O‘lish taqiqlangan dunyo shaharlari

Dunyodagi ba’zi shaharlarda o‘limga nisbatan rasmiy taqiq mavjud. Qiziq, bu  qanday joylar va nega u  yerda o‘lish mumkin emas ekan?

Ko‘pgina mamlakatlarning o‘ziga xos g‘alati qonunlari bor. O‘limni taqiqlash ham g‘alati qoidaga o‘xshaydi, biroq bu “noyob amal”ni dunyoning yettita shahri qabul qilgan va kundan-kunga ularning soni ortib bormoqda. Xo‘sh, bu shaharlar aholisining o‘z vatanida o‘lishiga nima to‘sqinlik qiladi?

Bu taqiqda g‘alati va mistik narsa yo‘q – qoidaga ko‘ra o‘lish man etilgan ko‘pgina shaharlarda o‘liklarni dafn etish uchun joy qolmagan, xolos. Bu butun dunyo bo‘ylab xavfli tendensiyaga aylanib bormoqda – shaharlarda qabristonlar tugayapti va rasmiylar bu muammoni tubdan xal qilish yo‘llarini izlamoqda.

Lanhoron, Ispaniya

Dunyoda qabristonda joy qolmaganligi sababli o‘limni taqiqlashni qabul qilgan birinchi aholi punkti Ispaniyaning Lanxoron qishlog‘i edi. Mamlakat hukumati 4 ming aholi istiqomat qiladigan qishloqda yangi qabriston uchun yer sotib olishdan bosh tortdi. Mahalliy hokim bunga 1999 yilda qabul qilgan qonun bilan javob berdi – Lanhoron ma’muriyati qabristonni kengaytirish uchun pul topilmaguncha aholiga o‘lishni taqiqladi. Bu qonun dafn qilinadigan joylarni ko‘paytirmadi, biroq, istehzoli merni juda mashhur qildi.

Longiyr, Norvegiya

Bunday taqiq bundan ancha oldin Norvegiyaning Longiyr shahrida  paydo bo‘lgan, biroq, sig‘imsiz qabristonlarning bunga hech qanday aloqasi yo‘q. Longiyr – mingdan ortiq aholiga ega bo‘lgan dunyodagi eng shimoliy aholi punkti (aniqrog‘i bu yerda ikki mingga yaqin kishi yashaydi). Bu yerdagi havo juda sovuq, shunchalik sovuqki, qabrlardagi jasadlar shunchaki parchalanmaydi, bu esa ularning qutb ayiqlari uchun o‘lja bo‘lib qolishi mumkinligini anglatadi.  Bundan ham dahshatlisi, muzlatilgan tanalardagi tirik virus va bakteriyalar yashab ketaveradi. Misol uchun, 1998 yilda 1918 yilda grippning og‘ir shaklidan vafot etgan odamning jasadini tekshirgan olimlar bu marhumning tanasida hali ham kasallikning tirik patogenlari yashaganining guvohi bo‘lishdi. Lekin mahalliy aholi bu kashfiyotni kutib turmagan - orolda 1950 yildayoq o‘lish taqiqlangan edi. Endilikda rasmiylar muqobil – krematsiya (maxsus pechda murdani kuydirish) qilishni taklif qilmoqda – lekin bunga rozilik beradiganlar juda oz.

Le-Lavandu, Fransiya

2000 yilda Fransiya janubidagi 5500 aholiga ega Le Lavandu shaharchasi meri ham “kim bo‘lishidan qat’iy nazar” uning shaharda o‘lishini taqiqladi. Aniqlanishicha, shahardagi qabristonda joylar tugab qolgan va yaqin atrofdagi Nitssa shahri sudi shahar hokimiga zaytun daraxtlari bo‘lgan sohil bo‘yidagi xushmanzara hududni olishga ruxsat bermadi. Ekologlar dafn qilish uchun shahar tashqarisidagi tashlandiq karerdan foydalanishni taklif qilishdi, ammo bu aholining diniy tuyg‘ularini kamsitdi – ular “axir, qanday qilib marhamatli nasroniyni poligonga ko‘mish mumkin”, deb e’tiroz bildirishdi. Shaharda yangi qabriston qurilmadi, krematsiya esa diniy qarashlarga muvofiq ildiz otmadi. 

Shu va shunga o‘xshash sabablarga ko‘ra Fransiyaning yana ikkita Kyuno va Sarpurans shaharlarida o‘lish taqiqlangan.

Itsukusima, Yaponiya

Yaponiyaning Itsukusima orolidagi qabristonda joy tugagan emas - doimiy ikki ming aholi yashovchisi bo‘lsa-da, u yerda qabristonning o‘zi yo‘q. Sintoist (budparast yoki ko‘p xudolilik)lar orolni muqaddas hisoblaydi, shuning uchun bu yerda hech qanday holatda o‘lish ham, tug‘ilish ham mumkin emas. Bu taqiq diniy urf-odatlarga asoslangan va 1878 yildan beri bu yerda hech kim tug‘ilmagan va hech kim o‘lmagan. Homilador ayollar va o‘limga duchor bo‘lganlar orolni tark etishadi. Itsukusimada oxirgi marta 1555 yilda, Miyadzima jangi paytida qon to‘kilgan. G‘olib general nafaqat barcha jasadlarni muqaddas oroldan olib chiqishni, balki qon botgan tuproqni ham yo‘q qilishni buyurdi.

Falchano-del-Massiko, Italiya

Italiyaning Falchano-del-Massiko kommunasida ham qabriston yo‘q, lekin diniy qarashlarning bunga aloqasi yo‘q. Mahalliy aholi punkti qo‘shni qishloqdagi qabristondan foydalanishga majbur. 2012 yilda mer hukumat kommunaning holatiga e’tibor qaratadi degan umidda mahalliy aholiga o‘lishni taqiqladi. Aholidan esa hokim bor kuchini ishga solib, ma’muriyat yangi qabriston qurmagunga qadar o‘lmay turishni so‘radi.

Qoidani buzganlar qo‘shni shahar qabristoniga o‘ta qimmat narxlarda dafn etiladi.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.