“Olmasangiz, teginmang”: Yana sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlari savdosi haqida
Yaqinda viloyat hokimligida oziq-ovqat do‘konlaridagi sifatsiz mahsulotlar masalasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda ma’lum qilingan joylardagi o‘rganish natijalari quvonarli emas. Do‘konlarda sotilayotgan qalbaki, sifatsiz, muddati o‘tgan mahsulotlar ichida go‘daklar ozuqasi ham borligi achinarli hol.
Tadbirkorning manfaati iste’molchinikidan ustunmi?
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi viloyat hududiy boshqarmasi hamda viloyat iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan o‘tkazilgan monitoring o‘rganish tadbirlarida Samarqand shahridagi 23 ta savdo do‘konida 724 dona, Samarqand tumanidagi 14 ta savdo do‘konida 744 dona, Bulung‘ur tumanidagi 4 ta savdo do‘konida 268 dona, jami qo‘shib hisoblaganda, tumanlardagi 73 ta savdo ob’yektida iste’molchi salomatligi uchun xavfli 2307 dona mahsulot sotib kelingani aniqlangan. Anglaganingizdek, bu hali xamir uchidan patir. Viloyatda yuz minglab shunday do‘konlar bor. Agar yuqoridagi raqamlar asosida mulohaza yuritilsa, har 100 mingta do‘konda 3 milliontaga yaqin iste’molga yaroqsiz mahsulot bor, degan xulosaga kelish mumkin.
Oziq-ovqat do‘konlari tanganing bir tomoni bo‘lsa, bozorlar uning ikkinchi tomoni hisoblanadi. Xalqimizning asosiy qismi haftalik, oylik iste’molga yetadigan mahsulotlarni arzonroq narxda bozorlardan xarid qilishga odatlangan. Xo‘sh, ularda vaziyat qanday, bozor ma’muriyati oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun nima qilyapti? Ayni savolga Samarqand shahri hududidagi dehqon bozorlari misolida javob olishga harakat qildik.
“Siyob dehqon bozori” 1900 tadan ziyod savdo rastasini o‘z ichiga oladi. Iste’molchilar unda kundalik ehtiyoji uchun zarur barcha mahsulotni topishi mumkin. Bozor ma’muriyatining ma’lum qilishicha, tegishli tashkilotlar oyda bir yoki ikki marotaba kelib, hududdagi sanitariya, gigiyena va boshqa talablarning bajarilishi holatini o‘rganib ketadi. Bozorda sifati buzilgan yoki inson salomatligi uchun xavfli mahsulotlar sotilishining oldini olish esa Samarqand shahar hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazi 1-veterinariya sanitariya ekspertiza tahlilxonasiga yuklatilgan.
Tahlilxonadan olgan ma’lumotimizga ko‘ra, ular o‘tgan noyabr oyining o‘zida 5 partiyada 58 kilogramm ikkilamchi mahsulotlar (kalla-pocha), 9 partiyada 273 dona tuxum, 16 partiyada 80 kilogramm sut, 32 partiyada 139 kilogramm (105 bog‘) ko‘kat, 2 partiyada 30 kilogramm poliz mahsulotlari, 2 partiyada 49 kilogramm iste’molga yaroqsiz mol go‘shti sotilishining oldini olgan.
– Ishni erta tongdan, bozorga olib kelingan mahsulotlarni tahlildan o‘tkazishdan boshlaymiz, - deydi tahlilxona mudiri Abduaziz Tursunqulov. – Turli vaziyatlar bo‘ladi, mahsuloti iste’molga yaroqsiz ekanligini bila turib, bozorga olib chiqadiganlar ham ko‘p uchraydi. Bizning vazifamiz ularni to‘xtatib qolib, xalqimizning salomatligini himoya qilish. Bozor hududida faqatgina tegishli ma’lumotnomasi bor mahsulotlarni sotish mumkin.
Buni tekshirib ko‘rish uchun bozorni aylandik. Biz tasodifiy shaklda muloqot qilgan sotuvchilarning barchasida ma’lumotnoma bor edi. E’tiborlisi, hech kim bizning ma’lumotnomani ko‘rsatish haqidagi so‘rovimizdan taajjubga tushgani yo‘q. Aksincha, sotuvchilar o‘z mahsulotining sifatidan ko‘ngli to‘q, demakki, ishida ham unum bo‘ladi. Bu quvonarli hol, albatta. Lekin jarayonda ko‘rgan ba’zi muammolarimizni ham aytib o‘tishimiz kerak.
Birinchidan, bu sifati tez buziladigan ayrim mahsulotlarning, xususan, salatlarning usti ochiq holatda sotilayotganidir. Bozor ma’muriyati buni salat sotuvchilarning joyi aslida boshqa yerda ekanligi, ajratilgan joyda bu turdagi mahsulotlar uchun sovutkichlar berilishi, ammo ular eski joyini o‘zgartirishdan bosh tortayotganligi bilan izohladi. Nazarimizda ma’muriyat bu masalaga jiddiyroq kirishmagan, agar kirishsa, albatta, tartib o‘rnatiladi. Ikkinchi masala, ko‘cha savdosi. Tabiiyki, bu yerdagi “sotuvchi”larda mahsulotining sifatini kafolatlovchi birorta hujjat yo‘q. Mana shu holatda haqiqatan ham bozor ma’muriyatining qo‘li kaltalik qiladi. Sababi, ularda o‘z hududidan tashqarida bo‘layotgan noqonuniy savdoni to‘xtatish vakolati yo‘q. Bozor mas’ulining aytishicha, ular ayni masalada mutasaddi idoralarga bir necha marotaba murojaat qilishgan. Biroq hech kim bu murojaatlarni ijobiy hal qila olmagan. Nazoratsizlik muammoning chuqur ildiz otishiga sabab bo‘lmoqda.
“Temir yo‘l dehqon bozori” Samarqandning markazida joylashgan eng gavjum bozorlardan biri hisoblanadi. Bu yerdagi tartib Siyobdagidan qolishmaydi. Rastalardagi turfa mahsulotlarni ko‘rgan kishining bahri dili ochiladi. Bozor ma’muriyati hududda tartib o‘rnatishga alohida e’tibor qaratilayotganini, tahlilxona mudiri esa mahsulotlar sifati doimiy nazoratda ekanligini bildirdi. Ammo bozorni ko‘zdan kechirish davomida bu yerda ham yuqorida tilga olingan muammolar borligini ko‘rdik. Shuningdek, bozor hududida (rastada emas) sifati noma’lum konserva mahsulotlarini sotayotgan fuqarolarga ko‘zimiz tushdi. Ulardan birining mahsulotini ko‘zdan kechirayotganimizda qarshilikka ham uchradik.
Bu birgina holat emas. Umuman, bozor yoki savdo do‘konlariga xaridor sifatida kirib, biror mahsulotning yorlig‘ini sinchiklab o‘qishni boshlaganingizda, aksariyat sotuvchilarning avzoyi buzilishi, “tekshiruvchimisiz?”, “olmasangiz, teginmang”, deb kayfiyatingizni tushiradiganlar ham borligi kuzatildi. Nima, xaridor oladigan mahsulotini tekshirmasligi kerakmi? O‘ziga berilgan imtiyoz va erkinliklardan barcha tadbirkorlar ham to‘g‘ri foydalanmayapti, axir. Ularni nazorat qilish esa juda qiyin. Bunga bozorlarni o‘rganish davomida yana bir bor amin bo‘ldik. Masalan, do‘kon bozor hududida joylashgan bo‘lsa ham undagi mahsulotlarning sifatini bozor tahlilxonasi nazorat qilmas ekan. “Do‘konlar SESga qaraydi”, deyishdi ular. “SES”dagilar esa biz faqat fuqarolardan murojaat tushsa, tadbirkorlar ombudsmani roziligi bilan tekshirish o‘tkazishimiz mumkin, deydi. Xo‘p, tadbirkorni “tekshir-tekshir”dan himoya qilayotgan ekanmiz, endi iste’molchini ham tadbirkordan himoya qilishning soddaroq tartibini ishlab chiqish kerak, nazarimizda.
Zaharlanish holatlari ko‘paymoqda
Oqibatdan qo‘rqmaydigan tadbirkorlar diqqatiga: Qalbakilashtirilgan, sanitariya-gigiyena va texnologik tartibga rioya etilmagan holda tayyorlangan mahsulotlar turli zaharli moddalar, kimyoviy birikmalar bilan zararlangan yoki kasallik qo‘zg‘atuvchi mikroblar bilan ifloslangan bo‘lishi mumkin. Ular inson organizmiga keng doirada ta’sir etib, asab, endokrin bezlar, yurak qon-tomir kasalliklarini keltirib chiqaradi hamda yurak, buyrak, jigar va nerv tizimi faoliyatini izdan chiqaradi. Yengil holatida ham kasallik qo‘zg‘atuvchi mikroblar o‘tkir oshqozon ichak kasalliklariga va ovqatdan zaharlanishga sabab bo‘ladi.
Viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, keyingi vaqtda aholi o‘rtasida sifatsiz mahsulotlarni iste’mol qilish bilan bog‘liq xastaliklar, xususan, uning eng og‘ir turi hisoblangan botulizm kasalligi ko‘paygan. Birgina joriy yilning o‘tgan 11 oyida qayd etilgan zaharlanish holatlarining 9 tasida 33 nafar fuqaro botulizm bilan og‘rib, shundan 3 nafari olamdan o‘tgan. Omon qolgan fuqarolarda ham kasallik og‘ir asoratlar qoldirgan.
– Aksariyat tadbirkorlik sub’yektlarining chakana savdo qoidalariga rioya etmayotganligi vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda, - deydi boshqarmaning ovqatlanish gigiyenasi bo‘limi mudiri Yusuf Rahimov. – Xususan, insonlarning zaharlanishiga asosan go‘sht, sut, ikkilamchi chorvachilik mahsulotlari, turli xil pishiriqlar, tez buziluvchi oziq-ovqatlarning ko‘cha sharoitida sotilayotganligi, do‘konlarda esa sifatini kafolatlovchi hujjatlari bo‘lmagan, yaroqlilik muddati o‘tgan mahsulotlar savdoga chiqarilayotgani sababdir. Bugun bunday holatni har yerda ko‘rish mumkin. Jarayonda qat’iy tartib ta’minlanmas ekan, aholi salomatligiga tahdid yo‘qolmaydi.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, bugungi sharoitda har kim o‘z salomatligi uchun kurashishi, ayniqsa, oziq-ovqat mahsulotlarini tanlashda o‘ta hushyor bo‘lishi zarur. Jumladan, bozorlar hamda savdo do‘konlaridan oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilishda mahsulotning sifati, yaroqlilik muddati, idishining bejirimligi, yorliqlarining mavjudligiga alohida e’tibor berishi, uning sifatini kafolatlovchi hujjatlarni so‘rab olishi lozim. Sifati, tovar ko‘rinishi buzilgan, tegishli hujjatlari bo‘lmagan, ishlab chiqaruvchisi va ishlab chiqarilgan vaqti ko‘rsatilmagan, uy sharoitida tayyorlangan mahsulotlarni xarid qilmaslik tavsiya etiladi.
Sifatsiz mahsulotni sotgan qamalishi mumkin
“Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 11-moddasida dori vositalari va tibbiy buyumlarda, oziq-ovqat va maishiy kimyo tovarlarida ularning ishlab chiqarilgan sanasi, yaroqlilik muddati hamda saqlash shartlari ko‘rsatilgan bo‘lishi belgilangan. Sotuvchilarga ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan yoki yaroqlilik muddati o‘tgan tovarlarni qabul qilish hamda realizatsiya qilish man etilgan.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 178-moddasiga ko‘ra, yaroqlilik muddati o‘tgan tovarlarni, shuningdek, ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilishi shartligi qonunchilikda nazarda tutilgan tovarlarni ularning ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddatini ko‘rsatmagan holda realizatsiya qilish hamda sotish uchun qabul qilganlik huquqbuzarlik ashyolari musodara qilinishiga va fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa yetti baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solinishiga sabab bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 186-moddasiga asosan, iste’molchilarning hayoti yoki sog‘lig‘i xavfsizligi talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
O‘sha harakatlar badanga o‘rtacha og‘ir yoxud og‘ir shikast yetkazilishiga sabab bo‘lsa, aybdor bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Agar bu harakatlar odam o‘limiga sabab bo‘lsa, u uch yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
– Xorijiy davlatlarda bunday huquqbuzarlik uchun yanada og‘irroq jazo choralari belgilangan, - deydi Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti B.Qozoqov. – Jumladan, Germaniyada sifatsiz mahsulot sotganlik uchun o‘rtacha jarima miqdori 20 ming yevroni, Birlashgan Arab Amirliklarida 25 ming yevroni, Qozog‘istonda 4 million tengeni tashkil etadi. Rossiyada esa ayni huquqbuzarlik uchun 50 ming rubl jarima qo‘llanishi yoki do‘kon faoliyati 90 kungacha to‘xtatib qo‘yilishi mumkin. Aytish joizki, milliy qonunchiligimizda xalqimizning yashash tarzi va boshqa qator omillar inobatga olingan. Lekin bu belgilangan jazo yengilligini anglatmaydi. Unda tadbirkor yoki fuqaroning xatosini qayta takrorlamasligini ta’minlash prinsipi ustunlik qiladi.
Xulosa qilish sizdan. Biz esa mavzuga yana qaytamiz. Shu kunlarda viloyatimizda tegishli ishchi guruhlar tomonidan o‘rganish ishlari davom etmoqda.
Asqar Barotov.
***
Ushbu maqola xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti loyihasi asosida tayyorlandi.