Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi abituriyentlarni ogohlikka chaqirdi

Ayni kunlarda oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari uchun tayyorgarlik jarayonlari qizg‘in ketmoqda. Tabiiyki, bu jarayondan unumli foydalanib, pul evaziga biror oliygohga kiritib qo‘yishni va’da qilayotgan shaxslar ham uchramoqda.

Xususan, kuni kecha Toshkent davlat yuridik universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan shaxs ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, fuqaro M.O. boshqa bir fuqaro A.ning ishonchiga kirib, uning jiyanini o‘zining yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali TDYuUga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 10 ming AQSh dollari so‘ragan.

Belgilangan pulni firibgarlik yo‘li bilan olayotganida Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yakkasaroy tumani bo‘limi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, avvalroq Toshkent irrigatsiya institutiga o‘qishga kiritish uchun 5 ming dollar so‘ragan shaxs, Farg‘onada Koreyadagi universitetga imtihonsiz kiritib qo‘yishni va’da qilib, maktab o‘quvchilaridan jami 20 million so‘m olgan shaxslar, Angrenda 3,5 ming dollar evaziga Jismoniy tarbiya universitetiga kiritib qo‘ymoqchi bo‘lgan shaxs ushlangan.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28-, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

"Ota-onalar va abituriyentlarni ogohlikka chaqiramiz! Ogoh bo‘ling, aldanib qolmang! Shu kabi holatlarga qo‘l urishni niyat qilgan shaxslar ham yuqoridagilardan xulosa chiqarishlarini xohlardik. Zero, sizning noqonuniy harakatlaringiz sha’ningiz va ozodligingizga rahna solishiga sababchi bo‘lmasin", deyilgan vazirlik xabar nomasida.