Omonat foizlari karantin sharoitida ham to‘lab beriladi

Mijoz bankdagi omonatiga hisoblangan foiz mablag‘i yoki omonat mablag‘ini karantin paytida ham olishi mumkinmi?

R.HAYITOV,

Samarqand shahri.

– Bu borada cheklov mavjud emas. Mijoz bankka kelib omonat bo‘yicha to‘lovlarini o‘zi uchun qulay shaklda (naqd, naqdsiz) olishi mumkin.

Shu bilan birga joriy yilning 30 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining mijozlarga masofaviy tizimlar orqali xizmat ko‘rsatish borasidagi ko‘rsatmasiga muvofiq, tijorat banklari tomonidan bu borada yangi xizmat shakl va usullari amaliyotga joriy etilayotganligini ma’lum qilamiz. “Aziya alyansbank”, “Aloqabank”, “Invest finans bank”, “Kapitalbank” omonat va foiz mablag‘larini mijozlarning ushbu banklarda ochilgan kartalariga o‘tkazib bermoqda.

“Qishloq qurilish bank” esa bugundan omonat va foiz mablag‘larini to‘lashning quyidagi usulini joriy etdi:

- mijoz bankga bormasdan ariza yozadi, arizada o‘z plastik kartochkasi rekvizitini ko‘rsatadi;

- ariza va omonat daftarchasi rasmini telegram orqali bankning omonat bo‘limi raqamiga yuboradi;

- bank xodimi mijozning mablag‘ini arizada keltirilgan rekvizit bo‘yicha yuboradi.

Bu boradagi xizmat usullarini joriy etish bo‘yicha barcha banklarda amaliy ishlar olib borilmoqda.

Hurmatli mijoz! Omonat shartnomangizda keltirilgan telefon raqami orqali Sizga xizmat ko‘rsatuvchi bankka bog‘laning va moliya muassasasiga bormagan holda omonat mablag‘ingizni o‘z kartangizga o‘tkazish bo‘yicha murojaat qiling.

Savolga Markaziy bankning Samarqand viloyati bosh boshqarmasi naqd pul muomalasini tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i F.Ahmedov javob berdi.