Omad keltirmagan "omadli" raqamlar yoki 80 yoshli onaxon nega uyidan ajrab qoldi?

Odatiy kunlarning birida Yozef K. erta tongda uyqudan uyg‘ongach, to‘satdan, o‘zining nimadadir aybdorligi va u hibsga olinishi kerakligini bilib qoladi. Har doimgiday unga nonushta ko‘targan xizmatchi kirishi lozim bo‘lgan eshikdan notanish, qop-qora kiyingan kishi tap tortmay bostirib keladi…

Frans Kafkaning muxlislari bu voqea "Jarayon"ning boshlanishidagi ilk epizod ekanligini anglagan bo‘lsalar kerak. Allaqanday mavhumot bilan boshlangan voqealar rivoji kishini qiziqtirib qo‘yadi. Ammo asarni o‘qiganingiz sayin chalkashlikdan murakkablikka o‘tib borilaveradi. Asar qahramoni "Aybim nima o‘zi?", degan savollar qarshisida qolaveradi, o‘quvchilar ham shu savolga javob izlayveradi.

Ushbu maqolamiz qahramoni ham mana o‘n yildirki, aybi nimada ekanligini anglab yetmagan. Unga ham Kafkaning qahramoni singari kunlarning birida suddan maktub keladi. Aslida maktub unga emas, o‘zi istiqomat qiladigan uyning avvalgi egasi nomiga edi. U bir necha marta bunday maktubni poch­ta orqali qaytarib jo‘natadi. Sababi, 4/44-uyda endi bunday ismli shaxs istiqomat qilmaydi. Ammo qayta-qayta kelavergach, maktubni ochib qaraydi. Shunda… Keling, yaxshisi voqeani bir boshdan bayon qilaylik.

Rumiya Rahmatullayeva hozirda sakson yoshni qoralab qolgan onaxon. Bundan 14 yil avval qariganda qulayroq bo‘lsin, deya Samarqand shahridagi hovlisini sotib, Forobiy ko‘chasidagi 4-uydan 44-xonadonni sotib oldi (buni qarangki, ko‘pchilik bir xil raqamlarni omadli hisoblab, shunga intiladi. Ammo, omad degani raqamlarda emas ekan-da?!). 2006 yildan 2015 yilga qadar shu uyda istiqomat qildi. Lekin yuqorida ta’kidlangan maktub Rumiya opaning qo‘liga 2009 yilda kelib tushadi. Huquqni himoya qilish tizimida ishlagani uchun, ikki-uch bor suddan maktub kelavergach, ko‘nglida shubha paydo bo‘ldi. Nega uning uy manziliga suddan xat kelyapti? Maktubni ochib qarasa, u yerda uyni unga sotgan odam, ya’ni R.Mamedovni Rumiya opa istiqomat qilayotgan uy kimga tegishliligini aniqlash uchun o‘tkaziladigan sudga taklif etilgan xabarnoma ekan. Bu xabar uning boshidan bir chelak sovuq suv quygandek bo‘ldi. Nahotki, u nizoli uyni sotib olgan bo‘lsa? Axir hammasi qonuniy hal etilgan, oldi-sotdi shartnomasi mavjud, notarius tasdiqlagan edi-ku. Nega bunday bo‘lib chiqdi? Rumiya opa sud idoralariga borib, ahvolni o‘rganishga kirishadi. Bilsa, haqiqatan ham o‘zi istiqomat qilayotgan uy masalasida sud ishi ketayotgan ekan. Shundan so‘ng Rumiya opaning tinchi buzildi.

Rumiya Rahmatullayevaning aniqlashicha, 2005 yilda fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining hal qiluv qarori bilan da’vogar Mamedov Rahmon Qambaraliyevichni javobgar Orduxanyan Svetlana Valerovna va Yasyukovich Lyudmila Borisovnalarga nisbatan oldi-sotdi bitimini ha­qiqiy deb topish va uy-joydan chiqarish to‘g‘risidagi da’vosi qanoatlantiriladi. Mamedov Rahmon bilan javobgar Orduxanyan Svetlana Valerevna o‘rtalarida og‘zaki ravishda tuzilgan Samarqand shahar Forobiy ko‘chasi, 4-uy, 44-xonadonning oldi-sotdi bitimi haqiqiy deb topiladi. Shu asos bilan R.Mamedov o‘ziga tegishli bo‘lgan uyni sotuvga qo‘yadi va uni maqolamiz qahramoni, ayni paytda uysiz qolgan Rumiya Rahmatullayevaga sotadi. Shu gapning o‘zi ko‘p savollarga oydinlik kiritadi. Rumiya opa uyni Mamedovdan sotib olgan, Mamedov esa  Orduxanyandan.

Ammo oradan to‘rt yil o‘tgach, uyni yuqoridagi sud qarorida aytilgan fikrga ko‘ra Mamedovga sotgan Orduxanyan yana merosxo‘rman, deya uyini talab qila boshlaydi. O‘zi o‘sha yillariyoq Rossiyaga ko‘chib ketgan bo‘lsa-da, ammo bu yerga kelmagan, uning nomidan shu yerlik advokat ish ko‘radi. Xullas, shu tariqa ketma-ket yana sud ishlari boshlanib ketadi. 2015 yilga kelib fuqarolik ishlari bo‘yicha Jomboy tumanlararo sudi "2006 yil 5 yanvar kuni javobgar Mamedov Rahmon bilan Rahmatullayeva Rumiya o‘rtasida Samar­qand shahar, Forobiy ko‘chasi, 4-uy, 44-xonadon bo‘yicha Samarqand shahar xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi sobiq notarius X.Zokirov tomonidan 26-reyestr raqami bilan rasmiylashtirilgan oldi-sotdi shartnomasi haqiqiy emas, deb topilsin. Javobgar Mamedov Rahmondan javobgar Rahmatullayeva Rumiyaning foydasiga 215000 (ikki yuz o‘n besh ming) so‘m undirilsin. Javobgar Rahmatullayeva Rumiya Aralovna oila a’zolari bilan Samarqand shahar, Forobiy ko‘chasi, 4-uy, 44-xonadondan turar joy bermagan holda majburiy tartibda chiqarilsin", deb qaror qabul qiladi. Bundan avval esa Mamedov va Orduxanyan o‘rtasidagi oldi-sotdi shartnomasi haqiqiy emas, deb topiladi. E’tibor qiling, sud avvaliga uni haqiqiy deb topgan, ammo oradan yillar o‘tib, u bekor qilinyapti. Lekin, bu paytga kelib, uyni insofli bir inson sotib olyapti axir! Qolaversa, u Mamedovdan pul emas, uy olyapti-ku. Uning foydasiga 215 ming so‘m undirilishi nimasi?

Mana, qisqacha voqea izohi. 2015 yilda sud ijrosi amalga oshadi va onaxon o‘zi sotib olgan uydan chiqarib yuboriladi. Shundan beri ijarada sarson yashab kelmoqda. Hozir ijarada yashayotgan uyida sud qarorlari-yu, yozgan shikoyat arizalari katta-katta yig‘ma jildlarga sig‘may ketgan. Qizig‘i, sud qarorlari bir marta to‘liq rossiyalik merosxo‘r tomonga o‘tib ketsa, bir safar 50/50, ya’ni qisman qanoatlantirilgan. Garchi Oliy sudga yozgan murojaatidan so‘ng u yerdan umidli javob kelgan bo‘lsa-da, ammo quyi instansiya baribir negadir yana rossiyalik merosxo‘rning ishonchli vakili tomoniga og‘ib ketadi.

Qizig‘i, 2015 yilda merosxo‘r da’vogarning foydasiga chiqarilgan ajrimdan so‘ng uy bir oyning ichida uch marotaba sotib yuborilgan. Go‘yo, ataylab, endi bu chalkashliklarga hech kim bosh qo‘shmaydi, degan ma’noda qilinganday bu ish. Natija esa… Natijada 2006 yilda ne-ne umidlar bilan, bemalol qarilik gashtini suraman, qulay bo‘ladi, deb ko‘p qavatli uylardan birini sotib olgan Rumiya Rahmatullayeva 80 yoshida idorama-idora sarson yuribdi. U ham Kafkaning qahramoni asar so‘ngida nido qilganday: "Qani U? Qani Oliy sud?", degan jumlalarni million marta takrorlayotir.

Gulruh MO‘MINOVA,

«Zarafshon»ning maxsus muxbiri.