xayr-ehson esa bu munosabatlarning bir qismidir, - deydi u. - Agar biz biron kishiga mehribonlik qilsak yoki hatto o‘tmishdagi qilgan yaxshiligimizni esalasak, miyadagi qo‘rquv markazining faoliyati kamayadi”.

Bularning barchasi sog‘liqqa bevosita o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Inagaki, chaqaloqlar parvarishi simpatik (nerv sistemasining nafas olishi) asab tizimi bilan uzviy bog‘liqligini tushuntirdi, u qon bosimini tartibga solish va yallig‘lanishga qarshi javob berishda qatnashadi. Shuning uchun yaqinlaringizga g‘amxo‘rlik qilish yurak va qon tomirlari baquvvat bo‘lishini tiklaydi va uzoq umr ko‘rishda yordam beradi. “Ba’zida birovlarga e’tibor qaratish, sog‘liq uchun juda foydalidir”, - xulosa qiladi Inagaki.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.