“Olmos” oyoq

1970-1980 yillarda Odessada azaliy zargar Xaim Osipovich Yermolitskiy yashagan. U chet mamlakatga ko‘chib ketishga qaror qilganida, KGB uni 24 soatlik kuzatuv ostiga oladi.

Komitetchilar uning olmoslarni chetga olib ketishiga harakat qilishiga shubha qilishmadi. Chayqov bozoridan qalin taglikdagi poyabzal sotib olganini ko‘rgach, u zargarlik buyumlarini o‘zida yashirishni istayotganini anglashadi va ular haq edi. Uyda Xaim deraza pardalarini yopdi, dastaki drelni olib, poyabzal tagliklariga teshik ochdi, ehtiyotkorlik bilan ularga toshlarni qo‘yib teshiklarni yopib chiqdi. Poyabzalni kiyib xonada yurib ko‘rdi. Olmoslar shu qadar g‘ijirlardiki, chol dahshatdan terlab ketdi. Ularni olib chiqish uchun boshqa reja topolmaganligi sababli qo‘lni siltab: “Nima bo‘lsa bo‘ldi!”, deb qo‘ydi. Umuman olganda, olmoslari uncha ko‘p bo‘lmaganligi sababli, bir juft oyoq kiyimi yetarli bo‘ldi. Ikkinchi juft tuflilarni jiyani Mishaga berdi.

Belgilangan kuni Yermolitskiy dengiz portiga bordi. Hayfa shahriga boradigan paroxod u yerdan jo‘nardi. Misha uni kuzatib qo‘yish uchun chiqdi. Yo‘lda mashinada Xaim juda asabiy edi.

- Bilasanmi, Misha? – dedi u jiyaniga. – Men saksonga kirdim. Bu xazinalarning menga nima keragi bor? Men muqaddas yerni o‘pib, tinchgina o‘lishni xohlayman. Ular hali senga yarab qoladi... Shundan so‘ng u Misha bilan poyabzal almashdi. 

Stansiyada Xaim zudlik bilan oldindan ogohlantirilgan bojxona xodimlariga yo‘naltirildi. Undan muloyimlik bilan poyabzalni yechishni so‘rashdi va yangi poyabzal qismlarga ajratib chiqildi. Ular bu firibgarni Isroilga emas, balki butunlay teskari tomonga yuborishlariga shunchalik amin ediki, hech nima topa olmagandan so‘ng bu muvaffaqiyatsizlikdan hayron qolishdi. Kerakli joyga qo‘ng‘iroq qilib, nima qilish kerakligini so‘rashdi. Ularga chamadon, ko‘ylagi, shim, kerak bo‘lsa kepkasi ichini tekshirishni aytishdi. Buni ham qilib ko‘rishdi – hech narsa yo‘q! Yana kerakli joyga qo‘ng‘iroq – ular bunday bo‘lishi mumkin emasligi va uning “ichini ag‘dar-to‘ntar qilish”ni buyurishdi. Xodimlar uzoq o‘ylamay sho‘rlikni kasalxonaga olib borishdi, u yerda uning oshqozonini yuvib, bir litr suyuqlik ichishga majbur qilishdi, rentgenga ham tushirishdi va yana hech narsa topilmadi. Shundan so‘ng “Ehtimol biz xato qildik, tashvishga tushirganimiz uchun uzr so‘raymiz”, deb qo‘llarini qo‘ltiqqa solib ketishdi. Navbatdagi smenani leytenant Tatyana Lugovskaya tarkibiga kirgan yangi bojxonachilar guruhi qabul qilib oldi. U shaxsiy va ish faoliyati tufayli ancha ruhiy tushkunlikka tushgan 55 yoshli oddiy sovet ayoli edi. Idorada uni Yermolitskiy kutib turardi. Hech narsa kiymagan, aniqrog‘i, faqat ichki kiyim kiygan,  rangi o‘chgan cholni ko‘rib u so‘radi:

- Kim bu?

- Ushlanganlardan biri, - beparvolik bilan javob berdi xodim.

Ayol chol hujjatlarini ko‘rib, undan so‘radi?

- Xaim Osipovich, kiyadigan biror narsangiz bormi?

- Menda bu dahshatlarni ko‘rmaslik uchun faqat o‘lish istagigina bor, - javob berdi chol.

- Sizni biror kishi kuzatib qo‘yayaptimi, – so‘radi bojxonachi.

- Jiyanim, - dedi chol va bu sinov xonasiga kirgan eshik tomon zaif ishora qilib qo‘ydi.

Shunda Tatyana odamlar to‘planib turgan zalga chiqib, ular orasida Xaim Osipovich Yermolitskiyning jiyani to‘g‘risida surishtirdi.

Shu zahotiyoq topildi u.

- Gap shundaki, yaxshi yigit, - dedi Tatyana Nikolayevna. – Menga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra, Xaim Osipovich o‘zining tarixiy vataniga boradigan kostyum va poyabzali yaroqsiz holga keldi. Xavotir olmang, uning o‘zining ahvoli deyarli yaxshi. Faqat ketishidan oldin u kiyinib olishi kerak. 

- Men ustimdagini yechib berishim mumkin, - taklif qildi jiyan.

- O‘zingiz ichki kiyimda qolasizmi?

- Odessa ko‘chalarida ichki kiyimda piyoda yurish – bu odatiy hol, - hozirjavoblik qildi Misha. – Lekin chet elda bu ahvolda kirib borish har tugul uyat bo‘lsa kerak.

- Xo‘sh, keling, bo‘lganini bera qoling, - xo‘rsindi ayol va besh daqiqadan so‘ng Xaim Osipovich jiyani kiygan jinsi shim, yelkasida uchta qizil chiziqli "Adidas" futbolkasi va hayoti davomida tejab qo‘ygan boyliklari joylashgan yangi poyabzalni kiyib chiqdi.  

- Ahvolingiz qalay? – deb so‘radi leytenant Lugovskaya.

- Ancha durust, - qisqagina javob berdi Xaim Osipovich va yo‘lakka qarab yo‘l oldi.

Vadim Yarmolinets.

(Bahora Muhammadiyeva tarjimasi).