Oliy sud, Adliya hamda Yoshlar va sport vazirliklari vakillaridan iborat respublika ishchi guruhi Samarqandda yoshlar bilan muloqot o‘tkazmoqda

Aholini jinoyatchilikning sabab va oqibatlari haqida xabardor qilish, huquqiy tarbiyani yo‘lga qo‘yishning samarali mexanizmini yaratish bo‘yicha ishchi guruh a’zolari joylarda aholi bilan yuzma-yuz muloqot o‘tkazmoqda. Jumladan, Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimov boshchiligidagi guruh a’zolari Urgut va Tayloq tumanlarida bo‘lib jinoyatchilik sonining oshishiga sabab bo‘layotgan omillarni o‘rgandi.

Ishchi guruh a’zolari har bir mahalladagi fuqarolar bilan jinoyatchilikning oldini olish borasidagi takliflarni tingladi. Shuningdek, jinoyatlar soni oshgan mahallalardagi uchrashuvlarda tuman va shahar sudlari sudyalari tomonidan sayyor sudlar o‘tkazildi. Tadbirlarda ilm olish va sportda yutuqlarga erishgan faol yoshlar ham ishtirok etdi. Shuningdek, profilaktik hisobda turuvchi shaxslar va tarbiyasi og‘ir yoshlar ishtiroki ham ta’minlandi. Bu ikki toifa yoshlarning yonma-yon o‘tirib, davra suhbatlarida ishtirok etishi katta tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘ldi. Huquqiy tarbiyani yo‘lga qo‘yishning samarali mexanizmlarini yaratish bo‘yicha tarbiyasi og‘ir yoshlarning har to‘rttasiga bittadan tumandagi taniqli sportchilar biriktirildi. 

O‘tkazilgan davra suhbatlari davomida fuqarolarning jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy ishlar bo‘yicha murojaatlari ham ko‘rib chiqildi.

Aholini jinoyatchilik haqida xabardor qilish, huquqiy tarbiyani yo‘lga qo‘yishning samarali mexanizmini yaratish yuzasidan targ‘ibot tadbirlari davom ettirilmoqda. Tadbirlarning rasmiylikdan yiroq, samimiy va samarali bo‘lishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ishchi guruhlar tomonidan navbati bilan barcha tuman-shaharlarda bo‘lib, mahallalarda aholi bilan uchrashib, ochiq muloqotlar tashkil qilgan holda huquqiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazmoqda, deya xabar bermoqda Viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi.