Oliy sud raisi o‘rinbosarining Samarqanddagi sayyor qabullari davomida 31 nafar mahbus jazodan ozod etildi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi o‘rinbosari X.Yodgorov va Oliy sud sudyalari  20-21 aprel kunlari Samarqand viloyatining Past Darg‘om va Urgut tumanlarida sayyor qabul o‘tkazdi.

Ushbu tumanlardagi Xalq qabulxonalarida o‘tkazilgan tadbirlarda 148 nafar fuqaro qabul qilinib, ularning 21 arizasi nazorat tartibida ko‘rib chiqish uchun, 30 ta ariza o‘rganib chiqish uchun va 4 ta qo‘shimcha shikoyatlar qabul qilindi.

Oliy sud matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, fuqarolar tomonidan bildirilgan murojaatlarning yuzdan ortig‘i sudlar faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan. Shuningdek, sud qarorlari ijrosi, hokimiyat organi va sudya xatti-harakatidan norozilik va boshqa masalalar bo‘yicha ham murojaatlar qayd etilgan. 30 ta masala qabullar chog‘ida ijobiy hal qilindi, 60 nafarga yaqin fuqaroga huquqiy maslahat berildi.

Protsessual qonun talablaridan kelib chiqib, sayyor qabullarda sayyor sud majlislari ham o‘tkazildi. Buning natijasida 31 nafar mahbus jazoni o‘tash joyidan muddatidan oldin ozod qilinib, oilasi bag‘riga qaytarildi. Axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash  va sinov muddatini o‘tayotgan 131 nafar mahkum ham jazodan ozod etildi. 2 nafar sudlanuvchi apellyasiya va kassatsiya instansiyalarida sud zalida qamoqdan ozodlikka chiqarildi hamda 1 nafar sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 70-moddasiga asosan tayinlangan jazodan ozod bo‘ldi.  Oliy sud raisi o‘rinbosari X.Yodgorov viloyatga safari davomida Samarqand shahridagi 10-Mehribonlik uyida ham bo‘lib, muassasa kutubxonasiga huquqiy kitoblar sovg‘a qildi.